Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvonsaroyi

(Xalqaro madaniyat karvonsaroyidan yoʻnaltirildi)

Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvonsaroyi — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining ilmiy maʼrifiy markazi.

Asosiy kirish
A bino. Foyye.
Kutubxona

O‘zbekiston – Yaponiya: O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 26 yanvarda Yaponiya davlati bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan edi. Ikkala mamlakat o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mana shunday do‘stlik va tinchlik aloqalari xalqlarni yanada yaqinlashtirib kelmoqda. Hozirda ko‘pchilik Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufidagi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyini Ikuo Xirayama nomida deb bilishadi. Aslida esa mana shu maskanni O‘zbekiston–Yaponiya madaniy aloqalarining yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan, davlat arbobi va ijodkor, rassom Ikuo Xirayama o‘z mablag‘iga qurdirgan.

Umumiy ko'rinish
A bino. Kichik ko'rgazmalar zali.

Ikuo Xirayama 1930 yil 15 iyunda Yaponiyaning Xirosima shahridagi “Ikuchi - jima” kichik orolda tug‘ilgan.

Ikuo Xirayama taxminan 40 yil davomida rafiqasi Michiko Xirayama bilan Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab 150 marta sayohat qilgan  va ko‘plab asarlar yaratgan.

Yapon rassomi Ikuo Xirayama 1968 yilning avgust oyida O‘zbekistonga ilk bor sayohat qilgandayoq, qadimgi Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan bu o‘lkaning  madaniyati unda katta qiziqish uyg‘otgan edi. Rassom Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi islom me’morchiligiga xos bo‘lgan bino va inshootlar, manzaralar, go‘zal shaharlarni tomosha qilib, ularni qog‘ozda tasvirlagan. Shuningdek, mana shu shaharlarda yashovchi turli yoshdagi odamlarni bir qancha asarlarida aks ettirgan.

Xalqaro Madaniyat Karvon Saroyi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 13 maydagi 321- F farmoyishi va O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining 2004 yil 20 maydagi I-99 sonli buyrug‘iga asosan tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. Karimovning “Buyuk Ipak Yo‘li”ni tiklashda ko‘rsatgan tashabbuslari hamda yaponiyalik rassom, Tokio milliy musiqa va san’ati universitetining rektori Ikuo Xirayama O‘zbekistonning tasviriy va amaliy san’atiga qiziqishi tufayli “Buyuk Ipak Yo‘li”ni tiklash maqsadida Toshkentda “Madaniyat karvon saroyi” ni barpo etdi. Ikuo Xirayama “Xalqaro Madaniyat Karvon Saroyi”ning qurilishida shaxsan homiylik qildi. O‘zbekistonning uzoq yillik tarixi Yapon rassomining qiziqishini yanada oshirib, bir qancha arxeologik ekspeditsiyalarga ham homiylik qildi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. Karimovning Yaponiya davlatiga qilgan safaridan so‘ng Yaponiyaning bir qancha muzeylarida “Buyuk Ipak Yo‘li” mavzusidagi ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tdi.

B bino. Katta ko'rgazmalar zali.

Xalqaro Madaniyat Karvon Saroyi – Buyuk Ipak  Yo‘lining markazi deya e’tirof qilinadi, O‘zbekistonning boy madaniy, tarixiy merosini topish, o‘rganish, tadqiq qilish, xalqimiz va dunyo jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etishni o‘zining asosiy faoliyati etib belgilagan. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish o‘zbek-yapon madaniy aloqalarning ramzi sifatida tashkil etilgan.

B bino. Katta ko'rgazmalar zali.

Hozirda “madaniyat karvon saroyi” O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi qoshidagi tashkilot sifatida O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlarini barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Ushbu tashkilot davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu yerda har yili ko‘plab xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rgazmalar, seminar va konferensiyalar o‘tkaziladi.

Ikuo Xirayama xizmatlari uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan “Toshkent shahrining faxriy fuqarosi” unvoniga sazovor bo‘lgan. “Madaniyat karvon saroyi” ni tashkil qilayotganda rassom maskan haqida shunday fikrlarni bayon qiladi:

“Arxologik izlanishlar, ko‘rgazmalarni tashkil qilishni asosiy maqsad qilib, madaniyat va san’atga intilayotgan butun dunyo yoshlari tashrif buyuradigan, chegarasiz madaniy almashuv qila oladigan markaz, xalqaro almashinuvning tayanchi bo‘lib qoladi ”.

B bino. Foyye.

Karvon saroy hovlisida do‘stlik bog‘i tashkil etilgan. Tinchlik ramzi sifatida o‘rnatilgan “Xirosima toshi” yaponiyadagi atom bombasi oqibatlarini yodga solib turadi.

Kutubxona

tahrir

Xalqaro Madaniyat Karvon Saroyi o‘z faoliyatini boshlagan kundan boshlab  boy kutubxona tashkil qilingan. Kutubxonaning 60 foiz kitoblari yaponiyalik rassom Ikuo Xirayama shaxsan o‘zi sovg‘a qilgan. Ushbu kitoblar turli mavzularda bo‘lib,  asosan tasviriy va amaliy san’atga doir. Kutubxonada Armaniston elchixonasi, Gyote Instituti, UNESCO tashkiloti,  SOKA Universiteti, ACCU konferensiyasi ishtirokchilari (arxeologlar) tomonidan hamda arxeologiyani rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shgan ko‘ngilli arxeologlar tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar ham mavjud.

Hamkorlikdagi loyihalar

tahrir
 
B bino. Muzey ekspozitsiyasi.

Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi O‘zbekiston—Yaponiya diplomatik aloqalari o‘rnatilganligining 20 yilligiga bag‘ishlab ko‘plab tadbirlar uyushtirdi. Ana shunday tadbirlardan biri “Ikuo Xirayama – O‘zbekiston, Yaponiya va Buyuk Ipak Yo‘lida san’ati va hayoti” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi 1-qismining ochilish marosimi Toshkent shahridagi  Yoshlar ijod saroyida tashkil qilindi. Tadbirda O‘zbekistondagi Yaponiyaning favqulodda va muxtor elchisi Yo. Kuroda, Ikuo Xirayama Buyuk ipak yo‘li muzeyi direktori M. Xirayama, YUNЕSKOning Kamakuradagi bo‘limi direktori Sato va boshqalar ishtirok etdi.  Ushbu ko‘rgazmaning 2-qismining ochilish marosimi O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Ikuo Xirayama  Xalqaro madaniyat karvon saroyida tashkil qilindi. Tadbir davomida  Ikuo Xirayama Buyuk Ipak Yo‘li muzeyi direktori, I. Xirayamaning rafiqasi  M. Xirayama bilan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi akademiklari, OAV xodimlari, Toshkent shahri ahli bilan  uchrashdi va turli mavzularda suhbatlashdi. Shuningdek, tadbir yakunida Ikuo Xirayama byustini ishlash bo‘yicha tanlov natijalari yakunlandi va g‘olib e’lon qilindi.

Poytaxtimizda har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Tasviriy va amaliy san’at festivali” san’at ixlosmandlarining chinakam bayramiga aylanib ketadi.  Festival doirasida muntazam o‘tkaziladigan  “Yaponiya madaniyati va san’ati taqdimoti” da o‘zbekistonlik va xorijiy mehmonlarga kunchiqar davlat madaniyati va san’ati namoyish qilinadi. Jumladan, X. Utagavaning “Edoning 100 mashhur manzaralari” fotoko‘rgazmasi, kalligrafiya ya’ni xattotlik, origami, kirielar bo‘yicha mahorat oshirish darslari, yaponlarning milliy kiyimi  kimono ko‘rgazmasi va namoyishi, an’anaviy yapon choy ichish marosimi kabilar yapon mutaxassislari  yordamida amalga oshiriladi.

“Yaponiya madaniyati va san’ati taqdimoti” da namoyish qilingan ushbu ko‘rgazmalar Samarqand shahrida ham o‘tkazildi. Ko‘rgazmada tadbir ishtirokchilari yapon “Onsen odori” raqsi, origami va grattaj bo‘yicha mahorat oshirish darslarida  ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek,  Nukus shahrida uch yil mobaynida “Yaponiya madaniyati kunlari” o‘tkazildi.

Yaponiyaning ana’naviy sirlash san’ati va shag‘am bilan rasm solish bo‘yicha mahorat oshirish darslari Markaziy Yevrosiyo klubi Gunma Bosh kotibi Yasuko Gotova va  grattaj ustasi Yoshiko Sayto hamkorligida har yili tashkil qilinadi. Mahorat darslarida K. Behzod Milliy rassomlik va dizayn instituti va Davlat Sharqshunoslik institutining Yapon tili kafedrasida ta’lim olayotgan talabalar grattaj va badiiy sirlashning yapon maktabining texnikasi bilan tanishishdi.

Shuningdek, ushbu darslar Respublika rassomlik kollejida ham tashkil qilindi va grattaj bo‘yicha mutaxassis Yoshiko Sayto san’atning ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy texnikasi va erishilgan yutuqlari bilan tanishtirib o‘tdi. Bu kabi mahorat oshirish darslarining tashkil qilinishi yoshlarimizga jahon standartiga xos talablar hamda san’at turlarini o‘rganishiga yordam beradi.

Bunday tadbirlar nafaqat yurtimizda, balki, Yaponiyada ham tashkil qilinadi. Albatta, bunda yurtimiz urf-odatlari va an’analariga xos bo‘lgan tadbirlar uyushtiriladi. O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, Yaponiyadagi O‘zbekiston elchixonasi, Markaziy Yevrosiyo klubi Gunma va Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi hamkorligida har yili Yaponiyada yurtimizning boy madaniy merosini targ‘ibot qilish maqsadida Yaponiyaning Gunma viloyatining Mayebashi shahrida “O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari” tashkil qilinadi. Haftalik davomida yurtimizning milliy kiyimlari, ovqatlari, an’anaviy kuy va raqslari, shuningdek, rassomlarimiz Shoiraxon Qo‘ziyeva, Aleksandr Tyurin va Erkin Jo‘rayevlarning asarlari ko‘rgazmalari  namoyish qilingan.

“O‘zbekiston xonatlasi va adrasi yaponiyaliklar nigohida” ko‘rgazmasi o‘zbekistonliklar uchun katta bayramga aylanib ketdi. Yapon ustalari tomonidan atlas va adrasdan foydalanib tayyorlangan rang-barang kiyimlar ko‘rgazmada namoyish qilindi.

Ko‘rgazma xonatlasdan turli-tuman buyumlar tayyorlash imkoniyatlarini namoyish qilish orqali Farg‘ona vodiysi ipakchilarining daromadlarini oshirish maqsadiga qaratilgan edi. Mazkur ko‘rgazma Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan tashkil qilingan hamda Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiya universiteti bilan birgalikda o‘tkaziladigan “Farg‘onada ipakchilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlarning qo‘shimcha daromadlarini oshirish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazma tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Toshkentdagi JICA vakolatxonasi, Toshkentdagi JETRO vakolatxonasi, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiya universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi hamkorligida o‘tkazildi.

Keyingi yillarda yurtimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilot - Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2015 yilda O‘zbekistondagi faoliyatining 15 yilligiga bag‘ishlangan “Ezgulikka oshufta dillar” nomli fotoko‘rgazma va mahorat oshirish darslari tashkil qilindi. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko‘ngillilari ishtirokida Yaponiya madaniyati bo‘yicha mahorat oshirish darslari (ikebana, sumie, kirie, origami, xattotlik, kimono, choy marosimi, yapon milliy o‘yinlari hamda tibbiy ko‘rik) o‘tkazildi. Shu yili 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “SANVIKT” Nogiron bolalar ilmiy – tadqiqot markazi va Qo‘qon shahridagi “Iqtidor” nogiron bolalar markazi “Orzulari bir olam qalblar” nomli ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Ko‘rgazma doirasida imkoniyati cheklangan bolalar uchun yapon madaniyati bo‘yicha mahorat oshirish darslari (origami, yapon milliy o‘yinlar, hattotlik san’ati, badiiy aplikatsiya, kimono va x.k.) o‘tkazildi.

Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi tomonidan har yili yozda maktab va dam olish oromgohlarida katta ko‘lamda Yaponiya madaniyati va san’atini targ‘ibot qilish borasida ishlar olib boriladi. Masalan, Toshkent shahridagi 91-maktab qoshidagi bolalar yozgi oromgohida  “Tanishing Yaponiya” mavzusidagi ma’ruza,  XMKS klassik vokal to‘garagining konsert dasturi va mamlakatshunoslik saboqlari, “Gulbahor” bolalar yozgi oromgohida  Xiroshige Utagava va Kunisada Utagavalarning rangli ksilografiya ko‘rgazmasi, yapon tili asoslari hamda  qog‘ozda turli xil buyumlar yasash san’ati – origami bo‘yicha mahorat oshirish darslari tashkil qilindi.

Har yili 1945 yil 6 va 9 avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlari fojiasi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan Tinchlik ramzi sifatida o‘rnatilgan “Xirosima toshi” yoniga gulchambar qo‘yish marosimi o‘tkaziladi. Yaponiyada ro‘y bergan zilzila va sunami oqibatida qurbonlarga bag‘ishlangan “Toxoku hududi: yorqin kelajak uchun tiklanish” fotoko‘rgazmasi Uzbekistondagi Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Ko‘rgazma 2 qismdan iborat b-b, 1-qismi sunamining oqibatlariga bag‘ishlangan. 2-qismda Yaponiya Toxoku viloyatining madaniyati aks ettirilgan.

Madaniy merosni saqlash

tahrir

Arxeologiya – tarixning bir qismi: Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida hozirda 1300ga yaqin arxeologik topilmalar saqlanadi. Surxondaryoning ko‘plab yodgorliklari va Toshkent viloyatida topilgan ushbu topilmalar tarixdan suylaydi.       Kampirtepada 2005 - 2006 yillarda yaponiyalik arxeologlar –professor  Xago Mitsura va Kiota shahridagi San’at va Dizayn institutining professori  Xiroaki Furusho, 2010 yilda Qorabog‘ va Dalvirzintepada Osaka universitetining etnologiya muzeyi professori Kodzo Kato bilan birgalikdagi arxeologik izlanishlar olib borilgan. 2010-2012 yillarda esa Qorshavultepada yapon ekspeditsiyasi rahbari Xiroaki Furusho bilan arxeologik topilmalar topilgan.

Har yili  “Arxeologiya ustaxonasi” mahorat oshirish darslari yetakchi yapon arxeologlari bilan hamkorlikda XMKSda O‘zbekiston Oliy va O‘rta ta’lim muassaslarining talabalari uchun arxeologiya fani yo‘nalishi bo‘yicha uzluksiz davom etib kelmoqda. 2 hafta davomida mahorat darslari nazariy va amaliy tarzda to‘rt yo‘nalishlarda olib boriladi: devoriy suratlarni konservatsiyalash, topilmalarni o‘lchash va chizish, arxeologiya qazishma ishlari nazariyasi, arxeologiya tarixi va asosiy uslublari.

Ikki yil mobaynida ushbu mahorat oshirish darslari Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan Qarshovultepada amaliy tarzda olib borildi.  Yapon mutaxassislarining yurtimiz tarixiga qiziqishi va o‘rganishi, qolaversa, yosh mutaxassislarga o‘rgatishi O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tibor natijasidir.

Madaniy tadbirlar

tahrir

Xalqaro Toshkent Zamonaviy san’at Biyennalesi loyihalari taqdimoti, O‘zbekiston Tasviriy san’at Galereyasida o‘tkazilgan “Yapon kitobi san’ati”, Yapon qo‘g‘irchoklari va gravyuralari ko‘rgazmalari markazning boshqa tashkilotlar bilan ham uzviy aloqada ekanini bildiradi. O‘zbekiston - Yaponiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalar mustaqillik yillarimizning boshidanoq davom etib kelmoqda. Ikkala davlat o‘rtasidagi yana bir yaqinlikning ya’ni  Yaponiyaning mashhur yozuvchisi Yasusi Inouening “G‘arb o‘lkasi haqidagi xotiralar” kitobi taqdimoti buning yana bir isboti.. Kitob iste’dodli tarjimon Mariya Kobijayeva tomonidan uch yil mobaynida rus tiliga tarjima qildi va nashr qildirdi.

Uzoq yillik mehnatlar natijasi bois 2012 va 2019 yillarda Yaponiya Tashqi ishlar vazirining Faxriy Yorlig‘ini Ikuo Xirayama Xalqaro Madaniyat karvon saroyi direktori F. Usmonovga Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchilari topshirishdi va markazning faoliyatiga yuqori baho berdilar.

Xalqaro madaniyat karvon saroyi  qoshidagi “Buyuk ipak yo‘li navolari” klassik vokal guruhining 2010 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Yurtimizda yashayotgan xorijlik turli soha vakillari ushbu guruhning faol ishtirokchilari. Ayniqsa, yapon va koreys millatiga mansub  havaskorlar zo‘r ishtiyoq bilan buyuk ipak yo‘li kuy va qo‘shiqlarini o‘rganib kelishmoqda.  Guruhga A. Navoiy nomli O‘zbek Davlat Akademik Katta  teatrining solisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shukur G‘afurov boshchilik qiladi. Guruh har yili ikki marotaba konsert dasturlarini uyushtiradi va o‘tkazadi.

Har ikki yilda o‘tkaziladigan “Toshkent quvonchlari” Xalqaro bolalar rasmlari  Biyennalesini Ikuo Xirayama Xalqaro Madaniyat karvon saroyi ikkinchi bor o‘tkazdi. Biyennalening yuqori saviyada tashkil qilinishi va o‘tkazilishida markazning malakali xodimlarining ishtiroki tahsinga sazovor.

O‘zbekiston-Koreya: XMKSda nafaqat yaponiyaliklar bilan birga, balki, boshqa davlatlar bilan hamkorlikdagi loyihalar amalga oshiriladi.

2013 yil KPRAning 11 nafar a’zolari O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, XMKS va Toshkent turistik kompaniyasi-“Great Silk Road tourism” ko‘magida o‘zlarining 60 dan ortiq ishlarini poytaxtimiz san’at ixlosmandlariga namoyish etishdi. Ushbu ko‘rgazma bu safar koreys rassomlari ijodining eng go‘zal qirralarini o‘zida namoyon etdi, rassomlar atrofimizni o‘rab turgan va doimo o‘zgarib turuvchi dunyoni tasviriy syujetlar orqali turli mavzularda ifodalagan.

2014 yilning 2 aprelida Xalqaro madaniyat karvon saroyida Koreya Tasviriy san’at uyushmasining “Ijodning 8 yili va ramzi” ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi. Koreya tasviriy san’at uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasi a’zolarining 300 ga yaqin tasviriy san’at namunalari katta va kichik zallarda namoyish etildi.

2019 yilda Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi ikkinchi bor Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.

Xulosa qilib aytganda, Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi 2004-2008 yillarda har yili 30 – 40ta tadbir o‘tkazgan bo‘lsa, hozirda ko‘rgazma va tadbirlar soni yiliga 70tani tashkil etmoqda. Raqamlardan ham ko‘rinadiki, markaz yildan – yilga ish ko‘lamini oshirib bormoqda. Do‘stlik va madaniy aloqalarni tiklashda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi oldida katta vazifalar turibdi.