Ahmad Hojibek (vaf. 1496, Buxoro) – davlat arbobi, shoir. Temuriy shahzodalar xizmatidagi “zamonasining bebadallaridan” (Navoiy). Sulton Malik Koshgʻariyning oʻgʻli. Xurosonda tahsil olgan.

Faoliyati tahrir

Sulton Abusaidning nufuzli amirlaridan sanalgan. 1455–1465-yillarda Hirotda hokimlik qilgan. 1465-yilda shahzoda Sulton Ahmad Mirzoning eshikogʻasi sifatida uning nomidan Samarqandda 1496-yilgacha shahar hokimi sifatida faoliyat yuritadi. Sulton Mahmud Mirzoning oʻgʻillari Boysungʻur Mirzo bilan Sulton Ali Mirzo oʻrtasida Buxoroda boʻlib oʻtgan urushda asir olinib, Boburning yozishicha, shahzodalarning togʻasi boʻlmish “Darvesh Muhammad Tarxonning qonining tuhmati bila beizzatona oʻlturdilar”.

Xayrli ishlari tahrir

Ahmad Hojibek maʼrifatparvar va insonparvar hokim sifatida nom qozongan. Ilm, madaniyat va adabiyot rivoji uchun jon kuydirgan, ilmu adab va hunar ahlini qoʻllab-quvvatlagan, maktab va madrasalar qurilishi, obodonchilik ishlariga katta eʼtibor qaratgan. Hirotdaligida Abusaid tarixini yozayotgan Mavlono Abdusamad Badaxshiy va Sultonning xos mulozimi Shayxim Suhayliy vositasida Ahmad Hojibek bilan yaqin aloqa oʻrnatgan Navoiy oʻsha paytda poytaxtda oʻziga nisbatan boʻlgan eʼtibordan koʻngli toʻlmay, biror yoqqa bosh olib ketish qaroriga kelganida aynan uni orqa qilib, Samarqandga yoʻl oladi. Ahmad Hojibek Samarqandda Alisher Navoiyning ilm olishi va yashashi uchun barcha sharoitni yaratib beradi, moddiy va maʼ-iy jihatdan hamisha qoʻllab-quvvatlaydi.

Husayn Boyqaro Hirot taxtini egallagach, bolalik doʻstiga maxsus manshur yuboradi va u Ahmad Hojibekdan ijozat soʻrab, Hirotga yoʻl oladi.

Navoiy eʼtirofi tahrir

Alisher Navoiy Ahmad Hojibekning davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga yuksak baho beradi: “Hirot dor us-saltanatida oʻn yilgʻa yaqin hukumat qildi. Samarqand mahfuzasida ham muddate hokim erdi. Va bir qarn boʻla bordikim, istiqlol bila amorat va istiqror bila podshohgʻa nayobat qiladurkim, hech kishi andin bir nomulo­yim nimakim, mujibi eʼtiroz boʻla olgʻay, naql qilmaydur. Bovujudi bu bekning sipohiylikda jalodat va bahodurligʻin har kishikim tanir, musallam tutar”.

Ijodi tahrir

Ahmad Hojibek Vafoiy taxallusi bilan sheʼrlar yozib, devon tuzgan. Navoiy uning ijodiga yuqori baho bergan. Jumladan, “Majolis un-nafois”da shunday deyiladi: “Surati xush va siyrati dilkash, axloqi hamida va atvori pisandida yigitdur... Va tabʼi bagʻoyat xoʻb voqeʼ boʻlubtur va nazmgʻa koʻp iltifot qilur. Bu matlaʼ aningdurkim:

Girifti joni man az tan, ba zulfi purshikan basti, Kushodi parda az ruxsori xesh-u chashmi man basti.

(Mazmuni: Jonimni tanimdan olib, halqa-halqa sochlaringga bogʻlading. Yuzingdan pardani ochib, (u bilan) koʻzimni bogʻlading).

Navoiyning Ahmad Hojibekka mehr va ixlosi shu qadar baland boʻlganki, Hirotda Vafoiy taxallusi bilan sheʼr yoza boshlagan bir shoirni oʻz taxallusini oʻzgartirishga undaydi, uning qalamiga mansub sheʼrlarni oʻz nomiga oʻtkazib yubormaslik haqida ogohlantiradi. “Soqiynoma”sida Ahmad Hojibekni eslab, Vafoiy taxallusi bilan mashhur boʻlgani, vafo ahlining eʼtiroficha, u vafo ichra safo topgani, yaʼni hayot mazmunini vafoda deb bilgani xususida yozadi[1][2][3][4].

Manbalar tahrir

  1. “Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat”. 
  2. “Majolis un-nafois”. 
  3. „Murabbiylik va muqavviylik bizga bobomeros“ (2021-yil 11-fevral). Qaraldi: 2023-yil 7-yanvar.
  4. „Alisher Navoiy Samarqandga nima uchun kelgandi?“ (2022-yil 9-fevral). Qaraldi: 2023-yil 7-yanvar.