Vaza (frans. vase, lot. vas — idish) — meva, gul va boshqa narsalar uchun ishlatiladigan badiiy buyum. Sopol, shisha, chinni, metall va b. xom ashyolardan turli shakllarda yasaladi, boʻyama, oʻyma, chizma va boʻrtma naqsh, tasvirlar bilan bezatiladi. Vaza tayyorlash va bezash antik sanʼatda muhim oʻrin egallagan: kora va qizilga boʻyalgan tayyor Vazaga rassom naqsh, tasvir ishlagan, keyin kora lok bilan boʻyagan; qoliplar yordamida ham V. tayyorlangan. Yunonlarning bu sanʼati Yevropada Vazani tayyorlash va bezash sanʼati uchun namuna boʻlib xizmat qilgan. Oʻrta Osiyoda ham qadimdan Vaza turi (koʻza, koʻra, amfora va boshqa) tayyorlangan, ular naqsh, tasvirlar bilan bezatilgan, arablar istilosidan soʻng esa uslublashtirilgan oʻsimliksimon va girih naqshlar bilangina bezalgan. Hozirda OʻzRdagi chinni zavodlarda, kulollik ustaxonalarida bezatilgan, badiiy qimmatli (tasvirlar, mashhur kishilarning portreti ishlangan) Vaza turlari koʻplab ishlab chiqariladi.

xitoy vazasi

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil