Yadro spektroskopiyasi — atom yadrosi tuzilishi xususiyatlari va aylanishlarini oʻrganadigan yadro fizikasi sohasi; bunda radioaktiv boʻlinishda yoki yadro reaksiyalarida hosil boʻladigan zarralarning energetik spektri, intensivligi, burchak boʻyicha taqsimlanishi va qutblanishini oʻlchash boʻyicha turli holatdagi yadrolarning xossalari (energiyasi, spinlari va boshqalar) tekshiriladi. Yadrolarning tuzilishi va yadroviy kuchlar haqidagi taʼlimot uch manbaga: radioaktiv yemirilish, yadro reaksiyalari va yuqori energiyalar fizikasiga asoslangan. Radioaktiv yadrolar yemirilganda hosil boʻladigan turli xil nurlanishlarni oʻrganib, yadroning tuzilishi haqida maʼlumot olinadi. Yadro tuzilishini oʻrganish maqsadida nazariy jihatdan yadro modellari yaratilib, uning haqiqiy yadrolarning xususiyatlariga toʻgʻri kelishi yoki kelmasligini tekshirish mumkin. Atom yadrosi strukturasini oʻrganishda yadro modellarining ahamiyati katta boʻlib, ular Yadro spektroskopiyasining nazariy asosi hisoblanadi. Yadro spektroskopiyasining muvaffaqiyati asosida yadroning ichki tuzilishi haqida model tasavvurlar vujudga keldi. Yadro spektroskopiyasining eksperimental va nazariy tadqiqotlar natijalari xalq xoʻjaligining yadro energetikasi, aktivatsion tahlil, tibbiyot, texnika va boshqalar sohalarda keng qoʻllanadi.