Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy

hofiz va muhaddis

Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy (arabcha: أبو علي الحافظ الشاشي — Abu Ali Hasan ibn Sohib ibn Humayd al-Hofiz ash-Shoshiy) — hofiz va muhaddis.

Abu Ali Hasan ibn Sohib ibn Humayd al-Hofiz ash-Shoshiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 926-yil (hijriy 314-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi hofiz, muhaddis

Shoshda tug‘ilib, voyaga yetgan. Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy imom, hofiz, ko‘p yurtlarni kezgan sayyoh boʻlib, ilm talabida Xuroson, Iroq, Shom, Haramayn (Makka va Madina), Yaman, Misrdagi turli tabaqa sohiblari bo‘lgan muhaddislardan hadislar eshitgan.

Iqtibos tahrir

Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy hakida Irshād" asari muallifi quyidagicha bayon qilgan:

U Xuroson shayxlarining kitoblarida zikr etilgan katta hofiz edi.

Faoliyati tahrir

Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy nafaqat hadislar, balki yuqorida aytilganidek, o‘zi safar qilgan mamlakatlar, shuningdek, katta olimlar, shayxlar to‘g‘risida tarixiy maʼlumotlar qoldirgan. Jumladan, Imom Shofeʼiydan Qur’on haqida quyidagilarni eshitgan: „Uf, uf, Qur’on Allohning kalomidir. Kimki, uni maxluq desa, kofir bo‘ladi (isnodi sahih)“. O‘sha davr­da muʼtaziliylar tomonidan „Qur’on maxluqmi yoki yo‘qmi?“, degan masalada ixtiloflar chiqqan. Imom Shofeʼiydan bu haqda so‘ralganida, u „uf“ tortib, keyin javob bergan.

Al-Halimiyning aytishicha, Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy katta hofiz boʻlib, Xuroson shayxlaridan hadislar yozib olgan. „Tarӣx Bag‘dād“ kitobida Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiyning Xuroson shaharlari va tog‘lari, Iroq, Hijoz, Shom haqida turli maʼlumotlar yozganligi qayd etilgan.

Hadislari tahrir

Maʼlumki, Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy al-Jaziraga ham safar qilib, u yerda shayx, faqih, alloma Abu-l-Qosim Umar ibn Muhammad ibn Ikrima ibn Bazriy al-Jazariyga shogird tushgan. O‘z navbatida, Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiydan Abu Ali an-Naysoburiy, Abu Bakr Muhammad ibn aj-Juabiy, Muhammad ibn Ismoil al-Varroq, Abu Bakr Qaffol ash-Shoshiy, Abu Ali Hofiz, Muhammad ibn Muzaffar va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. Buyuk alloma Abu Bakr Qaffol ash-­Shoshiy Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiydan quyidagi ha­disni rivoyat qilgan: „Sheʼrni o‘rganinglar, chunki unda hikmat va masallar bordir“.

923-yil (hijriy 311-yil)da Bag‘dodga kelib, Ali ibn Xashram, Ishoq ibn Mansur, Abu Zur’a ar-Roziy, Amir ibn Abdulloh al-Udiy, Muhammad ibn Avf al-Himsiy, Abdo ibn Sulaymon al-Basriy, Iso ibn Gʻiylon, Hubayra ibn al-Hasan Zohid, Muhammad ibn Abdulaziz ad-Daynuriy va boshqalardan hadis ri­voyat qilgan.

Eʼtirof tahrir

Tarӣx Bag‘dād“, „Tabaqāt al-huffāz“, „Tazkira al-huffāz“, „Al-Ansāb“, „Si­yar aʼlām an-nubalā“, „Irshād“ kabi qator arab manbalarida Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy nomi „al-Hofiz“, deb hurmat bilan tilga olinib, ishonchli muhaddis sifatida eʼti­rof etilgan[1].

Adabiyotlar tahrir

  1. Az-Zahabiy. Siyar. „Muassasa ar-risola“, 1985. XIII, 205, 325; XIV, 431;
  2. Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. — Bayrut: „Dor al-kutub al-’ilmiyya“, 1996. VII, 33;
  3. N. Muhamedov. Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi. — T.: „Toshkent islom universiteti“, 2007. 69.

Manbalar tahrir

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.