Ziji jadidi Koʻragoniy

(Ziji Koʻragoniydan yoʻnaltirildi)

"Ziji jadidi Koʻragoniy" Ulugʻbek ziji yoki "Ziji sultoni" - Mirzo Ulugʻbek tomonidan 1437-yilda nashr etilgan astronomik jadvaldir. Ptolemey va Tycho Brahening ishlari safida, eng buyuk yulduz kataloglari qatorida turadi.

Mirzo Ulugʻbekni XV asrdan beri Yevropa va Amerikada ham, Osiyoda ham yaxshi bilishadi. XVI asr oxiri va XVII asrning boshlarida Yevropada astronomiya fanining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi yevropaliklarning Samarqand akademiyasiga boʻlgan qiziqishini oshirdi. Shogirdi Ali Qushchining Ulugʻbek asarlarini Turkiyada targʻib etganligi natijasida yevropaliklar uning fan taraqqiyotiga qoʻshgan kashfiyotlaridan bahramand boʻldilar.

Hozirgi kunda «Ziji jadidi Koʻragoniy» asarining 150 dan ortiq nusxasi ma’lum. Boshqa ma’lumotlarga koʻra, asarning 120 ga yaqin forsiy nusxasi va 15 dan ortiq arabiy nusxasi ham mavjud. Mirzo Ulugʻbekni davlat ishlari bilan mashgʻul boʻlishdan koʻra koʻproq ilmu fan bilan shugʻullanish qiziqtirgan. Uning «Bir darajaning sinusini aniqlash haqida risola», «Risolai Ulugʻbek», «Toʻrt ulus tarixi», «Ziji jadidi Koʻragoniy», «Koʻragoniyning yangi jadvallari» kabi asarlari dunyo olimlari tomonidan hali hanuz oʻrganiladi. Ulugʻbekning «Ziji jadidi Koʻragoniy» asari «Ulugʻbek ziji», «Ziji Koʻragoniy» kabi nomlar bilan ham ataladi. «Zij» soʻzi fors tilidagi «zik» soʻzidan olingan boʻlib, «jadval» ma’nosini bildiradi. Mazkur asar Ulugʻbekning qariyb 30 yillik izlanishi samarasi boʻlib, u 1444 yilda yozib tugatilgan. Asar fors tilida bitilgan, keyinchalik Gʻiyosiddin Al-Koshiy tomonidan arab tiliga tarjima qilingan. «Ziji jadidi Koʻragoniy» muqaddima va toʻrt maqoladan iborat.

Birinchi maqola soʻzboshi va 7 bobdan, ikkinchi maqola 22, uchinchi maqola 13, «Zij»ning soʻngi – toʻrtinchi maqolasi esa toʻlaligicha ilmi nujumga bagʻishlangan bobdan iboratdir. 1638 yili ingliz olimi va sharqshunosi, Oksford universiteti professori Jon Grivs Istanbulga keladi. U oʻzi bilan Angliyaga asarning bir nusxasini olib ketadi. 1643 yildan boshlab Jon Grivs «Ziji jadidi Koʻragoniy» asarini ilmiy tadqiq qilishni boshladi va Ulugʻbekning yulduzlar katalogidan olingan 98 ta yulduz holatini 1648 yili e’lon qildi, aniqrogʻi, olimning mazkur ishi ¬Baynbridj tomonidan nashr qilindi. Oʻsha yilning oʻzida u «Zij»ning geografiya qismini alohida nashr etdi. Keyinchalik esa u toʻrt qismdan iborat Ulugʻbek «Zij»i birinchi kitobining lotincha tarjimasini nashr qildi. 1652 yilda oxirgi ikkita ish qayta chop etildi.

Angliyalik sharqshunos olim va tarjimon, Oksforddagi Bodleyani kutubxonasining xodimi Tomas Xayd 1018 ta yulduz tadqiq qilingan «Ziji jadidi Koʻragoniy»ning yulduzlar jadvalini lotin va fors tillarida nashrga tayyorladi hamda «Ulugʻbek kuzatishlari boʻyicha qoʻzgʻalmas yulduzlarning (astronomik) kenglama va uzunlamalari jadvallari» nomi bilan nashr ettirdi. Tomas Xayd Grivsning «Zij» borasida olib borgan ilmiy ishlaridan bexabar boʻlgan, bu esa Ulugʻbek asarining turli yoʻllar bilan Yevropaga kirib borganini koʻrsatadi. J. Grivs va T. Xayd tomonidan Ulugʻbek «Zij»idagi jadvallarning nashr etilishi Yevropa astronomlari uchun ulkan voqea boʻldi, chunki astronomlarning yuqori aniqlikdagi yulduzlar jadvaliga ehtiyoji katta edi. Ana shu ehtiyoj va chanqoqlikni bosishda Ulugʻbekning «Zij»idek oʻz davrining mukammal asari muhim rol oʻynadi. Mazkur asarning diqqatga sazovor jihati shundaki, kitobda keltirilgan rasmlarning ikkitasida vatandoshimiz Mirzo Ulugʻbekning siymosi aks ettirilgan. Rasmlarning birida Ulugʻbek osmon xudosi Uraniya raislik qilayotgan majlisda uning oʻng qoʻl tomonida oʻtiribdi. Suratda yirik astronomlardan grek Ptolemey (er. av. taxminan 170 yili vafot etgan), italiyalik Jan Baptist Richchioli (1598 – 1671), daniyalik astronom Tixo Brage (1546 – 1601), polyak astronomi Yan Geveliy, nemis shahzodasi Gass (1532 – 1592) tasvirlangan.

Ikkinchi gravyurada Uraniyaning atrofini oʻrab turgan 10 nafar mashhur astronom huzuriga Yan Geveliy oʻzining yulduzlar katalogini taqdim etish uchun tashrif buyurgan holat tasvirlangan. Mirzo Ulugʻbek va u tashkil etgan akademiyaning Gʻarbiy Yevropada qanchalik mashhur boʻlganini Yan Geveliyning «Astronomiya darakchisi» asarida bitilgan gravyuralardan ham bilish mumkin. 1711 yili Oksfordda Ulugʻbekning geografik jadvali qayta nashr etildi. Mazkur jadval yunon tilida ham chop etilgan.

Pyotr I zamonida Ulugʻbekning «Zij»i Rossiyada ham chop etilgani tarixiy faktdir. Bu ishni yosh nemis olimi, Rossiya tashqi ishlar kollegiyasi a’zosi G.Ya.Ker amalga oshirdi. U Ulugʻbek «Zij»ining faqat soʻzboshisini fors tilidan lotin tiliga tarjima qilib, nashr etdi. Bu ishga uni Parij observatoriyasidan Pyotr I ning taklifiga koʻra, Peterburg Fanlar akademiyasiga ishga kelgan astronom Jozef Nikola Delil undagandi. J.N.Delil Peterburgga kelishdan oldin Rossiya astronomiyasini rivojlantirish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqqan edi. Mazkur dasturni amalga oshirish yoʻlida Sharq astronomiyasi erishgan yutuqlarni yaxshi oʻrganish lozimligini toʻgʻri anglagan olim, bu ishga G.Ya.Ker va Peterburgda yashayotgan gruzin shohi, fors tilini yaxshi egallagan Vaxtang VI ni ham taklif etadi. Vaxtang VI Rossiyaga kelguniga qadar oʻz kotibi M.Kavkasidze bilan birgalikda «Ulugʻbekning astronomik jadvallari»ning forschadan gruzin tiliga tarjimasini boshlagan edi. Keyinchalik bu tarjima Peterburgda nihoyasiga yetkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil may oyida chiqargan qaroriga asosan, mamlakatimizda Mirzo Ulugʻbekning 600 yillik toʻyi 1994 yilda keng nishonlandi. Bu yil esa ulugʻ olim va davlat arbobi, Sohibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi Mirzo Ulugʻbek tavalludiga 627 yil toʻldi. Ulugʻbekning hayoti va yaratgan asarlariga boʻlgan qiziqish hech bir zamonda soʻnmagan. Uning qalamiga mansub boʻlgan asarlardan biri — «Ziji jadidi Koʻragoniy» asari tarixiy ahamiyatga molikdir.

Havolalar

tahrir