Yuridik maslahat
Yuridik maslahat — (Oʻzbekiston Respublikasida) huquqiy yordam turi. Bunday yordamni oliy yuridik maʼlumotli, tegishli malaka imtihonini topshirgan, advokatlik litsenziyasiga ega boʻlgan yoki tashkilot, muassasa, korxonada maslahatchi yurist lavozimida ishlayotgan shaxslar berishga haqli. Shaharlar va aholi punktlarida advokatlar hayʼatlarining rayosatlari yuridik yordam koʻrsatish ishini tashkil qilish maqsadida huquqiy maslahat beruvchi advokatlar jamoasini tuzadi. Yuridik maslahatxonaning joylashish oʻrni va unda ishlaydigan advokatlar sonini advokatlar hayʼatining rayosati tegishli adliya idorasi bilan kelishgan holda belgilaydi. Yuridik maslahatxona bankda joriy hisob raqamiga, oʻz nomi va tegishli advokatlar hayʼatiga qarashi koʻrsatilgan muhr va shtampga ega boʻladi. Yuridik maslahatxonaga advokatlar hayʼati rayosati rayosat aʼzolari ichidan tayinlaydigan mudir rahbarlik qiladi. Yuridik maslahat berish uchun advokat, oʻz kasbiy faoliyatida amaddagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi kerak. U oʻziga yuridik yordam soʻrab murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya etish uchun qonunda koʻzda tutilgan vositalar va usullardan foydalangan holda faoliyat yuritadi.
Gulchehra Toʻlaganova.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |