Qadimiy Xovos shahri nafaqat Sirdaryo, balki butun Mirzacho‘l hududidagi kohna manzilgohlardan biridir. O‘rta asrlarda gullab-yashnagan bu shahar xarobalari bugungi Xovosning janubi-g‘arbida, Karvonsaroy qishlog‘i qarshisida joylashgan. 1987-1988 yillarda O‘zbekiston fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining mashhur olimlari Xovos tepaligida arxeologik izlanishlar o‘tkazib, unda qadimiy qatlamlar mavjudligini aniqlashdi. Topilmalar manzilgohning 2000 yillik tarixga ega ekanini ko‘rsatdi. 2014 yili eski Xovos shahri xarobalarida beshinchi marta qazilma ishlari olib borildi. Natijada, bu yerdan qadimiy tegirmon toshi, yorqin bo‘yoqlari va bezaklari ko‘chmagan sopol idishlar topildi. Topilmalardan maʼlum bo‘ldiki, Xovos miloddan oldingi IV asrdan milodiy X asrga qadar qadimgi Farg‘ona,Choch (Toshkent) va So‘g‘dga boradigan savdo yo‘llari chorraxasida joylashgan qulay va muhim manzilgoh bo‘lgan.

Bibixadicha maqbarasi

Chorraxaning bir tarmog‘i Xovosdan Qurkad orqali Xo‘jand va Farg‘onaga, ikkinchisi to‘g‘ri Choch daryosi — Sirdaryo kechuvidan so‘ng shimol tomon — Shohruhiya shahriga, undan Harashkentga, keyin Choch poytaxti Binkatga borgan.

Sherbobo maqbarasi, Xovos, 2023-yil

Nizomiddin Shomiyning mashhur „Zafarnoma“ asarida ham qadimiy Xovos tilga olinadi. Kitobda keltirilishicha, amir Temur qadimiy Xovosda bo‘lgan. 1367-1368 yillarda Amir Husayn va Amir Temur o‘rtalarida to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Bu jangda Sohibqiron qo‘shinlari raqibi Amir Husayn qo‘shinini, son jihatidan ko‘p bo‘lishiga qaramay, Xovosdan boshlab tor-mor etadi.

Ko‘hna Xovosni Bobur Mirzo ham bir necha bor tilga oladi. Uning taʼriflashicha, Umar Shayx Shohruxiya va O‘ratepa oralig‘idagi Xovos qishlog‘ida Sulton Ahmad Mirzo bilan bo‘lgan jangda mag‘lubiyatga uchraydi.

XV asrning ikkinchi yarmida ushbu qadimiy zaminga mashhur shoir Abdurahmon Jomiy va Xo‘ja Axror Valiy ham tashrif buyurishgan.

XVIII asr boshlarida o‘zaro ichki urushlar bois mamlakatda parokandalik boshlanadi, Samarqand vayron qilinadi. Aholisi shaharni tark etadi. Bu haqida Muhammad Yoqub Buxoriy bunday yozadi: „Movarounnahrda ocharchilik boshlandi. Odamlar o‘z uy-joylarini tashlab, har tomonga tarqalib ketdilar. Samarqand shahri kimsasiz, huvillab qoldi…“

Eski Xovos tepaligi. 2023-yil, Xovos.
Yusuf bobo maqbarasi, 2023-yil

VIII asrda Samarqandga odamlarning ommaviy ko‘chib borishi kuchaydi. Bu ishda boshqalar qatori xovosliklar ham faol qatnashdi. Ular shahar shimolidagi Haydarobod degan joyda guzar tashkil etib, musofirlarni o‘sha yerga joylashtirishadi. Guzar „Xovosi yakum“ va „Xovosi duvvum“ qismlariga bo‘linib, shimolda Yusufboy, sharqda Minori kaj va Bibixonim masjidi bilan, janubi-g‘arbda esa Pastqishloq bilan chegaradosh edi. Guzar hududida ikkita masjid, maktab, madrasa, mozor va karvonsaroy bo‘lgan.

Xovosda jami yettita masjid bo‘lib, ular „Qizil masjid“, „Namozgoh“, „Oq masjid“, „Qal’a“, „Yusufcha“, „Bolo“ hamda „Shonatarosh“ deb nomlangan. Har bir masjidda madrasa bo‘lgan. Ulardan faqatgina „Qizil“ jome masjidida juma namozi o‘qilgan.

Shuningdek, Xovosda yettita mahalla, yettita hovuz bo‘lgan. Xovos orqali Buyuk ipak bo‘ylab yo‘lga chiqqan savdo karvonlari o‘tgan. Eski Xovos so‘lim havosi va go‘zal binoyu inshootlari bilan, hatto, Amir Temurni ham mahliyo qilgan. Sohibqiron bobomiz bitiklarida ko‘hna Xovosni: „Havas qilsa arziydigan joy ekan“ deb taʼriflagan.

Rus sayohatchisi, "Pomirda" nomli she'rlar va sayohatnomalar muallifi Golovnina Yuliya Dmitriyevna Rossiya Imperiyasi Turkiston o'lkasi Samarqand viloyati Xo'jand uyezdining Xovost bekati haqida o'z esdaliklarida to'xtalib o'tadi. U ushbu manzilgohda 1898-yilda poyezdda to'xtab o'tgani haqida yozadi. Uning kundaliklarida quyidagi so'zlarni ko'rish mumkin: "Bu yerdagi joylar xuddi o'lkaning boshqa joylaridagi kabi taqir cho'l, lekin atrofda ishlov berilgan yerlarni, arpa va bug'doy dalalarini ko'rish mumkin. Nariroqda, Xo'jand yaqinida paxta va makkajo'xori ekiladi. Ekinzorlar baland loy devorlar bilan o'ralgan."[1]

Manbalar tahrir

  1. „На Памирах (Головнина) — Викитека. ru.wikisource.org.“.