Xausa (til)
Xausa – somhom (afrikaosiyo) tillari makrooilasining chad tillari tarmogʻiga mansub va Shimoliy Nigeriya, Niger, Chad, Kamerun, Gana, Benin, Togo kabi mamlakatlarda tarqalgan til. Gʻarbiy Afrikada qabilalararo, urugʻlararo til sifatida keng qoʻllanadi. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 31 mln. (baʼzi manbalarda 40 mln.) kishidan ortiqroq (oʻtgan asrning 90-yillari). Xausaning asosiy lahjalari – kano, katsina, sokoto, zariya, xalajiya, damagaram, gobir va boshqa – bir-biriga juda yaqin; asosan feʼl tizimi va kishilik olmoshlari sohasidagi koʻplab tafovutlar shimoli-gʻarbiy lahjalarda (Niger va Nigeriya) uchraydi. Hozirgi adabiy xausa kano lahjasi asosida shakllangan.
Xausa oʻziga xos fonetik va morfologik xususiyatlarga ega. Soʻz oʻzgarishi va soʻz yasalishi tizimida affikslar (suffiks va prefikslar), shuningdek, ichki fleksiya alohida rol oʻynaydi. Leksikasi, asosan, tub chad soʻzlaridan iborat; arab, ingliz, fransuz va qoʻshni tillardan oʻzlashgan soʻzlar ham anchagina. 18-asrdan arab alifbosi asosidagi ajamiy yozuvidan, 19-asr oxiridan esa baʼzi diakritik belgilar qoʻshilgan lotin alifbosidan foydalanadi. Gazeta, jurnal va kitoblar, asosan, lotin grafikasida, anʼanaviy sheʼriyat va diniy (islomiy) adabiyot ajamiy yozuvida nashr etiladi. Ajamiyda nashr etilgan adabiyotda garbiy yevropa tillaridan oʻzlashmalar deyarli uchramaydi. Nigeriyaning shimoliy shtatlarida xausa maʼmuriy sohada, maktab taʼlimida (ayniqsa, boshlangʻich maktablarda), radioeshittirishlarda ingliz tili bilan bir darajada qoʻllanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |