Zayd ibn Ali
Zayd ibn ALI (7-740) — shialikdagi zaydiylar firqasining asoschisi. Muhammad (sav) oilasining avlodi sifatida imomlikka daʼvogarlik qilib, 739 yilda Kufa shahrida umaviylar hokimiyatiga qarshi isyonga bosh bo‘lgan. Muhammad al-Bokirning sustligidan norozi bo‘lgan shialar uning ukasi g‘ayratli Zayd ibn ALI atrofida birlashib, uni imom deb eʼlon etadilar. Ammo xalifa Hishom (724-743) qo‘shinlari 740 yil isyonni bostiradi. Zaydning o‘zi jangda halok bo‘ladi. Jasadi Kufada chormix qilinib, kesik boshi Damashqqa, xalifa Hishomga yuboriladi. Zayd ibn Ali tarafdorlari alohida diniy-siyosiy guruh tuzib, Hazrat Ali avlodiga mansub imom boshchiligida diniy davlat tuzishga intiladi. U Zayd ibn Alilarni so‘nggi — 5-imom deb bilib, keyingi imomlarni tan olmagan. Zayd ibn Ali o‘zining imomat daʼvosini Hasan va Husayndan so‘ng Ali va Fotimaning har qanday avlodi imom bo‘lishi mumkin, deb asoslagan. Imomlikka daʼvogar ko‘liga kurol olib, isyon ko‘tarishi — imomatga o‘tirishning asosiy sharti, deb bilgan. Shialarning imomlari, xususan, Jafar as-Sodiq esa, o‘z tarafdorlarni qurolli isyon ko‘tarmaslikka chaqirgan edi.
Adabiyotlar
tahrirISLOM ENSIKLOPEDIYASI"Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2004