Xloratlar
Xloratlar — xlorat kislota (HClO3) tuzlari. Oddiy temperaturada barqaror kristall modda, qizdirilganda yoki katalizatorlar ishtirokida kislorod chiqarib parchalanadi. Koʻpchilik xloratlar suvda va baʼzi organik erituvchilarda eriydi. Organik va oson oksidlanadigan moddalar bilan portlovchi aralashmalar hosil qiladi. Metall xloridlarning suvdagi eritmalarini elektrokimyoviy oksidlanish, metall gidroksidlarni xlorlash usullari bilan olinadi. Xloratlardan natriy xlorat NaClO3, kaliy xlorat KClO3 (bertolle tuzi), kalsiy xlorat Ca(ClO3)2, magniy xlorat Mg(ClO3)2 sanoat miqyosida ishlab chiqariladi. Natriy xlorat gugurt va pirotexnik tarkiblarni tayyorlashda, kalsiy xlorat kaliy xlorat olishda oraliq mahsulot sifatida ishlatiladi.
Magniy xlorat desikantlar guruhiga kiradi. Unga oz miqdorda etanolamin fosfatning suvdagi eritmasini qoʻshib samarali taʼsir etuvchi defoliantlar olinadi. Bu preparatlar gʻoʻzaga qoʻllanganda yosh yashil koʻsaklar saqlanib qoladi, barglar qurimasdan 80—90% gacha toʻkiladi, hosil gektariga 3—4 s ga ortadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |