Taspar (Xitoy manbalarida Tobo xoqon, asli turkiy ismi Arslon) (?— 581) — Turk xoqonligi xoqonlaridan biri (572— 581). Bumin xoqonning oʻgʻli.

Taspar xoqon davrida qurilgan Bugut yodgorligi, 585 yil

T. akasi Mugʻon xoqonning vafotidan soʻng taxtga chiqqan. T. davrida Turk xoqonligining kuch qudrati eng yuqori pogʻonaga koʻtarilgan. Davlat chegaralari gʻarbda Qora dengizdan sharqda Manjuriyagacha, shimolida Yenisey daryosidan janubida Amudaryogacha kengaygan.

T. xoqon buddaviylik diniga homiylik qilgan va oʻzi ham shu dinni qabul qilgan. Buddaviylik rohibi Chinagupta oʻn yil (574—584) oʻzining dindoshlari bilan xoqon qarorgohida yashagan va targʻibot ishlarini olib borgan. Turk tiliga buddaviylikning baʼzi sutralari tarjima qilingan, xoqon qarorgohida esa bir nechta ibodatxona va monastirlar qurilgan. Uning davrida turk va sugd tillari davlat tili vazifasini oʻtagan.

Tasparning vafotidan soʻng Turk xoqonligida oʻzaro urushjanjallar boshlanib ketgan va natijada, 603 yilda bu ulkan davlat 2 qismga Garbiy Turk xoqonligi va Sharqiy Turk xoqonligiga boʻlinib ketgan.

Adabiyot tahrir

  • Gumilev L.N., Drevniye tyurki, M., 1967;
  • Istoriya Vostoka, t.2, M., 1995.