Ziyot Agayev
Ziyot Agayev — Yangi Buxoro shahar soveti raisi. Jalolquduq tuman partiya komiteti birinchi sekretari. Qatagʻon qurboni boʻlgan[1].
Ziyot Agayev | |
---|---|
Tavalludi |
1898-yil Miyon, Eron |
Vafoti |
1938-yil 8-oktyabr Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR |
Taʼlimi | O‘rta Osiyo kommunistik universiteti |
Faoliyat yillari | 1911—1938 |
Ziyot Agayev 1898-yilda Eronning Miyon hududida dehqon oilasida tug‘ilgan. Otasi yoshligida vafot etgan, onasi uyma-uy yurib kir yuvuvchilik, tikuvchilik qilgan. Oilada onasidan tashqari ikki opasi ham bo‘lgan. Ammo ularning 1913-yildan keyingi taqdiri noma‘lum.
1911-yildan yollanib ishlay boshlaydi. 1913-yilda eronlik Sayfullo ismli shaxs uni 5 eroniy tumanga 4 yil muddatga yollanib ishlashga taklif qiladi. Agayev bu pullarni onasida qoldirib, pudratchi Sayfullo bilan birga Rossiyaga ketgan.
1911-yildan 1912-yilgacha Marv stansiyasida va Chorjo‘y temiryo‘l stansiyalarida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan. Ziyot Agayevni pudratchi Sayfullo 1912-yilda yangi Buxoroga olib kelib paxta zavodiga ishga qo‘yadi. U Buxoroda 1914-yilgacha ishlaydi. 1914—1918-yillarga pudratchiga qaram bo‘lmasdan yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan. Agayev qishda paxta zavodida, yozda Buxoro tovar stansiyasida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan. 1919-yilda Yangi Buxoro uyezd-shahar partiya komiteti Agayevni paxta zavodidan olib, uyezd-shahar partiya komitetiga ishga qo‘yadi. U yerda targʻibot va milliy tartibot bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan. 1921-yilgacha maxsus bo‘lim vakili bo‘lib ishlagan[2].
1923-yilda O‘rta Osiyo kommunistik universitetida o‘qiydi. 1923-yilda VKP (b) Markaziy Komiteti Turkiston byurosi Agayevni Buxoro milliy sovet respublikasi partiya tashkiloti Markaziy komiteti ixtiyoriga yuboradi. U yerda Agayev Yangi Buxoro shahar soveti raisi qilib tayinlanadi[3]. Bu lavozimda 1924-yilgacha faoliyat ko‘rsatadi.
1931—1933-yillarda Bauman tuman partiya komiteti mas’ul kotibi bo‘lgan.
1935-yilning boshlarida Jalolquduq tuman partiya komiteti birinchi sekretari etib tayinlanadi.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938-yil 8-oktyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Agayev Ziyot oliy jazo-otishga hukm qilinadi. Sud hukmi o‘sha kuni ijro etilgan. Vafotidan keyin Ziyot Agayev oqlangan.
Manbalar
tahrir- ↑ Naim Karimov. 1937-1938-yillardagi „Katta qirg'in“ning fojiali oqibatlari. Toshkent 2015 — 153-bet.
- ↑ Rustambek Shamsutdinov. O'zbekistonda sovetlarning qatag'on siyosati va uning oqibatlari (1-kitob) (o'zbekcha). Toshkent: Sharq nashriyoti 2012 — 78-bet. ISBN 978-9943-00-481-8.
- ↑ „АГАЕВ Зияд (Зия)“. centrasia.org. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.