Xusrav Dehlaviy

Hind shoiri, adabiyotshunosi va bastakori

Xusrav Dehlaviy (taxallusi; toʻliq ismi Yaminiddin Abdulhasan) (1253, Patyoli — 1325.27.9 Dehli) — hind shoiri, adabiyotshunosi va bastakori.

Xusrav Dehlaviy
Tavalludi 1253
Vafoti 1325
Dehli
Kasbi shoir, faylasuf, bastakor
Ijod qilgan tillari Arab tili[1], Turk tili[1], Hind tili[1], Fors tili[2][1] va Urdu

Hayoti

tahrir

X.D.ning otasi Sayfuddin Maxmud kesh (shahrisabz)lik boʻlib, moʻgʻullar istilosi vaqtida turkiy sulolalar hukmronlik qilayotgan Hindistonga koʻchgan. Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish (1211—36) unga amirlik unvonini bergan. Sayfuddin Maxmud moʻgʻullarga qarshi jangda halok boʻlgach (1261), yosh X.D.ni bobosi Imodulmulk oʻz tarbiyasiga olgan. Uning shaxs va shoir sifatida shakllanishida onasi Davlatnozbegimning ham xizmati katta. Xushxat boʻlgani uchun xattot qilish maqsadida otasi uni dastlab Qozi Saʼduddin Muhammad ixtiyoriga bergan. Lekin bolaning sheʼr yozishga mayli kuchli ekanini koʻrgan ustozi va bobosi uni shoir Hoja Aziziddin tarbiyasiga topshirganlar. Yoshligidan alohida qobiliyati bilan ajralib turgan X.D. oʻsha zamonning asosiy fanlari boʻyicha keng va chuqur bilim olib, turk, fors, arab va hind tillarini mukammal oʻzlashtirgan. Shoir, olim, bastakor sifatida tanilgan X.D. saroy xizmatiga jalb qilingan. Uch sulolaga mansub 7 sulton saroyida xizmatda boʻlgan X.D. oʻsha davr anʼanalariga koʻra, oʻz asarlarini ana shu sultonlarga bagʻishlagan. X.D. umrining oxirida saroy xizmatini tark etib, chishtiya tariqatining mashhur shayxi Nizomiddin Avliyoga murid tushgan, tariqat bosqichlarini bosib oʻtib, valiulloh maqomiga erishgan. Shohona Xusrav ismidan voz kechib, faqirona Muhammad Kosales nomini olgan. Navoiy "Nasoyim ulmuhabbat" tazkirasida uni avliyolar qatorida zikr etgan. X.D. Dehlida Nizomiddin Avliyoning oyoq tomoniga dafn etilgan.

Asarlari

tahrir

Ilk asarlarini "Sultoniy" taxallusida yozgan. Dexlida yashagani uchun keyin Dehlaviy taxallusini olgan. U Sharq adabiyotining deyarli barcha janrlarida ijod qilib, forsiy sheʼriyatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqqan. U nafaqat sheʼriy, balki nasriy asarlar ham yozgan. Oʻzining aytishicha, merosi 500 ming baytga yaqin boʻlgan. Jomiy uning 99 ta kitob yozganini aytadi, baʼzi tazkiranavislar shoirni 199 kitob muallifi deb yozadilar. Badiuzzamon Xurosoniyning yozishicha, "Shoirlardan hech biri oʻzidan keyin Amir Xusravchalik koʻp sheʼr qoldirmagan. U forsiydan tashqari, urdu, hind va arab tillarida ham asarlar yozgan".

Hayoti davomida yozgan sheʼriy merosini umr fasllariga moslab, 5 devon tartib bergan shoir Sharq adabiyotida devon tuzish anʼanasini boshlab bergan. Keyinchalik Jomiy va Navoiy ushbu anʼanani davom ettirib, devonlarini shu tartibda tuzganlar. Bu devonlar "Tuhfat ussigʻar" ("Yoshlik tuhfasi", 1272), "Vasat ulhayot" ("Umr oʻrtasi", 1284), "Gʻurrat ulkamol" ("Kamolot ibtidosi", 1293), "Baqiyai naqiya" ("Saralarning sarasi", 1316), "Nihoyat ulkamol" ("Kamolot nihoyasi" 1325) deb atalib, umumiy hajmi 32645 bayt. Shoirning 2000 dan ortiq gʻazal, 300 atrofidagi qasida, 20 ga yaqin masnaviy, 1200 dan ziyod ruboiy, 500 tacha qitʼa va boshqa janrlardagi asarlari ushbu devonlardan oʻrin olgan.

Nizomiy Ganjaviy "Xamsa"siga javob yozish bilan xamsanavislik anʼanasini boshlab bergan. Uning 1299—1302 yillarda yozilib, Alouddin Xiljiyga bagʻishlangan "Xamsa"si quyidagi dostonlarni oʻz ichiga oladi: "Matlaʼ ul anvor" ("Nurlarning chiqish joyi"), "Shirin va Xusrav", "Majnun va Layli", "Oinai Iskandariy" ("Iskandar oyinasi"), "Hasht bihisht" ("Sakkiz jannat"). U Nizomiy dostonlarining shakli va syujeti, obrazlar silsilasini saqlagan holda, ularni oʻziga xos talqin etgan va yangi mazmun bilan boyitgan. Nizomiy dostonlari.shoir dunyoqarashining kengligi va bilimining teranligini namoyish etsa, X.D. "Xamsa"si ruhiyat teranligi va qalb boyligiga ega. X.D. "Xamsa"si oʻzidan keyingi shoirlarga kuchli taʼsir koʻrsatgan.

Bundan tashqari, u "Qiron ussaʼdayn" ("Ikki saodatli sayyoraning uchrashuvi", 1289), "Miftoh ulfutuh" ("Gʻalabalar kaliti", 1291), "Duvalroniy va Xizrxon" (1316), "Noʻx sipehr" ("Toʻqqiz falak", 1318), "Toʻgʻluqnoma" dostonlarini ham yozgan. 5 risoladan iborat "Eʼjozi Xusraviy" ("Xusrav moʻʼjizasi", 1319) nasriy asari esa adabiyot nazariyasi masalalaridan bahs etadi. Uning "Manoqibi Hind" ("Hind manoqibi") va "Tarixi Dehli" ("Dehli tarixi") kabi tarixiy asarlar yozganligi haqida maʼlumotlar boʻlsada, ular hozircha topilgan emas. Musiqaga bagʻishlab yozgan risolasi ham bizgacha yetib kelmagan. Koʻplab kuylarni unga nisbat beradilar.

X.D. oʻz asarlarida barcha zamonlar uchun muhim boʻlgan koʻplab ijtimoiyaxloqiy masalalarni badiiy talqin qilgan. Odil podsho orzusi, davlat mustahkamligi va mamlakat farovonligi, raiyat tinchligi, maʼrifat tantanasi, komil inson muammosi kabi gʻoyalar shoir asarlarining asosiy mazmunmohiyatini tashkil etadi. Badiiy soʻzning qudratini namoyon qilgan asarlari ijod ahli uchun mahorat maktabi hisoblanadi.

X.D. rangbarang mavzu va janrlardagi badiiy yuksak asarlari bilan Hindistondagi forsiyzabon adabiyotning tamal toshini qoʻygan. Uning ijodi tufayli Xuroson va Movarounnaxr soʻz sanʼatida mavjud boʻlgan barcha janrlar Hindiston adabiyotiga kirib borgan.

Shoir asarlarining umuminsoniy ahamiyati hisobga olinib, YUNESKO qaroriga muvofiq, 1973 yil X.D.ning 700 y.ligi xalqaro miqyosda nishonlangan. Shoir asarlari oʻzbek xalqi orasida ham keng tarqalgan, xususan, "Xamsa"si va devonlari qoʻlyozmasi koʻplab koʻchirilgan. Navoiy oʻz "Xamsa"sini yaratishda Nizomiy bilan bir qatorda, X.D.dan ham kuchli taʼsirlangan, har bir dostoni muqaddimasida uni ustozlari qatorida ehtirom bilan tilga olib, ijodiga yuksak baho bergan. Falsafiytasavvufiy mavzudagi "Daryoi abror" ("Pok kishilar daryosi") qasidasiga javoban "Tuhfat ulafkor" ("Tafakkur tuhfasi") qasidasini yaratgan. Ogahiy "Hasht bihisht" dostonini nasrga oʻgirgan. Keyingi davrda shoir asarlarini Vasfiy, Chustiy, Sh. Shomuhamedov, J. Kamol, N. Muhammad, J. Suvonqulov tarjima qilgan. Shoir asarlaridan namunalar oʻzbek tilida bir necha marta chop etilgan.

Adabiyotlar

tahrir

Ac: Hikmatlar, T., 1973; Injular ummoni, T., 1988; 333 ruboiy, T., 1991.

  • Jomiy A., Bahoriston, T„ 1997; Samarqandiy D., Shoirlar boʻstoni, T., 1981;Homidiy H., Koʻhna Sharq dargʻalari, T., 1999.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 — Т. 1. — С. 79.
  2. (unspecified title)

Havolalar

tahrir