Organizmlar sistemasi - Yer yuzida mavjud boʻlgan va qirilib ketgan organizmlar sistemasi. Tirik orga-nizmlarning 2 mln.dan ortiq (baʼzi maʼlumotlarga koʻra, 2,5—3 mln.ga yaqin) turi mavjud. Zamonaviy sistematika turlar oʻrtasida qarindoshlik munosabatlarini namoyon qiladigan turdan va kenja turlardan boshlab eng yuksak taksonlar — sinflar, boʻlimlar (tiplar) va dunyolargacha boʻlgan darajada ishlab chiqiladigan filogenetik, yaʼni evolyutsion sistemani tuzishga harakat qilmoqda. Ammo 19-asrdayoq ayrim olimlar barcha bir hujayralilar yoki hatto tuban organizmlar (sodda hayvonlar, suv oʻtlari, tuban zamburugʻlar)ni mustaqil dunyoga ajratishni, ayrim mikologlar esa zamburugʻlarga alohida dunyo sifatida qarashni taklif etishgan. Shunga qaramay, 20-asr oʻrtalarigacha organik olam faqat oʻsimliklar va hayvonlar dunyosiga ajratib kelindi. Faqat 20-asr oʻrtalarida elektron mikroskopiya va molekulyar biologiyaning rivojlanishi bilan yuksak taksonlar sistemasini butunlay yangidan qayta ishlab chiqish boshlandi.

Hozirgi tiriklikning eng yirik boʻlimlari viruslar va hujayrali organizmlar hisoblanadi. Hujayrali organizmlar prokariotlar va eukariotlarga aj-ratiladi. Prokariotlarga bakteriyalar va koʻk-yashil suvoʻtlar kiradi. Ularning yadro membranasi, mikronaychalari, aktinomiozin harakat sistemasi boʻlmaydi; genlari operon, RNKsi polistron holida tashkil topgan; ribosomalari juda mayda (70S) boʻladi. Prokariotlarning halqa shaklidagi yagona xromosomasi sitoplazmada erkin joylashgan; ularda translyasiya va transkripsiya birgalikda boradi. Peptidoglikanli hujayra devori, bakterial flagellinli xivchin va gazli vakuola prokariotlar uchun xos. Eukariotlarga sodda hayvonlar, suvoʻtlar (koʻk-yashil suvoʻtlardan tashqari), zamburugʻlar, koʻp hujayrali oʻsimliklar va hayvonlar kiradi. Ular yadrosi membrana bilan oʻralgan. Sitoplazmasida mikronaychalar va aktinomiozinli harakat sistemasi boʻladi (endotsitoz, ekzotsitoz, amyobasimon harakatlanish va boshqa sitoplazmatik harakatlanishni yuzaga keltiradi). Translyasiya va transkripsiya alohida boradi; RNKsi monotsistronli, ribosomalari yirik, xromosomalari koʻp chizikdi, xromatini nukleosoma tarzida; mitoz orqali koʻpayadi. Eukariotlar hujayrasining nafas olishi mitoxondriyalarda, fotosintez esa xloroplastlarda boradi. Eukariotlar xivchini bir xil tipda murakkab tuzilgan. Ularning bir qan-cha organoidlari, mas, mitoxondriyalar va xloroplastlarning kelib chiqi-shi endosimbiotik bakteriyalar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Prokariotlar va eukariotlar organik olamning 2 ta katta dunyosi hisoblanadi. Prokariotlar katta dunyosi 2 ta dunyo — eubakteriyalar va arxebakteriyalarga ajratiladi. Ular, asosan, lipidlar tarkibi boʻyicha oʻzaro farq qiladi.

Eukariotlar sistemasiga 2 xil yondoshuv mavjud. 1-xil yondoshuvga koʻra, eukariotlar 4 dunyoga, xususan, koʻp xujayralilar bir-biridan yaxshi farq qiladigan monofilik 3 dunyoga: koʻp xujarali hayvonlar (Metazoa), yuksak koʻp hujayrali quruqlik oʻsimliklari (Metaphyta)ra va yuksak zamburuglar (Eumycota) ajratiladi. Qolgan barcha eukariotlar (bir hujayralilar, koloniyalilar, ayrim koʻp hujayralilar) bitta protistlar (Protista) dunyosiga birlashtiriladi. Boshqa xil yondoshuvga koʻra, barcha eukariotlar filogenetik jihatdan oʻzaro teng boʻlgan juda koʻp dunyoga ajratiladi. Agar hozirgi ilmiy nuqtai nazardan qaraladigan boʻlsa, bu xildagi yondoshuvga koʻra, 10—15 ta eukariotlar dunyosini ajratish mumkin. Lekin, ayniqsa, tuban eukariotlar oʻrtasidagi qarindoshlik munosabatlarining noanikdigi bunday sistemalarning ishonchli boʻlishiga imkon bermaydi. Shunday qilib, tuban eukariotlar oʻrtasida chegara munozarali masala boʻlib qolmokda. Hamma uchun maʼqul keladigan Organizmlar sistemasi hozirgacha ishlab chiqilmagan. Shuning uchun har xil manbalarda koʻrsatiladigan dunyo, kenja dunyo va tiplar (boʻlimlar) soni ham bir xil emas. Zamonaviy Organizmlar sistemasiga misol tariqasida A. L. Taxtajan. L. Margelis, J. Korlis, S. Karpov, I. M.Mirabdullayev va boshqalarning sistemasini koʻrsatish mumkin. Bu mualliflarning sistemasi asosida Organizmlar sistemasi quyidagi koʻrinishga ega boʻladi:1. Katta dunyo. Prokariotlar (Prokaryota).

1. Eubakteriyalar (Eubacteria) dunyosi.

2. Arxebakteriyalar (Archaebacteria) dunyosi.

II. Katta dunyo. Eukariotlar (Eukaryota).

1. Protistlar (Protista) dunyosi.

2. Koʻp hujayrali hayvonlar (Metazoa) dunyosi.

3. Haqiqiy zamburugʻlar (Eumycota) dunyosi.

4. Yuksak oʻsimliklar (Metaphyta) dunyosi.u4 yil:Kusakin O. G., Drozdov A. L., Filema organicheskogo mira. Chast 2, SanktPeterburg, 1998; Margelis L., Rol simbioza v evolyusii kletki, M., 1983.

Iskandar Mirabdullayev.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil