Sabʼai sayyor“ („Yetti sayyora“) — „Xamsa“ Alisher Navoiyning toʻrtinchi dostoni (1484), ishqiysarguzasht harakterda. 38 bob (5000 baytdan oshiq). Sharqda keng tarqalgan „Bahrom Goʻr“ afsonasi asosida. Afsona Eronning sosoniy hukmdori Chyaraxran V (420— 438 hukmronligi) nomi bilan bogʻliq (Varaxran — dariycha Bahrom). U goʻr— qulon oviga oʻchligi uchun Bahrom Goʻr nomi bilan mashhur. Afsonani yozma adabiyotga, dastlab Firdavsiy olib kirgan. Soʻng Nizomiy, Xusrav Dehlaviy va boshqa shu mavzuda asarlar yozganlar. Navoiy bu tajribalarni umumlashtirib, mukammal original doston yaratgan. Doston Sharqda „Bahrom va Gulandom“, „Bahromnoma“, „Haft manzari Bahrom“ nomlari bilan shuhrat qozongan. „Sabʼai sayyor“ anʼanaga koʻra, hamd, munojot va naʼt bilan boshlangan, soʻng voqealar bayon etilgan. Mundarijasi „Hamsa“dagi boshqa dostonlardan farq qiladi; hikoya ichida hikoya usulida yozilgan. Bahrom va Dilorom voqeasi asarda qoliplovchi hikoya boʻlib, uning ichida yana 7 hikoya keltirilgan. Ular asarning umumiy yoʻnalishi bilan chambarchas bogʻlanib, yaxlit bir badiiy asarning uzviy qismlarini tashkil etadi. Ayni vaqtda hikoyaning har biri mustaqil hisoblanadi va mavzular davrning, xalq turmushining muhim tomonlarini qamrab oladi; xalq hayoti, tinchlik va osoyishtalik, adolat va vatanparvarlik, sevgi va maʼrifat gʻoyalari ilgari suriladi, munofiklik va zolimlik qoralanadi.

Bahrom — 7 iqlim shohi. Ovda uni izlab kelayotgan Moniyni uchratadi. Moniy xitoylik goʻzal Dilorom haqida xabar beradi, oʻzi chizgan qizning suratini koʻrsatadi. Shoh suratni koʻrib telbalarcha oshiq boʻladi. Xitoyning 1 yillik xirojini toʻlab, qizni saroyga keltiradi. Shoh qizga butunlay mahliyo boʻlib, mamlakat ishlarini unutadi. Mastlik bilan sevgilisidan ham ajraladi, soʻng uzlatga beriladi. Undagi savdoyilikni daf etmoq uchun 7 iqlim shohi 7 rangdagi 7 qasr qurdiradi. Baxrom ularning har birida har kuni 1 musofirdan hikoya tinglaydi, tuzala boshlaydi. Nihoyat 7-kun oq qasrda Diloromning daragini eshitadi va uni topadi. Yana ovga, ayshishratga beriladi va navbatdagi ov paytida butun arkoni davlati bilan yer yutadi.

Navoiy Bahrom obraziga juda katta maʼno-mazmun yuklagan. Uning timsolida oshiqlik va shohlikning bir tanga sigʻmasligini koʻrsatgan. Navoiy asar voqealarini Xurosonu Movarounnaxr hayoti bilan bogʻlashga harakat qilib, qissaga turkona ruh bergan. „Sabʼai sayyor“ voqealari, qahramonlarining xatti-harakatlari yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Navoiydan soʻng ogʻzaki va yozma adabiyotda „Sabʼai sayyor“ning bir necha variantlari yaratildi [ Sayqaliy „Bahrom va Gulandom“, N. Sitsishvili „Bahromguriani“ dostonlari; K.Yashin „Mehr va Suhayl“ musiqali dramasi, K. Yashin, M.Muhamedov „Dilorom“ operasi librettosi, Gʻaribiy (19-asr) „Shoh Bahrom va Dilorom“, Umar Boqiy „Qissai haft manzari Bahrom“, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli „Bahrom va Gulandom“ va boshqa].

Manbalar tahrir