Xoʻja Pista qabristoni
Mamlakat: O'zbekiston
Hudud: Fargʻona
Tuman: Oʻzbekiston
Maqomi: Qabriston
Dafn etilgan: Xoja Hasan Nuriy

Xoʻja Pista qabristoni — Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanining Nursux qishlogʻida joylashgan qabriston[1]. Ziyoratgoh maydoni — 60 gektar[2]. Uning hududida 2 xil meva tugadigan pista daraxti mavjud. Saxobalardan boʻlgan Xoja Hasan Nuriy Fargʻona vodiysiga Islom dinini yoyish uchun keladi va bu yerdagi gʻayridinlar bilan jangga kirishadi. Janglarning biri­da Xoja Hasan Nuriyga dushmanlari qilich bilan zarba beradi. Qilich zarbidan yiqila turib Xoja oʻzining Kaʼbadan olib kelgan hassasini yerga qadaydi. Moʻjiza roʻy berib, hassa katta pista daraxtiga aylanadi. Lekin qayerdandir oʻt tushib daraxt butkul yonib ketadi. Aholi yongʻindan talofot koʻradi. Oʻt hoʻl-u quruqni baravar oʻz domiga tortayotgan paytda olov ichidan sahobalardan birining ruhi koʻrinadi-da, „Nasux“, yaʼni „daf boʻl“ deydi. Shundan soʻng olov bir zumda oʻchadi. Daraxt esa tagidan qayta oʻsib chiqadi. Shundan buyon bu qishloqning nomi Nursux deb nomlanadi. Mozor esa Xoʻja Pista nomi bilan mashhur[3]. „Tazirat-ul-avliyo“ asarining 47-zikri Xoja Hasan Nuriy haqidagi xotiralardan iboratdir.

Xoʻja Pista bobo qabristoni maqbarasi hamda afsonaviy pista daraxti mahalliy turistik markaz sifatida ziyoratchilarni oʻziga jalb etgan. Bu yerga boshqa viloyatlardan sayohatchilar, mahalliy aholi yil davomida, ayniqsa, erta bahor — pista gullagan paytda ziyorat qilgani tashrif buyuradi. Mazkur daraxt bir yili pista, ikkinchi yili yongʻoq hosil berishi bilan barchani hayratga soladi[4]. Ziyoratgohda uch mashhur valiy — Xoja Hasan Nuriy, Hazrat Said Kamol ota va Sulton pesh bobolar mangu qoʻnim topgan.

Hozirgi kunda, pista daraxti Fargʻona viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan muhofaza qilinadigan oʻsimliklar roʻyxatiga kiritilgan[5].

Yana qarang tahrir

Manbalar tahrir

  1. M.Sulaymonov „Afsonaviy pista daraxti: uning qanday siri bor?“. ecogovuz. Davlat ekologiya qo‘mitasi Matbuot xizmati. Qaraldi: 3-iyun 2023-yil.
  2. М.Сулаймонов „Афсонавий писта дарахти: унинг қандай сири бор?“. uza. Qaraldi: 3-iyun 2023-yil.
  3. Baxtiyor Eraliev, Ikromiddin Ostonaqulov, Nodirjon Abdulahatov. O‘zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari. 1-kitob. Farg‘ona viloyati. Turon zamin ziyo, 2013 — 320 bet bet. ISBN 978-9943-335-24-0. 2-iyun 2023-yilda qaraldi. 
  4. „Bir yili pista, ikkinchi yili yong‘oq beradigan daraxtni bilasizmi?“. uza (2020-yil 10-fevral). Qaraldi: 3-iyun 2023-yil.
  5. „Farg‘onada 200 yoshli pista daraxti davlat muhofazasiga olindi“. kunuz. Qaraldi: 3-iyun 2023-yil.