Adabiy asarlar va taqrizlar

Alanga ichidagi ayol 

Suad O‘z qishlog‘imning turlicha odatlari bor. Hammada ham bo‘lsa kerak. Hayratlanarli jihati yo‘q, lekin ushbu asardagi odatlarni o‘qib ayol ekanimga yig‘ladim,odatlarni qoraladim. Qanday qilib bu darajada, xurmatsizlik bo‘lishi mumkin. Axir, erkak so‘zninig lug‘aviy ma‘nosi ayollarni kamsituvchi,uruvchi,haq-huquqlarni poymol qiluvchi deganni anglatmaydi. Ayol so‘zi esa, jabrlansa ham, jim yuradigan, o‘z muhabbatini o‘zi o‘ldiradigan degan ma‘noni anglatmaydi-ku! Ayolsanmi demak,sen xo‘rlikka mahkumsan degich mazlumlarning haliyam bor ekanligi tashvishga soladi meni... Nahotki,onalar farzandi qiz tug‘ilsa, o‘ldirib yuboradi yoki katta qilib o‘ldirtirib yuboradi. Asarning o‘qilishi oson bo‘lganigami ikki soat ichida tugatdim-u boshimdagi kuchli og‘riqqa qarshi dori ichdim. Ko‘zimga uyqu kelmadi... Qo‘rqdim. Suad, bechoraginam, nimaga bizning yurtda tug‘ilmading? Sen chekkan dardni o‘zimda his qilish tugul,hatto o‘qiganimda ham qiynaldim... Bu qishloq qanday qishloq ekanki, bosh ko‘tarib yursa ham sharmanda deyiladi, qizlar o‘n beshida turmush qurmasa ham "qari qiz" bo‘lib qoladi. Hatto ayollar vafot etsa,hayvon o‘lganchalik qadr qilinmaydi. Chunki, hayvonlar ko‘proq foyda beradi. Masalan, sut beradi... Biroq ayollarni hayvondan past ko‘rishga nima sabab bo‘ldi ekan? Hayotingizni tasavvur qila olmaysiz,hurmatli erkaklar. Meni eng qiynagan jihati,asar avtobiografik, bo‘lib o‘tgan. Haqiqatdan, shu qishloq,uning odatlari bor. Suad haqida gapirsam, uni tiriklayin yoqib yuborishadi. Onasi ham,otasi ham, yaqinlari ham indamaydi,rozi bo‘ladilar. Hech bo‘lmasa, ona o‘z jigarbandini qanday qilib, tiriklayin o‘ldiradi.( bu qishloqning onalari-qotil). Muahabbat ham o‘yinchoqdek gap, bir kun u qizga ko‘nglingni ochasan,bir kun bu qizga... tuyg‘ular shunchalik qadrsizlandimi?! Suad va opasiga ko‘rsatilgan zulmlar,jamiyatda ayolning mavqeyi past ekanligi odamni o‘yga toldiradi. Alhamdulillah. Suad olov ichidan tirik chiqadi. Hatto shifokorlarning unga qaragisi kelmaydi. Ota-ona allaqachon undan kechib yuborishgan. Hali yosh bo‘lishiga qaramay boshiga tushgan kulfatlar uni charchatib qo‘ydi. Umri uzoq ekan, uni tanimagan bir inson qutqarib qoldi. Hayotga qaytdi. Go‘yo Maruan bilan birga tug‘ildi. O‘z farzandini onadan uzoq bo‘lishi qiyin bo‘lsa kerak. Suad juda ko‘p narsalardan cheklandi: o‘g‘lini katta qilishdan ham. U yana kimnidir sevib qola oladimi, uni shu holicha qabul qiladigan inson topiladimi? Yo‘q deb o‘ylagandim. Uni shu holatida ham qabul qila oladigan inson bor ekan. Ba‘zida farzandlaridan, ular bergan savollardan uyalgan,qizlarining sinfdoshlaridan uyalgan ona o‘zida JASORAT topa oldi. O‘tmishini yashirmadi. Baxtini topdi. Uni baxtsiz qilganlar esa, yana kimlarni baxtdan judo qilmoqda ekanlar-a?! Insof bersin! Suad tirik qoldi,ammo o‘n gulidan bir guli ochilmay so‘lgan, umri xazon bo‘lganlar qancha... Johiliya davri ba‘zi qishloqlarda yo‘q bo‘lguncha kurashmoqni istayman. Zero, Suadlar qayta tug‘ilmasin,azoblanmasin,inson ekanini unutib yubormasin.

Shohsanam Omonova