Asli va Karam“ – xalq dostoni. Turkiylarning oʻgʻuz guruhiga mansub qavmi orasida aytib kelingan. Ayniqsa, Xorazm vohasida mashhur, shuningdek, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Armaniston, Kurdiston va Iroqda ham maʼlum.

„Asli va Karam“ qaysi variant yoki versiyada ijro etilmasin, uning asosiy mundarijasi chin sevgi-muhabbat gʻoyasini tarannum etishdan iborat. Uning koʻpchilik ishqiy-romantik dostonlardan farqi shundaki, agar boshqa dostonlar qahramonlari uzoq davom etgan judolik va turli-tuman sarguzashtlardan soʻng topishib, murod-maqsadlariga erishsalar, „Asli va Karam“da ikki sevishganning taqdiri fojia bilan tugaydi. „Asli va Karam“ning eng mukammal oʻzbekcha varianti Xonqa tumanida yashagan Soʻna xalfadan yozib olingan boʻlib, Xorazm xalqiga xos boʻlgan mahalliy xususiyatlarga boy. Bunda faqat ikki sevishgan qalb sarguzashtigina emas, balki XVI asr davri ham maʼlum darajada aks ettirilgan. Buni doston qahramonlarining diniy eʼtiqodi, turmushga nisbatan munosabatlari, shuningdek Xorazm oʻzbeklari etnik madaniyatiga xos jihatlardan ham anglash mumkin. „Asli va Karam“ dostoni ilgari baxshilar tomonidan kuylab kelingan boʻlsa, XX asrga kelib, xalfalar repertuaridan ham oʻrin olgan. Xivalik shoira va xalfa Xonim suvchi bu dostonni mukammal yod bilgan va toʻy-sayillar, xotin-qizlar davralarida ham mahorat bilan kuylagan[1].

Adabiyotlar tahrir

Manbalar tahrir

  1. "Asli va Karam" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil