Astronomiyaning paydo boʻlishi

Astronomiyaning paydo boʻlishi — Astronomiya bir necha yildan beri mavjud boʻlib, bu vaqt mobaynida u uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgan. Ilk astronomlar yulduzlarni hech qanday asbobsiz koʻz bilan kuzatishga erishishgan[1]. Zamonaviy olimlar esa ulardan farqli ravishda koinotni kuchli teleskoplar yordamida kuzatishmoqda. Kecha va kunduzning almashinuvi Quyoshga bogʻliqligini insonlar qadimdanoq anglab yetishgan. Kechasi ufq ortiga yashiringan yoritqichimiz ertalab qarama-qarshi tomondan chiqib kelgan. Yozda Quyosh juda erta chiqqan, lekin kundan kunga kechroq chiqa boshlagan, kechki payt esa borgan sari vaqtliroq bota boshlagan. Shu tariqa qish kelgan. Quyosh harakatida qatʼiy tartib hech qachon oʻzgarmagan. Bu esa vaqtni hisoblab borish imkonini yaratgan. Odamlar qadimdan qaysi yulduzlar tungi osmonning qayerida joylashganini eslab qolish qobiliyatiga ega boʻlishgan. Yulduzlar yilning turli faslida turlicha joylashishini aniqlashgan[2]. Bu bilimlar suvda va quruqlikda sayohat qilganda adashib qolmaslik uchun yordam bergan.

Qadimgi odamlar osmonda Quyosh va Oy harakatlanishini kuzatib vaqt hisobini olishgan. Olimlar suyakdan ishlangan qurolda va gʻor devorlarida uzun va kalta chiziqlardan iborat boʻlgan taqvimlar (Kalendarlar) topishga muvaffaq boʻlgan.

Qadimgi dengizchilar yulduzlarga qarab toʻgʻri yoʻnalishda kelishayotganini tekshirib koʻrishgan. Shunday kuzatishlar natijasida astronomiya fani paydo boʻlgan.

Angliyada 4000 yillik inshoot boʻlib, u Stounxenj — xarsangtoshlardan qurilgan aylana shakldagi murakkab inshoot hisoblanadi. U qadimgi rasadxona (observatoriya) — tosh davrida qurilgan boʻlib, Quyosh, Oy va yulduzlar harakatini kuzatishga moʻljallangan maxsus joy[3]. Hozir Stounxenj vayrona shaklda yotibdi. Ammo bir paytlar u umuman boshqacha koʻrinishda boʻlgan: tosh palaxsalari aylana boʻylab bir tekis tizilgan, tosh plitalari bilan qoplangan boʻlgan. Ularning oʻrtasidagi tor tirqishlarga hatto Quyosh nurlari tushgan. Qadimgi astronomlar yorugʻlik qachon va qayerda tushishini qayd qilib yil fasllarining almashishini, teng kunliklarni, Quyosh turishlarini hisoblashgan. Stounxenj Britaniyaning qadimgi aholisiga tosh taqvim sifatida xizmat qilgan[4].

Manbalar tahrir