Senogenez (yun. kainos — yangi va ...genez) — organizmning embrional yoki lichinka rivojlanishining oʻziga xos sharoitlariga moslashuvi. S.ga amnion, xorion, allantois, sariqlik xaltasi, yoʻldosh va boshqa provizor (vaqtinchalik) murtak organlar, embrional rivojlanish tezligi, embrion varaqlari hosil boʻlishi va joyining oʻzgarishi misol boʻladi, "S" terminini nemis olimi E.Gekkel oʻzining biogenetik qonun konsepsiyasida taklif etgan (1866). Dastlab S. ontogenezdagi har qanday oʻzgarishlarga nisbatan ishlatilgan. S.ning A.N. Seversov ishlab chiqqan filembriogenez nazariyasida (1912) S.ga faqat embriologik va lichinkalik moslanish tarzida qaraladi.