ZIMMIY —(arab. birovning zimmasidagi shaxs), ahli zimma- islom davlati soyasida yashaydigan g‘ayridinlar. Ular dini, joni, moli va boshqa sohalarining tinch-omonligi musulmonlar zimmasida bo‘lganlardir. Ular bilan ahdnoma tuzilganda musulmonlar ana o‘sha narsalar ila ularni taʼminlashni o‘z zimmalariga olganlar. Payg‘ambar (s.a.v) davrlarida Madinai Munavvarada yahudiylar musulmonlar bilan ahdnoma asosida ahli zimma bo‘lib tinch-omon o‘z dinlariga amal qilib yashaganlar. Abu Bakr Siddiq (r.a)ning davrlarida ham ana o‘sha siyosat davom etdi. Umar ibn Hattob (r.a)ning Baytul Maqdis nasorolariga bergan ahdlari va ular bilan qilgan muomalalari islomda Zimmiylarga bo‘lgan munosabatning namunasidir. U kishi Jobiyada turganlarida huzurlariga Iliya axli kelib omonlik so‘rashdi. Ular bilan jizya berish haqidagi sulh tuzildi va quyidagi ahdnoma yozildi: „Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ushbu Allohning bandasi, mo‘minlarning amiri Umar Iliya ahliga bergan omonlikdir. U ularning jonlariga, mollariga, cherkovlariga, xochlariga, bemorlariga va sog‘lariga hamda barcha millatiga omonlik berdi. Ularning cherkovlari maskan qilinmaydi, buzilmaydi va cherkovlar, ulardagi narsalar, xochlar hamda ularning mol-u mulklaridan biror narsa kamsitilmaydi. Ulardan biror kishiga zarar yetkazshmaydi. Iliyada ular bilan birga birorta ham yahudiy maskan tutmaydi. Ahli Iliya zimmasida xuddi ahli Madoin bergandek jizya berish bordir. Rumlarni (vizantiyaliklarni) va o‘g‘rilarni chiqarish ularning zimmasidadir. U yerdan kim chiqsa, to omonlik yeriga yetib olgunicha joni ham, moli ham omonda bo‘ladi. Ulardan kim muqim qolsa, u ham omondadir. Uning zimmasiga ham ahli Iliyaga bo‘lgan jizya lozim bo‘ladi. Ahli Iliyadan kim joni va moli ila Rumlar bilan ketishni va ibodatxona hamda xochlarini qoldirishni istasa, ular omonlik joylariga yetib olgunlaricha o‘zlariga ham, ibodatxona hamda xochlariga ham omonlik bor. U yerda yer ahlidan kim bo‘lgan bo‘lsa, ulardan kim qolishni istasa qolaveradi. U ahli Iliya o‘tagan jizyani o‘taydi. Kim istasa, ahli Rum bilan ketaveradi. Kim istasa, ahliga qaytib kelaveradi. Hosillarini yig‘ib olmagunlaricha ulardan hech narsa olinmaydi. Qachon ular o‘z zimmalaridagi jizyani bersalar, ushbu maktubdaga narsalarda Allohning ahdi, Uning Rasulining zimmasi, xalifalarning zimmasi va mo‘minlarning zimmasi bor“. Ushbu ahdnomani Iliyaning aʼyonlariga olib borishganida ular cheksiz kuyundilar. Bunchalik kengliklar va himoyalar bo‘lishi ularning yetti uxlab tushlariga ham kirmagan edi. Bir ming to‘rt yuz yildan ko‘proq oldin yozilgan ushbu hujjatda Islom davlatining g‘ayridin kishilarga qandoq munosabatda bo‘lishi ko‘rinib turibdi. Ular to‘liq erkinlik, haq-huquqlari bilan taʼminlangan bo‘lishi ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ham o‘sha paytlarda ko‘pgina g‘ayridin xalqlar va jamoalar o‘z dindoshlari hukmidan ko‘ra musulmonlarning hukmini afzal ko‘rganlar. Bunga misollar ko‘p. Buni insofli g‘ayridin bohislar kitob qilib yozganlar. Ana o‘sha narsani hozirgacha birov qila olgani yo‘q. Hozirgi, xorijiy Sharqdagi musulmon mamlakatlarida Zimmiy haqidagi tasavvur borgan sari yo‘qolib bormoqda, qaysi dinda ekanidan qati’iy nazar barcha fuqarolar umumiy qonunga itoat etadilar.

Adabiyotlar

tahrir
  • ISLOM ENSIKLOPEDIYASI „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“

Davlat ilmiy nashriyoti, 2004