Vikipediya:Qoʻgʻirchoq
![]() | Bu sahifa oʻzbekcha Vikipediya qoidalarining bir qismidir. Unga barcha ishtirokchilar amal qilishi lozim. Bu sahifaga oʻzgarishlar kiritishdan avval boshqa foydalanuvchilar bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. |
![]() | Qisqacha: Umuman olganda, bir foydalanuvchi — bir hisob tamoyiliga amal qilish kerak. Bir nechta hisobdan gʻarazli maqsadlarda foydalanmang. |


Bir nechta hisoblaridan notoʻgʻri maqsadlarda foydalanishni Vikipediyada „qoʻgʻirchoqbozlik“ yoki „qoʻgʻirchoq hisoblar“ deyiladi. Hisobdorlikni saqlash va jamoatchilik ishonchini oshirish maqsadida, foydalanuvchilardan odatda faqat bitta hisobdan foydalanish talab etiladi. Bir nechta hisobni yuritishning ayrim asosli sabablari mavjud boʻlsa-da, boshqa foydalanuvchilarni aldash yoki chalgʻitish, munozaralarni izdan chiqarish, umumiy fikrni buzish, jazo choralaridan qochish, chetlashtirishdan qutulish yoki boshqa yoʻllar bilan hamjamiyat mezonlari va qoidalarini buzish uchun bir nechta hisobdan foydalanish maqbul emas.
„Qoʻgʻirchoq“ quyidagi shakllarda namoyon boʻladi:
- Vikipediyani IP manzildan buzish yoki chetlashtirish va taqiqdan qochish uchun tizimdan chiqib matn kiritish
- Aniqlashdan yoki jazo choralaridan qochish, shuningdek chetlashtishdan qutulish uchun yangi hisoblar ochish yoki IP manzillarni tez-tez oʻzgartirish
- Boshqa shaxsning hisobidan foydalanish (piggybacking)
- Uzoq vaqt ishlatilmagan eski hisoblarni (baʼzan „sleeper“ deb ataladi) qayta faollashtirish va ularni boshqa foydalanuvchilar sifatida koʻrsatish
- Bir nechta foydalanuvchilarni bahsning bir tomonini qoʻllab-quvvatlash maqsadida hisoblar yaratishga undash (odatda „meatpuppetry“ deb ataladi)
Bir nechta hisoblardan notoʻgʻri foydalanish boshqa foydalanuvchilar ishonchini jiddiy ravishda buzadi. Bu quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:
- bir-biriga aloqador barcha hisoblarning chetlashtirilishi
- hisoblar ortidagi foydalanuvchining (asosiy hisob egasi yoki qoʻshimcha hisoblarni boshqaruvchining) chetlashtirilishi (har bir hisob qoʻshimcha hisob sanaladi)
- Vikipediya va uning qardosh loyihalari boʻylab foydalanilgan barcha hisoblar va IP-manzillar oshkor etiladi
- kelajakda qoʻshimcha hisoblardan foydalanish yoki boshqa suiisteʼmolliklarning oldini olish uchun zarur deb topilgan har qanday „real hayotdagi“ faoliyat yoki shaxsiy maʼlumotlarning (ehtimoliy) jamoatchilikka oshkor qilinishi.
Foydalanuvchi har bir hisobi haqida oʻz foydalanuvchi sahifasida yozgan boʻlishi kerak (pastga qarang). Ixtiyoriy ravishda, baʼzi hisoblarning foydalanuvchi va munozara sahifalari boshqa foydalanuvchilarnikiga yoʻnaltirilishi mumkin. Bogʻlanmagan muqobil hisoblardan foydalanadigan foydalanuvchilar maqolalar yoki mavzular boʻyicha har qanday nizodan ehtiyot boʻlishlari kerak. Tahrirlash, vikifikatsiya qilish yoki tilga ulash kabi zararsiz ishlar ham baʼzi hollarda soxtalashtirish deb hisoblanishi mumkin.
Muqobil hisoblardan nomunosib tarzda foydalanish
tahrirFoydalanuvchilar chalgʻitish, aldash, konsensusga putur yetkazish uchun muqobil hisoblardan foydalanmasliklari kerak. Bularga quyidagilar kiradi (barcha holatlar keltirilmagan):
- Qoʻllov taassurotini yaratish: Hisoblardan biror qarash uchun qoʻllovni amalda mavjud boʻlganidan koʻproq qilib koʻrsatish uchun foydalanish.
- Ichki muhokamalarda ovozlarni koʻpaytirish: Oshkor etilmagan muqobil hisoblar muayyan vaziyatlardan tashqari loyihaning ichki muhokamalarida ishlatilmasligi kerak. Oshkor etilmagan legitim muqobil hisobga bevosita taʼsir qiladigan loyiha muhokamasida qatnashishga ruxsat beriladi.
- Aylanib oʻtish. Siyosatlar har bir hisobga emas, balki har bir shaxsga nisbatan tatbiq etiladi. Uch marta qaytarish qoidasi kabi siyosatlar har bir shaxsning barcha hisobidan qilgan tahrirlarini oʻz ichiga oladi. Qoidalarni buzish yoki chetlab oʻtish uchun ikkinchi hisobdan foydalanish jazolar har ikkala hisob uchun ham tatbiq qilinishiga olib keladi.
- „Somon odam“ (inglizcha: straw man) qoʻgʻirchoq hisoblari: Jamoa fikrini bir tomonga ogʻdirish maqsadida muammoning ikkinchi tomonini ataylab mantiqsiz, kamsituvchi tarzda muhokama qilish uchun alohida hisob yaratish.
- Chetlatishlar va taqiqlarni chetlab oʻtish: Taqiq hisoblarga emas, balki shaxslar sifatida individual foydalanuvchilarga nisbatan qoʻllanadi (istisno holatlar belgilanmagan boʻlsa). Ikkinchi hisobdan amaldagi chetlashtirish, hamjamiyat qoʻllagan chetlashtirish yoki boshqa chorani chetlab oʻtish qoʻshimcha choralarga olib keladi, jumladan, hissalaringiz bekor qilinishi mumkin. Qarang: Vikipediya:Chetlashtirish qoidalari.
- Bitta sahifa yoki munozaraga bir vaqtda bir nechta hisob bilan hissa qoʻshish: Foydalanuvchilar bitta sahifa yoki munozarada bir nechta hisobdan xuddi alohida-alohida shaxslardek qatnashmasligi kerak. Ochiqchasiga bir-biriga bogʻlangan, legitim muqobil hisoblar bilan bitta sahifaga hissa qoʻshish (masalan, asosiy va koʻpchilik ishlatadigan kompyuterda foydalanadigan hisobingiz bilan bitta sahifani tahrirlash yoki bot hisobingiz tahrirlagan sahifani asosiy hisobingizdan foydalangan holda tahrirlash) taqiqlanmagan.
- Tekshiruvdan qochish: Toʻliq va ochiq oshkor etilmagan muqobil hisoblardan foydalanish boshqa foydalanuvchilar hissalaringizdagi oʻzgachaliklarni aniqlay olmasligini anglatadi. Muayyan holatlarda bunga ruxsat berilsa-da (masalan, muqobil hisoblardan legitim foydalanish haqidagi boʻlimga qarang), hissalaringizni tekshirishdan manfaatdor boʻlishi mumkin boʻlgan foydalanuvchilarni chalgʻitish yoki aldash uchun muqobil hisoblarni yaratish ushbu siyosatni buzish hisoblanadi.
- „Yaxshi qoʻl“ va „yomon qoʻl“ („oq“ va „qora“) hisoblar: Bir hisobdan konstruktiv hissa qoʻshish, ikkinchisidan esa buzgʻunchi tahrirlar qilish.
- Adashtirish maqsadida tizimdan chiqqan holda tahrirlash: Bir nechta IP-manzil ostida tahrirlash yoki nomlangan hisob ostida ham, IP-adresdan ham tahrirlash, aldov yoʻli bilan yoki ushbu siyosat tamoyillarini boshqacha tarzda buzgan holda amalga oshirilganda, bir nechta hisob ostida tahrirlash bilan bir xil darajadagi qoidabuzarlik sifatida koʻrilishi mumkin. Foydalanuvchilar xatolik tufayli tizimdan chiqib ketib tahrir qilsa, tushunmovchiliklar oldini olish uchun revizorlarga aloqaga chiqishlari mumkin.
- „Yangi sahifadan boshlash“ tamoyilidan notoʻgʻri foydalanish: Hisoblarni almashtirish yoki yangi sahifadan boshlash niyatini tekshiruvdan qochadigan tarzda amalga oshirish ushbu siyosatni buzish hisoblanadi.
- Birgalikda qoʻllanadigan hisoblar: Hisob orqali qilingan tahrirlar sizni shaxs sifatida ifodalagani sababli, „vazifa hisoblari“ yoki bir nechta odam tomonidan birgalikda foydalaniladigan hisoblar (umuman olganda) taqiqlanadi va chetlatiladi. Koʻplab yangi foydalanuvchilar hisob biror vazifani bajarish yoki birgalikda foydalaniladigan hisob ekanligini anglatuvchi foydalanuvchi nom bilan roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Bunday hisoblarga faqat hisob maʼlumotlari doimiy ravishda bitta shaxs foydalanadigan boʻlsagina ruxsat beriladi. Biroq, foydalanuvchi nomlarining chalgʻituvchi yoki buzgʻunchi boʻlishidan saqlanish tavsiya etiladi. Shu sababli agar tashkilot uchun tahrir qilsangiz, bu muammolarning oldini oladigan nom yoki muqobil nom tanlang. Buning uchun Vikipediyaning foydalanuvchi nomi siyosati sahifasiga qarang. Elektron pochtaga kirish huquqini taʼminlash uchun tasdiqlangan, tahrirlamaydigan hisoblar, Vikimedia Jamgʻarmasi tomonidan tasdiqlangan hisoblar va bir nechta boshqaruvchilarga ega tasdiqlangan botlar istisno boʻla oladi. Buning uchun hisoblarni ulashish boʻlimiga qarang.
- Aldov yoʻli bilan jamoa ishonchini qozonishga intilish. Avval boshqa hisob ostida tahrirlaganingizni yoki muqobil hisobdan ham foydalanayotganingizni oshkor qilmasdan turib, foydalanuvchi huquqlariga nomzodingizni qoʻyishingiz mumkin emas. Administratorlik jamiyatning hisobga emas, balki shaxsga boʻlgan ishonchini aks ettiradi. Shuning uchun administratorlikka soʻrov berishda siz oʻtmishdagi hisoblar va/yoki joriy muqobil hisoblarni ochiq oshkor qilishingiz yoki agar hisoblar maxfiy saqlanishi kerak boʻlsa, Arbitraj qoʻmitasiga elektron pochta orqali xabar yuborishingiz kerak. Oʻtmishdagi muqobil hisoblarni oshkor qilmagan administratorlar (ayniqsa, ularni ochiqlash administratorlik soʻrovi natijasiga taʼsir koʻrsatadigan boʻlsa) huquqlaridan mahrum qilinishlari mumkin.
- Bittadan ortiq administrator hisobidan foydalanish: Administratorlar faqat bitta hisobdan foydalanishi kerak. Administrator imtiyozlariga ega botlar bundan mustasno. Biroq, Vikimedia Jamgʻarmasi xodimlari bir nechta administrator hisoblarini boshqarishi mumkin. Bunda ular kim ekanliklarini maʼlum qilishlari kerak. Agar administrator loyihani tark etib, yangi foydalanuvchi nomi bilan qaytib kelsa va administratorlikka nomzod boʻlsa, u eski akkauntining administratorlik huquqidan voz kechishi kerak.
- Oʻzini betaraf yoki aloqasiz sharhlovchi qilib koʻrsatish: Ayni shaxsga tegishli boshqa hisob yonini olish uchun munozarada qatnashish.
Qoidaga muvofiq foydalanish
tahrirMuqobil hisoblardan legitim tarzda foydalanish ham mumkin. Masalan, haqiqiy ismidan foydalanib hissa qoʻshadigan foydalanuvchilar muayyan mavzularda haqiqiy ismlarini oshkor qilgan holda tahrir qilishni istamagani uchun taxallusdan foydalanib, hissa qoʻshishini istashi mumkin. Yoki tajribali foydalanuvchilar tahrirlash tajribasini yangi foydalanuvchi nuqtayi nazaridan yaxshiroq tushunish uchun yangi hisob yaratishlari mumkin. Ushbu hisoblar qoʻgʻirchoq hisoblar hisoblanmaydi. Agar muqobil hisobdan foydalansangiz, uni ushbu siyosatni buzib, gʻarazli maqsadda ishlatmasligingizni taʼminlash sizning zimmangizdadir. Muqobil hisobni toʻgʻri yuritish (hatto ushbu siyosatda keltirilgan sababga koʻra ham) hisoblarning bir-biriga ochiq ulanishiga toʻsqinlik qilmaydi. Oshkor etilmagan muqobil hisoblardan tahrir qiladiganlar riskni oʻz boʻyinlariga olib, ushbu loyihaning normal jarayoniga qarshi tarzda ish yuritadilar.
Muqobil hisobdan legitim foydalanish sabablariga quyidagilar kiradi:
- Xavfsizlik: Vikipediyaga umumiy foydalanishdagi kompyuter orqali kirishda, himoyalanmagan tarmoqqa ulanishda yoki hisobingiz buzilishi xavfi mavjud boʻlgan boshqa holatlarda foydalanish uchun muqobil hisob ochishingiz mumkin. Bunday hisoblar asosiy hisob bilan ochiq bogʻlangan boʻlishi yoki oson aniqlanadigan nomdan iborat boʻlishi kerak. Masalan, Foydalanuvchi:Falonchi hisobi Foydalanuvchi:Falonchi (muq) yoki Foydalanuvchi:Pistavonchiyev hisobidan foydalanishi hamda ushbu hisobning foydalanuvchi va munozara sahifalarini asosiy hisobiga yoʻnaltirishi mumkin.
- Maxfiylik: Oilaviy, ijtimoiy yoki kasbiy doirada juda munozarali boʻlsa, Vikipediya foydalanuvchisi esa shu doirada maʼlum boʻlsa yoki haqiqiy shaxsiyatini aniqlash mumkin boʻlsa, maqolani tahrirlashi ortidan taʼqibga uchrash yoki yomon oqibatlaridan qochish uchun muqobil hisobdan foydalanishi mumkin. Maxfiylikka asoslangan muqobil hisob asosiy hisobingizga ulanmagan boʻlsa-da, undan ushbu sahifaning nomaqbul maqsadlarda foydalanish boʻlimida keltirilgan usullarda foydalanilmasligi kerak. Agar shunday boʻlsa, bu hisob asosiy hisobingizga ochiqchasiga ulanishi mumkin. Agar ushbu qoidaga muvofiq muqobil hisobdan foydalanishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, quyidagi bu haqda bildirish boʻlimi bilan tanishing.
- Doppelganger hisoblar: Doppelganger hisobi bu asosiy hisobingizga oʻxshash foydalanuvchi nomiga ega, boshqalar oʻzini siz qilib koʻrsatishning oldini olishga moʻljallangan hisobdir. Bunday hisoblardan tahrirlash maqsadida foydalanish mumkin emas. Bunday hisoblar {{doppelganger}} andozasi bilan belgilanishi yoki toʻgʻridan-toʻgʻri asosiy hisobning foydalanuvchi sahifasiga yoʻnaltirilishi mumkin.
- Boshqa tildagi qardosh loyihalarni tahrirlash uchun ishlatiladigan taxalluslar: SUL endilikda vikimediachilardan turli loyihalarni tahrirlash uchun turli hisoblarni roʻyxatdan oʻtkazishni talab qilmasa-da, boshqa skriptda yozilgan qardosh loyihani tahrirlash uchun alohida hisobga ega boʻlishni istagan foydalanuvchilar shunday yoʻl tutishlari mumkin. Boshqa akkaunt inglizcha Vikipediyada doppelganger sifatida koʻrilishi kerak va aksincha. Bu hisoblar aloqani koʻrsatish uchun {{User Alias}} tegi bilan belgilanishi mumkin.
- Yangi foydalanuvchi nomi bilan yangi sahifadan boshlash: Foydalanuvchi yangi sahifadan boshlash uchun eski hisobni ishlatmay qoʻyishi mumkin. Bunga odatda oldingi xatolar yoki taʼqibdan qochish turtki boʻladi. Eski akkauntga nisbatan faol taqiqlar, chetlatishlar mavjud boʻlmagan taqdirdagina yangidan boshlashga ruxsat beriladi. Yangi hisobdan muayyan mavzular, bahs-munozaralar, tahrirlash odatlari yoki ilgari muammoli deb topilgan xatti-harakatlarga qaytmang va tekshiruvdan qochishga urinishga oʻxshashi mumkin boʻlgan biror harakatga qoʻl urmang. Yangi sahifadan boshlash uchun eski hisob(lar)ingizdan ortiq foydalanmasligingiz kerak. Eski hisoblarda foydalanuvchi faol emasligini qayd qilishi kerak (masalan, {{retired}} tegi bilan).
- Foydalanuvchi nomining nomaqbulligi: Agar nomaqbul foydalanuvchi nomi uchun chetlashtirilgan boʻlsangiz va bu chetlashtirishning yagona sababi boʻlsa, sizga munozarali boʻlmagan nom bilan yangi hisob yaratishga ruxsat beriladi.
- Buzib kirilgan hisoblar: Agar parolingizni yoʻqotganingiz yoki kimdir parolingizni oʻzgartirganligi sababli hisobingizga kira olmasangiz, yangi parol bilan yangi hisob yaratishingiz mumkin. Bunday holda siz har bir hisobning foydalanuvchi sahifasida ular bir shaxsning muqobil hisoblari ekanligini koʻrsatadigan eslatmani joylashtirishingiz kerak. Agar kerak boʻlsa, administratordan buzilgan hisobni bloklashni ham soʻrashingiz kerak. Bunday holatlar juda oz sodir boʻlsa-da, oldini olish maqsadida oldidan sahifangizga {{Committed identity}} andozasini joylashingiz mumkin.
- Hazilomuz hisoblar: Hamjamiyat baʼzi bir hazilomuz nomlarga ruxsat beradi. Masalan, en:User:Lady Catherine Rollbacker-de Burgh (the Late) hisobi.
- Texnik sabablar:
- Texnik xizmat koʻrsatish: Foydalanuvchi texnik xizmat koʻrsatish vazifalarini bajarish yoki maʼlum maqsadlarga bagʻishlangan foydalanuvchi munozara sahifasini yuritib, funksiyalarni ajratish uchun muqobil hisobdan foydalanishi mumkin. Ikkinchi hisob asosiy hisob bilan aniq bogʻlangan boʻlishi kerak.
- Botlar: Botlar avtomatik yoki yarim avtomatik tarzda tahrirlaydigan dasturlardir. Botlardan foydalanadigan tahrirchilarga alohida hisoblar yaratish tavsiya etiladi va ularni Vikipediya:Bot statusiga soʻrovlar orqali bot hisoblari sifatida tasdiqlash soʻraladi. Shunda avtomatik tahrirlar soʻnggi oʻzgarishlardan filtrlanishi mumkin. Botlar oʻz egasining hisobi bilan aniq bogʻlangan boʻlishi kerak. Vikipediya:Bot sahifasiga qarang.
- Sinov va oʻqitish uchun: Koʻp skriptlar va boshqa vositalardan foydalanadigan foydalanuvchilar boshqalarga narsalar qanday koʻrinishini tekshirish uchun ikkinchi, yangi hisobni ochishlari mumkin; yoki yangi foydalanuvchilarni oʻqitishda Vikipediyaning standart koʻrinishini namoyish etish uchun. Ikkinchi hisob asosiy hisob bilan aniq bogʻlangan boʻlishi kerak, agar bu test yoki mashgʻulotlarga xalaqit bermasa.
- Ikki bosqichli himoya yoqilgan foydalanuvchilar: Ikki bosqichli himoya yoqilgan foydalanuvchilar ayrim brauzerlardan tizimga kira olmasligi mumkin. Bunday foydalanuvchilar Username (phone) yoki Username (mobile) kabi ikkinchi va ulangan hisob yaratishi mumkin.
- Belgilangan vazifalar uchun: Muayyan vazifalarga ega bo‘lgan foydalanuvchilar, masalan, viki-rezidentlar yoki Vikimedia jamg‘armasi xodimlari o‘z vazifalari uchun maxsus hisoblarga ega bo‘lishlari mumkin. E’tibor bering, hisob vazifaning o‘ziga emas, balki shaxsga tegishli bo‘ladi va shunga ko‘ra nomlanishi lozim. Masalan, Foydalanuvchi:Foydalanuvchi nomi (Falon muzey viki-rezidenti) maqbul muqobil hisob sanaladi, ammo Foydalanuvchi:Falon muzey viki-rezidenti bunday emas, chunki nomda vazifa koʻrsatilgan xolos. Nomlar bir xil bo‘lishi shart emas, lekin hisoblar o‘zaro bog‘langan bo‘lishi kerak. Agar muharrir vazifani tark etsa, uning vazifa hisobi boshqa ishlatilmasligi kerak. Agar yangi foydalanuvchi bu vazifani o‘z zimmasiga olsa, u yangi hisob yaratishi shart.
- Taʼlim: Oʻqituvchilar va talabalar uy vazifalari uchun asosiy hisoblariga ulanishi shart boʻlmagan alohida hisob yaratishga chorlanadilar. Hisob orqali faqat vazifada toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻlgan sahifalarda tahrir qilish kerak.
Muqobil hisoblar haqida har doim foydalanuvchi sahifasida maʼlumot berilishi kerak (agar bunday qilish hisob yaratishdan koʻzlangan maqsadga zid boʻlmasa). Buning uchun {{User alternative account}} yoki tegishli foydalanuvchi qutilaridan foydalanish mumkin.
Hisobdan chiqilgan holda tahrirlash
tahrirHisobidan chiqilgan holda ensiklopediyani tahrirlaydigan shaxsga nisbatan hech qanday siyosat yoʻq. Bu holat koʻplab sabablarga koʻra sodir boʻladi. Jumladan, kirish seansining tugaganini payqamaslik, kompyuterlarni almashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri havoladan Vikipediya sahifasiga oʻtish va parollarni unutish. Hisobga kirmagan foydalanuvchilar boshqa foydalanuvchilarni aldashga urinmasligi kerak. Masalan, toʻgʻridan-toʻgʻri hisobingiz yoʻqligini aytish yoki ushbu siyosatda avvalroq koʻrsatilgan muqobil hisoblardan notoʻgʻri foydalanish uchun seansdan foydalanish. Maxfiyligini himoya qilish uchun hisobdan chiqish paytida tahrirlagan foydalanuvchilar hech qachon oʻz foydalanuvchi nomlarini viki ichidagi IP-manzillariga ulashlari shart emas.
Agar IP-manzildan tahrir qilgan foydalanuvchi aslida hisobidan chiqilgan holda nomaqbul tarzda tahrirlayotgan hisobli foydalanuvchi ekanidan shubhalansangiz, munozarasiga ushbu siyosat haqida bildirishnoma yuborishingiz mumkin ({{subst:uw-login}} shu maqsadda mavjud). Agar xatti-harakat davom etsa, CheckUserga maxfiy ravishda murojaat qilishingiz va ularga dalillarni taqdim etishingiz kerak.
Muqobil hisob bildirishnomasi
tahrirAgar bunday qilish qonuniy muqobil hisobga ega boʻlish maqsadida boʻlsa, muqobil hisoblardan foydalanadigan foydalanuvchilar hisoblar oʻrtasidagi havolalarni taqdim etishlari kerak. Havolalar quyidagi uchala koʻrinishda boʻlishi maqsadga muvofiq:
- Foydalanuvchi nomidagi oʻxshashliklar (masalan, Example – Example public yoki Example bot boʻlishi mumkin).
- Asosiy va qoʻshimcha hisob foydalanuvchi sahifalaridagi havolalar, maxsus yaratilgan foydalanuvchi qutisi andozalaridan foydalangan holda. Qoʻshimcha hisobni asosiy hisobga bogʻlash uchun asosiy hisobdan foydalanish kerak. Har qanday ikkilamchi hisoblarni {{User alternative account}} (asosiy hisobdan foydalanish uning haqiqiyligini koʻrsatadi), yoki agar hisob umumiy kompyuterlarda xavfsizlikni taʼminlash uchun ishlatilayotgan boʻlsa, {{Public user}} bilan belgilang. Asosiy hisob {{User alternative account name}} bilan belgilanishi mumkin.
- Qoʻshimcha hisob imzosidagi havolalar: agar qoʻshimcha va asosiy hisoblarga havola boʻlmasa, qoʻshimcha hisobga havola bering va zarur boʻlsa, u yerda asosiy hisob orqali bogʻlanishni soʻrab, eslatma qoldiring yoki foydalanuvchining munozara sahifasini toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltiring.
Maxfiylik sabablariga koʻra bir nechta akkauntga ega boʻlgan foydalanuvchilar, agar ularning tahrirlarida tekshiruv eʼtiborini tortishi mumkin deb hisoblasalar, Arbitraj qoʻmitasiga xabar berishlari lozim. Bahsli mavzularni koʻp tahrir qiladigan foydalanuvchilar, yagona maqsadli hisoblarni yurituvchilar va administrator boʻlishni rejalashtirgan foydalanuvchilar, garchi ularning tahrirlash xatti-harakatlari muammoli boʻlmasa yoki ozgina muammoli boʻlsa ham, eʼtiborni jalb qiladigan foydalanuvchilar guruhiga kiradi. Shuni taʼkidlash joizki, bunday xabarnomalarni yuborish foydalanuvchini hech qanday tarzda himoya qilmaydi yoki unga ushbu qoidani boshqacha tarzda buzishga ruxsat bermaydi. Asosiy hisob va muqobil hisob oʻrtasidagi chegarani toʻgʻri saqlash toʻliq foydalanuvchining mas’uliyatidir. Agar bogʻliqlik aniqlansa, oldindan xabar berish „qamoqdan ozod qiluvchi karta“ boʻlib xizmat qilmaydi. Foydalanuvchilar, agar bogʻliqlik viki ichida aniqlansa, tekshiruvchilar yoki hakamlar uni yashirish uchun harakat qilishini kutmasliklari kerak. Tekshiruvchilar oshkor qilingan hisoblarni nazorat qilmaydilar. Bu ham toʻlaligicha foydalanuvchining zimmasida. Hisobdan voz kechgan va yangidan tahrirlayotgan foydalanuvchilar toza boshlash siyosatiga rioya qilishi shart.
Mitpappet
tahrirQisqacha: Vikipediyaga kelish va bahsda sizning tomoningizni qoʻllab-quvvatlash uchun doʻstlaringiz, oila aʼzolaringiz yoki siz bilan hamfikr boʻlgan odamlarni jalb qilmang. Agar munozara sizning ovozingizni eʼtiborsiz qoldirayotganini his qilsangiz, hotirjamlikni saqlang va boshqa vikipediyachilardan izohlar soʻrang yoki nizolarni hal qilishga harakat qiling. Bular yaxshi sinalgan jarayonlar boʻlib, bir yoʻnalishga yon bosish muammosidan qochish uchun moʻljallangan. |
Vikipediyadagi shov-shuvli bahslar koʻpincha yangi foydalanuvchilarni jalb qiladi. Baʼzi odamlar bahsga hamfikr foydalanuvchilarni jalb qilish orqali oʻz maqsadlarini ilgari surishlari mumkin, jumladan, vikidan tashqari yordamni jalb qilish orqali. Ushbu foydalanuvchilar baʼzan Internetdan foydalanish odatiga koʻra jonli qoʻgʻirchoqlar (mitpappet) deb ataladi. Vikipediya, yangi foydalanuvchilar uchun vijdonli boʻlishni talab qiladi. Vikipediyada yangi hisoblar yoki foydalanuvchilarni faol jalb qilish yoki Vikipediyadagi qarorlarga taʼsir qilish uchun hisob yaratish, anonim ravishda tahrirlash uchun odamlarni (vikida yoki undan tashqarida) yollash taqiqlanadi. Xuddi shu kontekstda boshqa foydalanuvchi bilan bir xil xatti-harakatlarni amalga oshiradigan va faqat shu maqsadda Vikipediyani tahrirlayotganga oʻxshaydigan yangi foydalanuvchi oʻz xatti-harakatlariga qoʻshilgan foydalanuvchiga nisbatan choralariga qoʻllaniladi. Vikipediyada doimiy ravishda mustaqil fikr yuritmagan, aynan bir yoki bir nechta foydalanuvchiga yon bosadigan foydalanuvchilarga nisbatan taqiqlar qoʻllaniladi.
Vikipediyada bir maqsadli foydalanuvchilar oqimining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun quyidagi choralar mavjud:
- Bahs va munozaralarda yakdil qaror ovozlar soniga emas, balki foydalanuvchilar tomonidan bildirilgan qoida va siyosatga oid fikrlarga asoslanishi lozim.
- Ovoz berish yoki shunga oʻxshash munozaralarda yangi foydalanuvchilarning fikri eʼtiborga olinmasligi yoki ularga sezilarli darajada kamroq ahamiyat berilishi mumkin, ayniqsa ularning koʻpchiligi bir xil fikrni bildirsa. Ularning izohlariga muhokamadan tashqari kam yoki umuman tahrir qilmaganligi haqida eslatma ilova qilinishi mumkin.
- 2005-yilda Arbitraj qoʻmitasi quyidagi qarorni qabul qilgan: „nizolarni hal qilishda, agar biror tomon qoʻgʻirchoq hisoblar bilan bitta foydalanuvchi yoki oʻxshash tahrirlash uslubiga ega bir nechta foydalanuvchi ekanligi aniq boʻlsa, ular qoʻgʻirchoq hisoblar bilan bitta foydalanuvchi sifatida qaralishi mumkin.“
„Jonli qoʻgʻirchoq“ atamasi baʼzilar tomonidan haqoratli deb qabul qilinishi mumkin. Shuning uchun uni muloyimlik qoidalariga muvofiq ehtiyotkorlik bilan qoʻllash lozim. Kimnidir toʻgʻridan-toʻgʻri „jonli qoʻgʻirchoq“ deb ayblash samarasiz boʻlishi mumkin va bu koʻpincha bahsni yanada keskinlashtiradi.
Ulashilgan IP-manzil
tahrirAgar ikki va undan ortiq roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar bir xil kompyuter yoki tarmoqqa ulansa, ularning hisoblari CheckUser tomonidan bir kishi sifatida gumonlanishi mumkin. Ularga oʻz foydalanuvchi sahifalarida bunday holatlarni koʻrsatish tavsiya etiladi. Shunda ular qoʻgʻirchoqbozlikda gumonlanmaydilar. Buning uchun maxsus foydalanuvchi qutisi mavjud: {{User shared IP address}}.
Shu bilan bir qatorda, foydalanuvchi Arbitraj qoʻmitasiga elektron pochta orqali ushbu holatni maʼlum qilishi mumkin. Foydalanuvchi sahifangizda „Men IP’ni boshqa foydalanuvchi bilan ulashaman, qoʻshimcha maʼlumot olish uchun Arbitraj qoʻmitasi bilan bogʻlaning“ degan noaniq eslatma yaxshi fikr boʻlishi mumkin. Shuni ham yodda tutingki, bularning hech biri qoʻgʻirchoqbozlik uchun kart-blansh emas.
Yaqindan bir-birini tanigan foydalanuvchilar, agar ular bir xil maqsadlarda tahrir qilsalar, bitta foydalanuvchi deb hisoblanishi mumkin. Bir xil maqolalarni tahrirlashda, bir xil hamjamiyat muhokamasida ishtirok etishda yoki har qanday turdagi bahsda bir-birini qoʻllab-quvvatlashda, yaqin aloqador hisoblar aloqani oshkor qilishi va xuddi bitta hisob boʻlgani kabi tahrirlash urushi kabi tegishli siyosatlarga rioya qilishi kerak. Agar ular bogʻliqlikni oshkor qilishni istamasalar, bir xil sohalarda, xususan, munozarali mavzularda tahrir qilishdan qochishlari kerak.
Shubhali qoʻgʻirchoqlar boʻyicha choralar
tahrirQoʻgʻirchoq tekshiruvlari
tahrirVikipediya:Qoʻgʻirchoq belgilari inshosida bir hisob qoʻgʻirchoq boʻlishi mumkin boʻlgan baʼzi alomatlar keltirilgan. Agar kimdir qoʻgʻirchoq hosob yoki jonli qoʻgʻirchoqdan foydalanayotganiga ishonch hosil qilsangiz, Vikipediya:Foydalanuvchilarni tekshirish sahifasida hisobot yaratishingiz lozim. Shubhali qoʻgʻirchoq haqida xabar berishda, shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilishda Vikipediya:Foydalanuvchilarni taʼqib qilmang qoidalariga qatʼiy rioya qilishingiz shart. Faqat hisoblar tekshirishga arziydigan, yetarli dalillar mavjud boʻlgandagina amalga oshirilishi lozim.
Foydalanuvchilarni tekshirish
tahrirFoydalanuvchilarni tekshirish huquqiga ega boʻlgan tahrirchilar qaysi IP-manzillar qaysi foydalanuvchi hisoblari bilan bogʻliqligini koʻrish uchun server jurnalini tekshirishlari mumkin. Foydalanuvchilarni tekshirish vositasi ikki hisob oʻrtasida aloqa yoʻqligini aniq tasdiqlay olmaydi. U faqat tekshiruv paytida texnik bogʻlanish mavjudligini koʻrsatishi mumkin. Vikimedia Jamgʻarmasining maxfiylik va foydalanuvchilarni tekshirish siyosatlariga muvofiq, tekshiruvlar faqat asosli sabablarga koʻra oʻtkaziladi. Ushbu qoidalardagi istisnolarga rioya qilgan holda, natijalar shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilmaslikka qaratilgan tarzda xabar qilinadi. Ayniqsa, „baliq ovlash“ – yaʼni, muayyan foydalanuvchi hisobiga oid asosli sababsiz foydalanuvchilarni tekshirish vositalaridan foydalanish qatʼiyan man etiladi.
Chetlashtirish siyosati
tahrirAgar shaxs qoʻgʻirchoqdan foydalanayotgani aniqlansa, qoʻgʻirchoq hisob(lar)ini chetlashtirish kerak. Asosiy hisob administratorning xohishiga koʻra chetlashtirilishi mumkin. Qoʻgʻirchoqbozlik uchun ishlatiladigan IP manzillar bloklanishi mumkin.
Butunlay chetlashtirish
tahrirFoydalanuvchilarni tekshiruvchi tomonidan har qanday sababga koʻra faol boʻlgan dastlabki chetlashtirishdan keyin kamida ikki marta qoʻgʻirchoqbozlik bilan shugʻullanganligi tasdiqlangan foydalanuvchilarni Vikimedia hamjamiyati loyihalaridan butunlay chetlashtiriladi.
Murojaatlar uchun yaratilgan hisoblar roʻyxati
tahrir- Ichki elektron pochtalar bilan oson bogʻlanish imkonini beruvchi, tahrir bilan shugʻullanmaydigan hisoblar:
- Boshqa hisoblar
Havolalar
tahrirVikiomborda Qoʻgʻirchoq haqida turkum mavjud |