Yuklama — yordamchi soʻzlarning bir turi; ayrim gap boʻlagiga yoki gapga qoʻshimcha maʼno berish uchun qoʻllanadi. Yuklama tuzilishiga koʻra 2 xil boʻladi: Yuklamaqoʻshimcha (qoʻshimcha holiga kelib qolgan Yuklama: mi, chi, da, a, ya, ku, u, yu, oq, yoq, gina, kina, qina, dur, ey) va Yuklamasoʻz (ayrim soʻz holidagi Yuklama: faqat, xuddi, naq, ham). Hozirda oʻzbek adabiy tilida gapga yoki ayrim soʻzlarga qoʻshilganda anglatadigan maʼnolariga koʻra Yuklamaning quyidagi turlari farqlanadi: soʻroq va taajjub Yuklamalari (mi, chi, a, ya), asosan, gapni soʻroq gapga aylantiradi: Bu kitobni oʻqidingizmi?; kuchaytiruv va taʼkid Yuklamalari (ku, ham, u, yu, da, oq, ki) gapga tasviriylik berib, soʻz maʼnosini kuchaytirish, shuningdek, taʼkid maʼnosini qoʻshish uchun ishlatiladi. Masalan: Necha marta uchrashay dedimku, vaqtim boʻlmadi; ayiruv va chegaralov Yuklamalari (gina, faqat) turli soʻzlar bilan kelib, ularni ajratib, chegaralab koʻrsatish uchun qoʻllanadi. Mas: U faqat oʻsha voqea haqida soʻzlardi; aniqlov Yuklamalari (xuddi, naq, qoq) oʻzi aloqador boʻlgan gap boʻlagi maʼnosini aniqlash uchun xizmat qiladi. Masalan: Oʻgʻli otasining xuddi oʻzi. Yuklamalar, shuningdek, tasdiq, inkor, qistov kabi maʼnolarni ifodalash uchun ham ishlatiladi. Va yordamchi vazifasida kelishi mumkin.