Xaltsidlar (Chalcidoidea) -pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlarning katta oilasi. 27 oila, 8 mingga yaqin turi mavjud. Tanasining uzunligi 1-3 (ayrimlariniki 10)mm. Rangi yashil, qora yoki sariq boʻlib, tovlanadi. Moʻylovi kamida 15 boʻgʻimdan iborat. Old yelka, odatda, qisqa, qanot qopqogʻiga yetmaydi. Oʻrta yelkasi baʼzan boʻylama egatli. Xaltsid turli hasharotlar – koksidlar, oʻsimlik bitlari (shiralar), ikki qanotlilar va boshqalarning ichki yoki tashqi parazitlari. Xaltsid orasida ikkilamchi parazitlar, yaʼni foydali birlamchi parazitni nobud qiladigan parazitning parazitlari (oʻta parazitlari) ham bor. Lichinkalari parazitlik qilib yashaydi. Rivojlanishning turli fazasidagi hasharotlar xoʻjayinlik vazifasini oʻtaydi. Parazit, odatda, xoʻjayinga tuxum qoʻyadi. Mavsumda 7 avlod beradi. Xaltsiddan koʻpgina qishloq xoʻjaligi zararkunanda hasharotlariga qarshi biologik kurashda foydalaniladi. Ayniqsa, Xaltsiddan afelinus va trixogramma katta amaliy ahamiyatga ega.