Baxt — maʼnaviy-axloqiy tushuncha. Kishi oʻz faoliyati natijalaridan, hayotda qoʻlga kiritgan yutuqlaridan toʻla qoniqish, yashash tarzidan mamnunlik, muayyan maqsadga yetganlik, orzu-umidning ushalishi, bearmonlik holati sifatida namoyon boʻladi.

Ludovico Antonio Muratori, 1749

Baxt qadimgi davrda evdemonizm falsafasining asosiy tushunchasi boʻlgan. Uning vakillari Baxtga hayotning asosiy maqsadi, kishilar institutiladigan masrurlikka erishilgan holatning , shod-xurram boʻlishning eng oliy koʻrinishi sifatida qaraganlar. Aristotel, Epikur, Diogenlar ham shunday tushunganlar. Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Saʼdiy, Navoiy kabi olim va mutafakkirlar ijodida bu mavzu muhim oʻrin egallagan. Zamonaviy oʻzbek adabiyotida ham bu mavzuga katta eʼtibor berilmoqda.

Baxt nisbiy tushuncha, mutloq Baxt yoʻq. Baxtni qanday maʼnoda tushunish shaxsning ijtimoiy oʻrniga, bilimi, yoshi, dunyoqarashiga bogʻliq. Baxt haqidagi kishilarning tasavvurlari ijtimoiy tuzum va undagi ijtimoiy munosabatlar majmuasi bilan uzviy bogʻliq. Chinakam Baxtli boʻlish uchun har bir shaxs erkin, teng, oʻz isteʼdod va qatʼiyatini har tomonlama namoyon qilishi, moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega boʻlmogʻi zarur. Shuningdek, Baxtga erishish uchun har bir shaxs jamiyatda, oilada oʻz oʻrnini topgan, burch va masʼuliyatni anglagan boʻlishi lozim. Odam oʻz ongi, tafakkuri, dunyoqarashi, xatti-harakati, xulqi, aql-zakovati bilan Baxtli boʻlish uchun intilishi va kurashishi kerak. Inson oʻz taqdirini xalq, Vatan taqdiri bilan uygʻunlashtirgandagina toʻla Baxtli boʻlishi mumkin.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil