Yaʼqub Ibn Lays As-Saffor (? 879) — Safforiylar sulolasi va davlati asoschisi. Seyistondagi Karnin qishlogʻida tugʻilgan. Yoshligida Zaranj shahriga kelib, misgarga shogird tushgan (saffor laqabi shundan, Gardizishsht yozishicha, Ya.ibn L. dastlab miskar, soʻng ukasi Amir ibn Lays bilan yoʻl toʻsar qaroqchi boʻlgan. Keyinchalik Bust shahrining sarhangi, xaylboshi (harbiy otryad boshligʻi), nihoyat — Seyiston amiri boʻlgan (861 yil 22 mart). Xorijiylarta qarshi kurashda faol qatnashgan. Yaʼqub Ibn Lays Xurosonga egalik qilish uchun tohiriylar bilan kurash olib borgan. Hirot va Bushang (867), Kermon va Fors viloyatini (869), Kobul va Bomiyon (870)ni bosib oladi. 871 yil xalifaunga Toxaristondagi Balxni inʼom etadi. 873-yil avgustda Nishopurni egallab Tohiriylar davlatiga barham bergan. Arab xalifasi Xuroson noibligini unga topshirishga majbur boʻlgan. 876-yil Yaʼqub Ibn Lays katta qoʻshin bilan Bagʻdodga yurish qilgan, biroq xalifa qoʻshinidan yengilib orqaga qaytgan. Uning vafotidan soʻng taxtga ukasi Amr ibn Lays oʻtirgan.

Ad.:Bartold V.V., Sochineniya, t. 7, M., 1971.

Mahfuza Atmova.