"FOTON" AKSIYADORLIK JAMIYATI — radioelektronika sanoatining yirik korxonasi. "Oʻzeltexsanoat" uyushmasi tarkibiga kiradi. Toshkent shahrida joylashgan. Radioelektronika asbobuskunalari va turli radioelektronika mahsulotlari ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan elektron texnika mahsulotlari, shu jumladan televizorlar, xotirali kassa apparatlari va boshqa xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqaradi, ularning ishlanmalarini yaratadi, 1941-yilda Fryazino shahridan (Moskva viloyati) evakuatsiya qilingan "Radiolampa" elektrovakuum asboblari zavodi negizida tashkil etilgan. Urush yillarida zavod mudofaa mahsulotlari ishlab chiqargan. 1966-yildan Toshkent elektron texnika zavodi deb nomlangan. 1976-yilda korxona va uning filiallari negizida "Foton" ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. 1995-yildan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. Korxonada oʻtgan asrning 50—80-yillarida mudofaa sanoati ahamiyatidagi qabul qilgichkuchaytirgich lampalari, generator lampalari, gazotronlar, kenotronlar — yuqori voltli toʻgʻrilagichlar, qotishmalar texnologiyasi boʻyicha yarimoʻtkazgichli priborlar, bipolyar texnologiyalar asosida qattiq jinsli integral mikrosxemalar (15 tipdan koʻproq) ishlab chiqarildi.

90-yillar boshidan korxonada ishlab chiqarish yoʻnalishlari qayta tashkil qilindi. 1994-yilda Ukraina ("Vesna") va 1997-yilda Yaponiya (Sony) firmalari bilan hamkorlikda oqqora va rangli televizorlar, 1995-yildan xotirali kassa apparatlarini ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.

Mahsulotlari, ayniqsa, yarimoʻtkazgichli priborlar "FotonR" savdo uyi orqali Rossiyaga eksport qilinadi. Umumiy ishlab chiqarish hajmida eksport hissasi 55%ni tashkil etadi (2003).

Maʼruf Saidumarov.