Zahabiy shia tariqati
Zahabiy- XV asrning 30-40 yillarida Shahobiddin Abdulloh Barzishobodiy Mashhadiy tomonidan Xurosonda tashkil etilgan, kubraviya tariqatidan ajralib chiqqan mustaqil shia tariqati.
Tariqatning rasmiy nomi «tariqayi oliya zahabiya mustafoviya murtazoviya rizoviya maxdaviya kubraviya»dir. Zahabiya deb nomlanishi yuzasidan bir qancha talqinlar bor. Bular ichida haqiqatga yaqinrogʻi - bu nom «silsilatu-z-zahab» (oltin zanjir) atamasidan kelib chiqqan boʻlib, bu atama shia imomlarining ketmaket kelgan qatorini anglatgan.
Tariqat dastlab qishloqda, keyinchalik shaharda keng yoyilgan. Zahabiyaning amaldagi rahbari notiq deyilgan va faqat ugina sufiyona kashflarga muhrlangan sirli ma’nolarni talqin etish huquqiga ega boʻlgan. Tariqat tarixi ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich tashkil topgan vaqtdan boshlab to 1785-yilda Ogʻa Muhammad Hoshim Darveshiy SHeroziy ya’ni, tariqatning zahabiya asoschisiga taqaluvchi silsilasi va boshqarish uchun ijozat olgan oxirgi rahbarining oʻlimigacha boʻlgan davrdan iborat. Bu davrda yozma manbalarga koʻra, Kubraviy Ishoq Xuttaloniy oʻz oʻlimidan oldin oʻrinbosarlarining boshligʻi (xalifatul-xulafo) etib Nurbaxsh (1392—1464) nomini olgan Said Muhammad ibn Muhammad Axsoiyni tayinlaydi. Uni xurmat qiladigan muridlarning aksar qismi bu qarorni qoʻllab-quvvatlaydi. Kamchilik esa, qarshilik koʻrsatib, xalifatu-l-xulafo sifatida Abdulloh Barzishobodiyni tan oldi. Boʻlinish natijasida ikkita mustaqil shia tariqati - nurbaxshiya va zahabiya yuzaga kelgan. Manbalarga qaraganda, «zahabiya» nomi tariqat tashkil topganidan ancha keyin vujudga kelgan. Nurulloh Shushtariy (1547- 1610)ning qayd etishicha, Barzishobodiyning tarafdorlarini Xurosonda sufiylar, Nurbaxshning tarafdorlarini esa nurbaxshiya deb ataganlar.
Ikkinchi bosqich XVIII asrdan hozirgi kunga qadar davom etib, u Ogʻa Mirzo Abdu-n-nabiy SHeroziy (vaf. 1815 y.) nomi bilan bogʻliq, u zahabiylar ma’naviy silsilasi davomchisi sifatida haqiqiy ijozat olmay, balki unga tushida koʻringan Ali Rizoning xohishiga tayanib oʻzini shunday deb e’lon qilgan. Zahabiya tariqatining oʻziga xosliklari. Zahabiya Ali ibn Abi Tolibga e’tiqod qoʻygan boʻlib, unda paygʻambar va valiy maqomlari birlashgan, deb hisoblagan hamda uning sifatlarini Muhammad (a.s.)nikidan yuqori deb bilgan. Shuningdek, ular yashiringan imomga ham xuddi shunday e’tiqodda boʻlgan. Shariat meyorlarini qat’iy bajarish tariqat asosi boʻlgan. Shuning uchun ham, zahabiyada shayx-murshidning nufuzi boshqa tariqatlarnikidan ancha past. U asosan tariqatga yangi kirganlarning tushlarini ta’bir qilgan.
Zahabiya tariqatining hozirgi kundagi holati. Tariqat asosan Xurosonda keng yoyilgan. XVIII asrdan boshlab asosiy dargohi va bosh qarorgohi SHerozda joylashgan. XIX asrning 2-yarmidan boshlab zahabiya oʻz qarashlarini yoyish va a’zolarini koʻpaytirish borasida bir muncha faolligi bilan ajralib turgan. XX asrning 70-yillarida SHerozdagi dargohlardan tashqari Tehronda ham xonaqohi boʻlgan[1].
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360-bet. ISBN 978-9943-12-346-5.