Xarakter – adabiyot va sanʼat asarlarida xususiy belgilari mukammal tasvirlangan va oʻzida feʼl-atvor (xatti-harakat, kechinma, fikriy va nutqiy faoliyat)ning tarixan aniq tipini mujassamlantirgan, shuningdek, muallifning maʼnaviy estetik konsepsiyasini ifodalagan inson obrazi. Badiiy xarakter umumiy (takrorlanuvchi) va xususiy (takrorlanmaydigan); obyektiv (badiiy xarakterga proobraz boʻlib xizmat qilgan kishi hayotining ijtimoiy-psixologik asoslari) va subyektiv (proobrazning muallif tomonidan idrok va talkin etilgan) belgilarning oʻzaro uyushgan hosilasidir. Adabiyot va sanʼat asarlaridagi xarakter tushunchasi falsafa, sotsiologiya va psixologiyadagi ayni tushunchadan inson obrazining konsepsiyaviyligi bilan ajralib turadi.

Xarakter tushunchasi ilk marta Yunonistonda, badiiy ijod ruhiy madaniyatdan ajralib chiqqan bir davrda paydo boʻlgan. Xarakterning antik davrda ifodalagan mazmuni uning hozirgi talqinidan keskin farq qilgan. "…Shoirlar ishtirokchilarning xarakterlarini tasvirlash uchun ularni asarga olib kirishmaydi, – deb yozgan edi Aristotel „Sheʼriyat sanʼati toʻgʻrisida“gi risolasida, – balki ularning xatti-harakatlari orqali xarakterlarini ham (asar doirasiga) jalb etishadi". Antik davr tragediyasida ham inson obrazi (xarakter) emas, balki voqea asar gʻoyasini ifodalab kelgan va muhim badiiy obraz xisoblangan; personajlar asardagi muayyan badiiy vaziyatda oʻynagan roli bilan bir-biridan farqlangan.

Personaj xarakterining mustaqil gʻoyaviy-badiiy ahamiyatga ega ekanligi antik davrdayoq anglashila boshladi. Chunonchi, Plutarx „Parallel hayotnomalar“ asarida qahramonlarni ular „taqdir“i va xarakteriga koʻra oʻzaro qiyoslagan. „Xarakter“ atamasining bunday 2 xil maʼnoda qoʻllanishi XVII asrgacha davom etib keldi. Adabiyot va sanʼatning keyingi rivojlanishi natijasida xarakter fabuladyan, asar syujetidan tamomila ajralib chikdi.

Uzoq davom etgan tarixiy-adabiy jarayonda Uygʻonish va klassitsizm davrlari alohida ajralib turadi. Uygʻonish davrida xarakter xulq-atvorning muayyan belgilaridan forigʻ boʻlib, umuminsoniy hodisa sifatida namoyon boʻla boshladi. U nafaqat antik davr va oʻrta asr uchun muhim boʻlgan madaniylik va yovvoyilik, diniy eʼtiqod va eʼtiqodsizlik singari oʻzaro qarama-qarshi belgilardan, balki turli ruhoniy sifatlardan ham xoli boʻlib bordi. Uygʻonish davri qahramonlarining xarakterida harakatchanlik, oʻzgaruvchanlik koʻzga yaqqol tashlandi. Klassitsizm xarakterning yana avvalgi statik holatiga qaytdi va ayni paytda diqqat-eʼtiborini shaxsning ongiga – „burch“ bilan „koʻngil“ning ikkisidan birini tanlash masalasiga qaratdi. Romantizm esa xarakterni shaxsning ichki olami bilan mushtarak boʻlgan hodisa sifatida talqin etdi. XIX asrda tansidiy realizmttt maydonga kelishi bilan xarakter shaxs bilan jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatning uzviy birligi sifatida uzil-kesil shakllandi.

Adabiyot va sanʼat asarlarida qahramon shaxsining tashqi va ichki moxiyati uning xarakterini belgilaydi hamda bu qahramon xarakteri muallifning va boshqa personajlarning u haqdagi tavsifnomalari, shuningdek, syujet rivojidagi oʻrni va roli bilan inkishof etiladi. Masalan, Abdulla Qodiriyning „Oʻtgan kunlar“ romanidagi Otabek xarakteri, bir tomondan, yozuvchi bilan birga margʻilonlik birodarlarning tavsifnomalari, baholari, munosabatlari, ikkinchi tomondan, mazkur qahramonning asar syujetida, voqealar rivojida oʻynagan roli orqali aniq qirralar kasb etadi. Shu fikr romandagi boshqa yetakchi qahramonlar xarakteriga ham oiddir.

Adabiyot va sanʼat asarlarida tasvirlangan qahramonlar har doim ham xarakter darajasiga koʻtarila bermaydi. xarakter, obrazdan farqli oʻlaroq, yozuvchidan katta mahoratni, qahramonning muayyan tarixiy-ijtimoiy va madaniy-maʼrifiy sharoitdagi oʻziga xos oʻrni va xususiy belgilarini teran ochishni taqozo etadi. Shu maʼnoda epik janrlar yozuvchiga qahramon xarakterini yorqin yaratish imkonini beradi. Masalan, M. Sholoxovning „Inson takdiri“ hikoyasida murakkab va mashaqqatli hayot yoʻlini bosib oʻtgan, ammo shunga qaramay, oʻzining ezgu insoniy fazilatlariga gard ham yuqtirmagan Sokolov xarakteri katta mahorat bilan yaratilgan. Bunday holni Gʻafur Gʻulomning „Mening oʻgʻrigina bolam“, „Hasan Kayfiy“, Abdulla Qahhorning „Oʻgʻri“, „Anor“ kabi hikoyalarida ham uchratish mumkin.

Har bir milliy adabiyotning boyligi qahramonlar xarakterining rang-barangligi bilan ham belgilanadi. Agar Abdulla Qodiriy oʻzbek adabiyotiga Otabek va Kumush, Yusufbek hoji va Oʻzbek oyim singari oʻz siymosida oʻzbek xalqi tarixining muayyan tarixiy davrini va shu xalqning muayyan katlamini ifodalagan xarakterlarni olib kirgan boʻlsa, Oybek XX asr boshlarida yashagan Yoʻlchi, Gulnor, Shoqosim, Qoratoy, Yormat singari XX asr boshlarida yashagan mehnatkashlarning rang-barang tiplari bilan boyitdi („Qutlugʻ qon“), Navoiy, Husayn Boyqaro, Nizomulmulk, Majididdin singari tarixiy, Sultonmurod, Zayniddin, Toʻgʻonbek singari toʻqima qahramonlar xarakterini kashf etdi („Navoiy“). Shunday oʻziga xos xarakterlar Shayxzoda, Mirtemir, S. Abdulla, M. Osim, R. Fayziy, O. Yokubov, P. Qodirov, Sh. Xolmirzayev kabi yozuvchilar ijodida ham koʻplab uchraydi.

Badiiy kashfiyot darajasiga kutarilgan xarakter, ijobiy yoki salbiy mohiyatga ega boʻlishidan qatʼi nazar, har bir adabiyotning badiiy boyligini tashkil etib, oʻzi mansub boʻlgan xalqning milliy xarakterini, milliy oʻziga xosligini badiiy mujassamlantirgani bilan ahamiyatlidir.

Li.: Timofeyev L. I., Osnovi teorii literaturi, M., 1971; Sultonov I., Adabiyot nazariyasi, T., 1980; Xrapchenko M. B., Gorizonti xudojestvennogo obraza, M., 1982; Vvedeniye v xudojestvennuyu xarakterologiyu, Samarqand, 1983.

Naim Karimov.