Xoʻjamurod Jabborov (1954-yil 14-aprel, Chiroqchi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, filologiya fanlari doktori, professor.

Xoʻjamurod Jabborov
Tavalludi 14-aprel 1954-yil (1954-04-14) (70 yosh)
Chiroqchi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Qarshi davlat universiteti
Taʼlimi Qarshi davlat pedagogika instituti
Ilmiy darajasi filologiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Biografiyasi tahrir

Xoʻjamurod Jabborov 1954-yil 14-aprelda Chiroqchi tumanidagi Taragʻay qishlogʻida oddiy ishchi oilasida tavallud topgan. 1971-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga oʻqishga kirib, mazkur institutni 1975-yilda tamomlagan va oʻzbek tili va adabiyot oʻqituvchisi mutaxassisligini olgan. 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutiga kirib, 1986-yilda mazkur institutni injener-gidrotexnik mutaxassisligi boʻyicha tugatgan. Mehnat faoliyatini 1975-yilda Qarshi shahridagi 42-hunar texnika bilim yurtida ona tili va adabiyot oʻqituvchisi sifatida boshlagan[1]. 1975—1976-yillarda harbiy xizmatda boʻlgan. 1977—1980-yillarda Qarshi shahar 42-hunar texnika bilim yurtida oʻqituvchi, komsomol kotibi, 1980—1984-yillarda Qashqadaryo viloyati komsomol qoʻmitasida lektorlar guruhi boshligʻi, 1984—1987-yillarda Koson tumani komsomol qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimda faoliyat koʻrsatgan. 1987—1988-yillar Qashqadaryo viloyati kasaba uyushmasi tashkiliy ishlar boʻlimi mudiri vazifasida ishlagan. 1988—1993-yillarda Qarshi davlat universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasining oʻqituvchisi, shuningek, 1991-yilning yanvar-mart oylarida Moskva shahrida SSSR Fanlar akademiyasining Turkologiya va Mongolistika boʻlimida mustaqil tadqiqotchi sifatida akademik Adham Rahimovich Tenishev ilmiy rahbarligida tadqiqot ishlari olib boradi. 1993—2002-yillarda Qarshi davlat universiteti katta oʻqituvchisi, 1996—1998-yillarda „Oʻzbek filologiyasi“ fakulteti oʻquv ishlari boʻyicha dekan oʻrinbosari, 2002—2004-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchi, 2004—2007-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi, 2007—2009-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, 2009—2015-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasining mudiri, 2015—2017-yillardan kafedra dotsenti, 2017-yilning martidan boshlab oʻzbek tilshunosligi kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda[1].

Oilasi tahrir

Oilali, 7 nafar farzani bor.

Ilmiy faoliyati tahrir

Xoʻjamurod Jabborov 1996-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tilshunoslik institutida „Oʻzbek tilining sugʻorish leksikasi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan[1]. 2017-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida „Oʻzbek tilining dehqonchilik leksikasi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini[2] himoya qilib, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2022-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. 220 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop ishlar, jumaladan, 4 ta monografiya („Oʻzbek tilining sugʻorish leksikasi“ 2004, „Oʻzbek tilida suv leksemasining lugʻaviy-maʼnoviy xususiyatlari“ 2005, „Oʻzbek tilining dehqonchilik leksikasi“ 2011, „Zemledelskaya leksika uzbekskogo yazika“ 2022), 2 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 2 ta oʻquv qoʻllanma („Tilshunoslikka kirish“ 2022; „Ona tili (akademik litseylarning I bosqich oʻquvchilari uchun)“ 2022), 3 ta izohli lugʻat („Dehqonchilik soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati“, 2016[3], „Oʻzbek tili dehqonchilik soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati“, „Qishloq xoʻjalik terminlarining qisqacha izohli lugʻat“), 90 ta ilmiy maqola muallifi. 2021-yilda olimning „Qishloq xoʻjalik terminlarining qisqacha izohli“ lugʻati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan „Ona tili — millat gʻururi“ ilmiy-ijodiy ishlar respublika tanlovining „Eng yaxshi oʻquv va atamalar lugʻati“ yoʻnalishida 1-oʻrinni egallagan[1].

Manbalar tahrir

Andoza:OʻTOE