Xoninglash
Xoninglash (ing. hone — charxlash) — detallarning ichki silindrik sirtlarini mayin tishli uzunchoq (dumaloq, toʻrtburchak) abraziv asbob (jilvir chiviq) bilan ishlab silliklash (pardozlash). Sirtga ishlov berish uchun abraziv asbob X. kallagi (xon)ga mahkamlab qoʻyiladi, kallak esa X. stanogining shpindeliga oʻrnatiladi. X. stanogining vertikal, gorizontal va qiya; bir va koʻp shpindelli; universal, yarim avtomatik va avtomatik turlari bor. X. asbobining asosiy (aylanma) harakati alohida elektr dvigateli yoki gidroturbina bilan, detalni surib turish harakati (toʻgʻri chiziqli, ilgarilamaqaytma harakat) gidroyuritma bilan amalga oshiriladi. Stanoqda abraziv asbobni radial tarzda harakatlantiradigan mexanizm ham boʻladi. X. paytida abraziv asbob ishlov beriladigan sirtga siqilib turadi, X. kallagi aylanma va toʻgʻri yoki ilgarilanma qaytma harakat qiladi. X. detalning ichki sirtiga ishlov berishning oxirgi (pardozlash) operatsiyasi hisoblanadi. Masalan, avtomobil dvigateli silindrlar blokiga ishlov berishda X. operatsiyasidan foydalaniladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |