Abdushukur Abduxalilovich Xonazarov
Abdushukur Abduxalilovich Xonazarov (1939.3.1, Boʻstonliq tumani Soyliq qishlogʻi) — oʻrmonshunos muhandis olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1989), qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (1984), professor (1995). Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi Fanlar akademiyasi akademik (1991). Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini tugatgan (1962). Oʻrta Osiyo oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot institutida kichik, katta ilmiy xodim, togʻ melioratsiyasi boʻlimi mudiri (1968—85; 1978—79 yillarda Afgʻonistonda oʻrmon xoʻjaligi boʻyicha maslahatchi), shu institut direktori (1985 — 90), "Oʻzbekoʻrmon" oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori (1990— 91), Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi (1991—2000), Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi instituti direktori (2001 — 2004), 2004-yil dekabrdan Oʻzbekiston Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari — Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiyi.ch. markazi bosh direktori, ayni paytda Toshkent agrar universiteti oʻrmonchilik va oʻrmon melioratsiyasi kafedrasi mudiri (1995-yildan).
Ilmiy ishlari togʻ yon bagʻirlarida tuproq eroziyasi, sel hodisalari va ularga qarshi kurash, oʻrmon melioratsiyasi, yongʻoq mevali va tez oʻsuvchi daraxtlar sanoat plantatsiyalarini barpo etish, ekologiya muammolariga bagʻishlangan. Oʻrmonchilik boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratgan. As: Eroziya pochv i melioratsiya v gorax, M., 1983; Gornaya melioratsiya, M., 1993; Oʻrmonshunoslik, T., 2001; Oʻzbekistonda oʻrmonzorlar barpo qilish asoslari, T., 2002; Ihota daraxtzorlari va dehqonchilik, T., 2002.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |