Yangi Bobil imperiyasi (Ikkinchi Bobil imperiyasi) - Miloddan avvalgi 626-539-yillarda Mesopotamiya, Falastin va qisman Misrda hukmronlik qilgan davlat. Miloddan avvlgi 626-yilda Bobil shohi Nabopalassarning toj kiyib taxtga oʻtirishidan Yangi Bobil imperiyasi davri boshlanadi[1]. Miloddan avvalgi 612-yilda Yangi Ossuriya imperiyasining qulashidan soʻng, Yangi Bobil kuch-qudratga toʻla boshlaydi. Bu davlatni Xaldeylar sulolasi boshqargan, shuning uchun baʼzi manbalarda imperiyani Xaldeylar podsholigi deb ham atashgan.

Yangi Bobil imperiyasi xaritasi

Yangi Bobil podshohligi m.a. VII asrgacha Ossuriya tarkibida edi. Ossuriyaning zaiflashishi natijasida, Bobil tarixda ikkinchi marta yaqin Sharqda hukmronlikni qoʻlga olish uchun tiklandi (birinchi marta podsho Xammurappi davrida Bobil ana shunday kuch-qudratga ega edi). Yangi Bobil hukmronligi davri butun Bobilda misli koʻrilmagan iqtisodiy oʻsish va aholi sonining koʻpayishi kuzatildi, madaniyat va sanʼat taraqqiy etdi. Yangi Bobil shohlari hashamatli saroylar, qasrlar, bogʻlar va ibodatxonalar qurishda tengsizlikka erishdilar. Bobilda 2000 yil avvalgi Shumer-Akkad madaniyati yuksak koʻrinishi tiklandi.

Imperiya madaniy hayotda oʻz nomini podsho Navuxodonosor II tufayli saqlab qolgan. Uning nomi Bibliyada ham kelgan, chunki u m. a. 587-yilda Iyerusalim (Quddus) ni varon etib, yahudiylarni u yerda Bobilga koʻchirgan edi. Natijada, tarix sahifasida yahudiylar uchun Bobil asirligi hisoblangan davr yuzaga keldi (m.a. 587-539-yillar). Yangi Bobil imperiyasi Navuxodonosor II davrida oʻzining oltin davrini boshdan kechirdi.

Yangi Bobilning oxirgi podshohi Nabonid davrida oy xudosi Sinning Bobilning homiy xudosi Mardukdan ustun deb eʼlon qilinishi xalq va ruhoniylar orasida norozilik keltirib chiqardi. Bu narsa tufayli davlat zaiflashdi, bundan foydalangan forslar shohi Kir II miloddan avvalgi 539-yilda Bobilni bosib oldi. Shundan soʻng, Bobil oʻzining iqtisodiy, siyosiy va madaniy nufuzini yoʻqotdi. Bobil keyingi imperiyalar hukmronligi davrida bir necha marta oʻz qudratini tiklashga harakat qilib isyon koʻtarsa-da, bunga erisha olmaydi.

Podshohlik tarixidan oldingi holat

tahrir
 
Xammurappi davrida Qadimgi Bobil podshohligi hududlari (m. a. 1792—1750-yillar).

Bobilga mustaqil davlat sifatida amoriylar boshligʻi Shumu-abum tomonidan taxminan m. a. 1894-yilda asos solingan. Tashkil etilganidan keyin bir asrdan koʻproq vaqt davomida u kichik va zaif davlat boʻlib, Isin, Larsa, Ossuriya va Elam kabi kuchli davlatlar tazyiqi ostida qoladi. Ammo podshoXammurappi (m. a. 1792-1750 yillar) davrida Bobil yirik davlatga aylandii va butun Mesopotamiya hududlarini zabt etdi, Qadimgi Bobil imperiyasiga asos solindi. Xammurappining oʻlimidan keyin uning sulolasi yana bir yarim asr davom hukmronlik qildi, shundan keyin Bobil yana kichik davlatga aylandi[2]. M. a. 1595-yilda Bobilni Xett podshohi Mursili I bosib oldi. Undan soʻng, togʻlik kassitlar qabilasi shaharni varon etadi. Bobil podshohligining qadimgi davri shu tariqa yakunlanadi.

Kassitlardan keyingi Oʻrta Bobil davrida Bobil aholisi ikkita asosiy guruhdan iborat edi: mahalliy bobilliklar (shumerlar va akkadlar bilan qo'shilib ketgan kassit va amoriylar avlodlari) va yaqinda kelgan, Levantdan kelgan qabilalar (sutiylar, oromiylar va xaldeylar). M. a. VIII asrga kelib, yirik shaharlardagi asosiy aholi boʻlgan mahalliy bobilliklarning tarkibiy guruhlari oʻzlarining eski oʻzliklarini yoʻqotib, birlashgan “Bobil” madaniyatiga singib ketishdi[3]. Shu bilan birga, xaldeylar oʻzlarining qabilaviy tuzilishi va turmush tarzini saqlab qolgan boʻlsalar-da, koʻproq “bobillashgan” holatga o'tdilar. Xaldeylar Bobil qudratining qayta tiklanishida juda katta ahamiyat kasb etdilar, m. a. 730-yilda shu qabiladan yagona shoh saylanib, qabilani birlashtirishga erishadi.

Miloddan avvalgi IX-VIII asrlar mustaqil Bobil podshohligi uchun halokatli boʻldi, zaif podshohlar Bobil aholisini tashkil etuvchi barcha guruhlarni nazorat qilmay, raqiblarini magʻlub etishga ojizlik qildilar va muhim savdo yoʻllarini saqlay olmadilar. Bu narsa oxir-oqibatda Bobilning shimoliy qoʻshnisi Yangi Ossuriya imperiyasining m. a. 745-729-yillarda Bobilni istilo etishiga olib keldi[4]. Ossuriya istilosi tufayli Bobilning Ossuriyaga qarshi bir asrlik ozodlik kurashi boshlandi. Garchi ossuriyaliklar mintaqani oʻz imperiyalariga qoʻshib, Ossuriya shohi unvoniga qoʻshimcha ravishda Bobil shohi unvonini ishlatgan boʻlsalar ham, Ossuriyaning Bobil ustidan nazorati barqaror emasdi, bu hududda tinimsiz isyonlar boʻlib turardi.

Tarixi

tahrir

Ossuriyaning qulashi hamda Yangi Bobil podshohligiga asos solinishi

tahrir
 
Yirik Mesopotamiya shaharlari

Yangi Ossuriya podshosi Sinsharishkun hamda uning janubdagi noibi qoʻmondon Sin-shumu-lishir oʻrtasidagi fuqarolar urushi Ossuriyani zaiflashtirdi. Miloddan avvalgi 626-yilda Nabopalassar Bobil va Nippur shaharlariga hujum qilib, egallab oldi[5]. Sinsharishkunning javobi tez va qatʼiy boʻldi, oʻsha yilning oktyabr oyiga kelib ossuriyaliklar Nippurni qaytarib olishdi va Uruk shahrida Nabopalassarni qamal qilishdi. Sinsharishkun Bobilni egallay olmadi va Nabopalassar esa Ossuriyaning qamaliga dosh berdi va Ossuriya qoʻshinini qaytarishga muvaffaq boʻldi[5].

Miloddan avvalgi 626-yilning noyabrida Nabopolassar rasman Bobil shohi sifatida taxtga oʻtirdi va bir asrdan ortiq toʻg'ridan-toʻg'ri Ossuriya hukmronligidan keyin Bobilni mustaqil davlat sifatida tikladi[5]. Miloddan avvalgi 625-yildan 623-yilgacha Bobilning shimolidagi yurishlari va Nabopolassarga qoʻshilgan kabi janubiy shaharlaridagi kichik muvaffaqiyatlariga qaramasdan m. a. 623-yilda Sinsharishkun yalpi hujumga oʻtib, Nabopalassarni yengdi, ammo shohga qarshi ossuriyaning oʻzida norozilik kuchaygani sababli bu yurishni oxirgacha yetkazmadi[5].


Miloddan avvalgi 615-yil oktyabr-noyabr oylarida Midiya shohi Kiaksar boshchiligidagi qoʻshin Ossuriyaga bostirib kirib, Arrafa shahri atrofidagi hududni bosib oldi[5]. Miloddan avvalgi 614-yilning iyul-avgust oylarida midiyaliklar Kalxu va Nineviya shaharlariga hujum qila boshladilar. Keyin ular Ossuriyaning qadimgi siyosiy va diniy markazi Ashshurni qamal qilishdi.Midiyaliklar shaharni egallab, varonaga aylantirdilar. Nabopalassar Ashshurga talon-toroj boshlangandan keyin yetib keldi va Kiaksar bilan uchrashib, Ossuriyaga qarshi shartnoma imzoladi[5]. Miloddan avvalgi 612-yil aprel-may oylarida, Nabopalassar va Kiaksarning birlashgan qoʻshini Nineviyaga yurish qildi. Oʻsha yilning iyun oyidan avgustigacha ular Ossuriya poytaxtini qamal qilishdi va avgust oyida devorlarni buzib, shaharni xarobaga aylantirishdi[5]. Sinsharishkunning vorisi, Ossuriyaning oxirgi shohi Ashshurballit II miloddan avvalgi 609-yilda Harranda magʻlubiyatga uchradi[6]. Ossuriyaning ittifoqchisi boʻlgan Misr bir necha yil davomida Bobilga qarshi urushni davom ettirdi va miloddan avvalgi 605-yilda Karxemishda Nabopalassarning valiahd shahzodasi Navuxodonosor tomonidan tor-mor etildi[7].

tahrir
 
Yuqori o'ngda Navuxodonosor II va uning chap tomonida Bobil zikkurati tasvirlangan tosh bitik

Miloddan avvalgi 605-yilda Nabopalassar vafotidan keyin oʻg'li Navuxodonosor II oʻrniga oʻtirdi[8]. Navuxodonosor II meros qilib olgan imperiya dunyodagi eng qudratli imperiyalardan biri edi. U Midiya shohi Kiaksarning qizi yoki (ayrim manbalarda nabirasi) Amitisga uylanib, otasining Midiya bilan tuzgan ittifoqini mustahkamladi. Baʼzi manbalarda Qadimgi dunyoning yetti moʻjizasidan biri boʻlgan mashhur Bobil osma bogʻlari Navuxodonosor II romonidan rafiqasi Semiramidaga Vatanini eslatib turish uchun bunyod etilgan degan maʼlumotlar bor (bu bogʻlarning mavjud boʻlgani tarixchilar tomonidan bahsga sabab boʻlgan). Uning 43 yillik hukmronlik davrida Bobil Yaqin Sharqdagi eng qudratli saltanatga aylandi.

Navuxodonosor II Levantga koʻp marotaba harbiy yurish uyushtirib, sobiq Ossuriya imperiyasining Oʻrtayer dengizi boʻyida joylashgan yerlarini egallaydi. Miloddan avvalgi 587-yilda Quddusni vayron qiladi, Isroil-Yahudiya podsholigiga barham beriladi, yahudiylarning katta qismi Bobilga olib kelinadi, ular uchun Bobil asirligi deb nomlanuvchi davr boshlanadi[8]. Oʻrta dengiz boʻyidagi Tir shahri Bobil shohiga 13 yil qarshilik koʻrsatadi, shaharning qirgʻoqdan 800 m uzoqlikdagi orolda joylashganligi uning qamal qilinishini uzoqqa choʻzadi. Miloddan avvlgi 573-yilda Tir shahri Bobilga vassal boʻladi[9]. Gʻalabalr sharafiga u Bobilning atrofini baland devorlar va chiroyli bezatilgan darvozalar bilan oʻrab oladi. Ulardan iloha Ishtarga bagʻishlab qurilgan darvoza bugungi kunga qadar saqlangan noyob arxitektura obidasidir.

Yangi Bobilning soʻnggi tarixi

tahrir
 
Bobil shohi Nabonid oy xudosiga ibodat qilmoqda (Britaniya muzeyida saqlanayotgan tosh lavha).


Navuxodonosor II vafotidan soʻng (m. a. 562-yil), Bobil siyosiy inqirozga uchradi, fitnalar natijasida uning oʻg'li oʻldirildi. Fitnalar oqibatida saroy amaldori Nabonid va uning oʻg'li Belshazar hokimiyatni qoʻlga oldilar. Nabonid davrida imperiyani gʻalayonlar qamrab olgan boʻlsa-da, nisbatan barqaror davr boʻldi. Nabonid ibodatxonalarni qayta taʼmirlatdi, yangi binolar qurdirdi, Kilikiyaga harbiy yurish uyushtirdi. Nabonidning asli kelib chiqishi bobillik emas edi, u sobiq Ossuriyadagi Harran shahridan, Sin xudosiga sigʻingan qavmdan edi. Yangi qirol Sin ilohasining imperiyadagi mavqeyini koʻtarish uchun harakat qildi, Bobilning bosh xudosi Marduk inkor etildi. Bu esa Bobil ruhoniylarining qarshiligiga sabab boʻldi.Kohinlarning shohdan yuz oʻgirishi xalqning unga nisbatan ishonchini susaytirdi.

Yangi Bobil imperiyasining qulashi

tahrir
 
Miloddan avvalgi 539-yilda fors shohi Kir II ning Bobilga bostirib kirish xaritasi.

Miloddan avvalgi 553-yilda fors shohi Kir II oʻzi avval boʻysungan Midiya shohi Astiagga qarshi isyon koʻtardi, Astiagdan norozi Midiya qoʻshini Kir II ga yordam berdi. Natijada miloddan avvalgi 550-yilda Astiag taxtdan agʻdarilib, butun Midiya yerlari Kir II ga boʻysundirildi. Kir II oʻzini hamma forslar, elamiylar va kutiylarga shoh deb eʼlon qildi hamda ulardan juda katta qoʻshin tuzdi. Miloddan avvalgi 547-yilda Kichik Osiyodagi Lidiya davlatini tor-mor etdi. M. a. 539-yilda esa Bobil yerlariga bostirib kirdi. Nabonidning oʻg'li Belshazar boshliq qoʻshin Opis jangida tor-mor etildi. Kir II qoʻshinlari Frot daryosini boshqa tomonga burib yuborib, Bobilni zabt etdi. Shu tariqa, Yangi Bobil imperiyasi davri ham nihoyasiga yetdi.

[10]

Manbalar

tahrir
  1. Hanish 2008.
  2. Van De Mieroop 2005.
  3. Brinkman 1984.
  4. Radner 2012.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 5,6 Lipschits 2005.
  6. Radner 2019.
  7. Lange 2011.
  8. 8,0 8,1 Mark 2018.
  9. Ephʿal 2003.
  10. Nijssen 2018.