Davlat hokimiyati vakillik organlari

Davlat hokimiyati vakillik organlari — fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining vakillik shakli. D.h.v.o. vakillik xususiyati ularning saylov yoʻli bilan tashkil etilishi, masalalar jamoa tomonidan erkin muhokama asosida hal qilinishidan, oshkoralikdan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ular saylaydigan, tasdiqlaydigan yoki tayinlaydigan mansabdor shaxslar vakillik organi oldida masʼul boʻlishidan va hisob berib turishidan, qonuniylikdan, fuqarolarni davlat ishlarini boshqarish ishiga keng koʻlamda jalb etishidan, jamoatchilik fikrini doimo hisobga olishidan iborat. Oʻzbekiston Respublikasida D.h.v.o. tarkibiga oliy vakillik organi — Oliy Majlis va mahalliy vakillik organlari — hokim boshchilik qiladigan viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari kiradi.

Oliy Majlis fuqarolar tomonidan hududiy saylov okruglari boʻyicha koʻp partiyali saylov asosida 5 yil muddatga saylanadigan 250 nafar deputatdan iborat. 18 yoshga yetgan fuqarolar Oliy Majlisga saylash, 25 yoshga yetgan fuqarolar saylanish huquqiga ega. Deputatlar oʻz saylovchilarining, deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan tegishli siyosiy partiya yoki D.h.v.o.ning vakili hisoblanadi. Oliy Majlisning huquqiy maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 5-boʻlim 18-bobida, Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlis toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy qonunida (1994 y 22 sentabr) va Oliy Majlis reglamenta da belgilab berilgan.

Mahalliy vakillik organlariga deputatlar 5 yil muddatga 18 va undan yuqori yoshdagi fuqarolar tomonidan saylanadi, saylanish huquqi 21 va undan yuqori yosh qilib belgilangan. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy maqomi hamda vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 5-boʻlim 21-bobida hamda "Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida"gi qonunda (1993 yil 2 sentabr) belgilangan (yana qarang Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi). Sayt a`zolariga savol sizlarni qaysi maqolalaring o`zi butun

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil