Gigantizm (yun. "gigas", "gigantos" — ulkan), ulkanlik, darozlik — odam boʻyining haddan tashqari baland boʻlishi, patologik oʻsishi. Gipofizda oʻsish gormonining koʻp ishlanib chiqishi sabab boʻladi. Gigantizm koʻproq erkaklarda, oʻsmirlik davrida uchraydi. Boʻyi 1,75 m dan baland kishilar novcha, 2 m dan balandlari daroz hisoblanad (Akromegaliya). Gigantizmni baland boʻylilik bilan yanglishtirmaslik lozim. Gigantizmning yevnuxoid xilida barmoqlar, qoʻl-oyoq panjalari katta boʻladi, lekin ikkilamchi jinsiy belgilar va jinsiy aʼzolar yaxshi rivojlanmaydi. Baʼzan tananing faqat ayrim-aʼzolar, katta yoki uzun boʻladi, bu qisman gigantizm deyiladi. Gigant odamlar hamisha sogʻlom boʻlavermaydi, ular bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, tez charchash, qoʻl-oyoqlari ogʻrishidan shikoyat qilishadi. Muskullari oldiniga baquvvat boʻlishi mumkin, keyinchalik esa kuchsizlanib qoladi. Xotira, ruhiy faoliyat hamda jinsiy funksiyalarning buzilishi, shuningdek gormonal oʻzgarishlar (qalqonsimon bez, meʼda osti bezi, jinsiy bezlarda) kuzatiladi. Ularning buy-basti mutanosib boʻlmaydi, oyoq-qoʻli, ayniqsa oyogʻi uzun boʻladi, boshi hiyla kichik koʻrinadi. Agar bola tengqurlaridan ancha baland boʻlsa, shifokorga murojaat qilib, tegishli maslahatlar olish lozim. Gormonal preparatlar, nur bilan davolash koʻpincha yaxshi foyda beradi[1][2] .

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „Gigantizm“ OʻzME. G-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil