Xlamidoz - OOZ, rikketsioz, keratokonʼyunktivit — hayvonlarning oʻtkir yuqumli kasalligi. Koʻp hollarda X. katta iqtisodiy zarar keltiradi, kasallik hayvonning koʻr boʻlishi bilan tugashi mumkin. Kasallikni reketsiyalar qoʻzgʻatadi. Xlamidoz bilan barcha qishloq xoʻjaligi hayvonlari, koʻproq qoramollar zararlanadi. Kasallik yilning barcha fasllarida uchrashi mumkin, biroq issiq paytida koʻproq va ogʻirroq kechadi. X.ning yashirin davri 2— 12 kun. Koʻproq bir koʻz, kamroq ikkala koʻz ham zararlanadi. Tana harorati koʻtariladi, holati yomonlashadi, koʻzidan koʻp miqdorda shilliqyiringli suyuqlik oqadi. Soʻngra abssess oʻzoʻzidan yoriladi, uning oʻrnida yara hosil boʻladi. Hayvonning ahvoli yaxshilanib, astasekin sogʻayadi. Kasallikning epizootologiyasi, klinik belgilari hamda konʼyunktiva surtmasini mikroskopda tekshirish orqali tashhis qoʻyiladi.

Davolash

tahrir

Kasal mollar salqin xonalarda saqlanib, antibiotiklar qoʻshilgan turli malham dorilar (mazlar yoki linementlar) qoʻllanadi. Ogʻir hollarda novokainli blokada qilish yaxshi samara beradi.

Oldini olish: hayvonlarni statsionar nosogʻlom xoʻjaliklardan chiqarmaslik tavsiya etiladi. Mollar kish faslida bir oyda bir marta, yoz oylarida esa har kuni koʻzdan kechiriladi. Sogʻlom mollarning koʻziga profilaktika maqsadida antibiotiklardan tayyorlangan mazlar yoki emulsiyalar suriladi, pashshalarga qarshi kurashiladi.