Yapon orollari — Tinch okeanning gʻarbiy qismidagi arxipelag. Mayd. 370 ming km². Yapon orollarida Yaponiyaning asosiy qismi joylashgan. 4000 dan ziyod orollarni oʻz ichiga oladi. Eng yirik orollari: Xokkaydo, Xonsyu, Kyusyu, Sekoku. Relyefi, asosan, togʻli. Vulkan koʻp. Tez-tez zilzila boʻlib turadi. Iqlimi subtropik, mussonli, shimolida moʻʼtadil iqlim. Kuzda falokatli tayfunlar boʻlib turadi. Daryolari qisqa va sersuv. Hududining yarmidan ortigʻi oʻrmonlar bilan qoplangan.