Yelyuy Dashi — (1087—1143-yillar) — Gʻarbiy Lyao sulolasi (Qoraxitoy xonligi)ning asoschisi. 1124—1143-yillarda hukmronlik qilgan. U jurchen qabilalarining Szin sulolasi tomonidan agʻdarilgan Shimoliy Xitoydagi Lyao sulolasidan qochib, Oʻrta Osiyoga koʻchib oʻtgan va u yerda yangi imperiyaga asos solgan. Yelyuy Dashi Lyao imperatorlari xonadoniga mansub boʻlib, „Lyao tarixi“da uni „Kidan va xitoy yozuvlarini yaxshi bilgan, ot minish va kamondan oʻq otishda zoʻr boʻlgan va Tyansing erasining beshinchi yili (milodiy 1115-yil)da oliy imperatorlik imtihonidan oʻtgan“ deb taʼriflanadi. Dastlab kichik maʼmuriy lavozimlarda ish boshlagan Yelyuy Dashi jurchenlarning hujumi sababli Lyao imperatori Tyanzoning eng yaqin sarkardalaridan biriga aylangan. Istilo sababli imperator g‘arbga qochib ketgach, Lyao Janubiy poytaxti (hozirgi Pekin) mudofaasini tashkillashtirgan. Uzoq muddatli kurashlarda davlatni qayta tiklash imkoniyati boy berilgandan so‘ng, Yelyuy Dashi o‘zini hukmdor deb eʼlon qilgan va 1124-yilda o‘z yaqinlari bilan shimoli-g‘arbdagi Kedun shahriga borgan[1]. Yelyuy Dashi Gʻarbiy hududlardagi askarlar, mogʻul jangchilaridan qoʻshin tuzib Oʻrta Osiyo hududlariga yurishlar uyushtira boshlagan. 1132-yilda unga oʻz tarafdorlari tomonidan „Gurxon“ unvoni berilib, imperator deb eʼlon qilinadi. Koʻp oʻtmay Sharqiy qoraxoniylar hukmdori Ibrohim II ibn Ahmad uni qarluqlar va qangʻlilarga qarshi kurashda yordam berishga taklif qilgan va 1134-yilda ushbu davlat yerlarini oʻz tasarrufiga kirgizgan. 1137-yil may oyida Yelyuy Dashi Xoʻjandda Gʻarbiy qoraxoniylar hukmdori Rukniddin Mahmudni magʻlubiyatga uchratib, oʻz imperiyasini gʻarb va janubga kengaytiradi. Oʻshanda saljuqiylarning vassali boʻlgan Mahmud sulton Ahmad Sanjarga yordam soʻrab murojaat qilgan. 1141-yilgi Qatvon jangida esa Yelyuy Dashi saljuqiy turklar ustidan hal qiluvchi gʻalabaga erishgan. Oʻrta Osiyoda qoraxitoylar hukmron kuchga, Xorazm va qoraxoniylar esa uning imperiyasiga vassal davlatlariga aylanganlar. Yelyuy Dashi 1143-yilda vafot etgan[2].


Manbalar

tahrir
  1. Twitchett D., Tietze K.. The Liao // in the: The Cambridge History of China. Vol.6: Alien Regimes and Border States 907—1368. Cambridge: Cambridge University Press, 1994 — 387-bet. 
  2. Kradin N.N., Ivliev А.L. Istoriya kidanskogo imperii Lyao (907—1125). Moskva: Nauka, 2014 — 245-bet.