Yangi Roman
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
"Yangi Roman"- XX asrning 50-yillarida maydonga chiqqan bir qator fransuz yozuvchilari (N. Sarrot, A. Rob Griye va b.) ning roman bobidagi eksperimental izlanishlariga xos xususiyatlarni anglatuvchi shartli termin. Yangi Roman tarafdorlari anʼanaviy proza oʻz imkoniyatlarini toʻla sarf etib boʻlgan deb hisoblab, yangicha rivoya yoʻsinini ishlab chiqishga harakat qilganlar. Yangi Roman namoyondalarining qarashlari „inson oʻlimi“ falsafasiga (A. Fuko) hamohang: ular shaxs tushunchasining oʻzi eskirgan, shuning uchun uni anʼanaviy prozadagi kabi markazga qoʻyib tasvirlash, anʼanaviy tarzda badiiy talqin qilishni nooʻrin bilib, qahramonsiz va voqeaband syujetsiz romanlar yaratishni tajriba qiladilar. Anʼanaviy roman, umuman, eposga xos mazkur eng muhim unsurlar Yangi Roman namoyondalari tajribalarida tashqi dunyodagi narsalarning xolis va boʻrtiq tasviri, ongosti qatlamlaridagi sirli evrilishlar, mozaika qonuniyati asosida butunlikka birikuvchi fikr- kechinmalar bilan almashtiriladi, rivoya koʻproq essega xos xususiyatlar kasb etadi.
Manbalar
tahrir- Adabiyotshunoslik lugʻati. D. Quronov, Z. Mamajonova, M. Sheraliyeva Toshkent-2013. 380- bet.