Bastakor (fors— bogʻlash, bogʻlov, mashgʻulot, ish) — anʼanaviy, mumtoz musiqa asarlari muallifi. Musulmon Sharqida musannif, mullahhin, ohangsoz kabi atamalar bilan tanilgan. Odatda bunday sanʼatkorlar oʻz faoliyatida ijrochi (xonanda, koʻproq sozanda)lik va ijodchilikni uzviy bogʻlashgan. Abu Nasr Forobiydan boshlab Darvishali Changiy va boshqalarning musiqiy risolalari, Abulfaraj Isfahoniy ("Kitob ul-agʻoni"), Aruziy Samarqandiy ("Chohor maqola"), Alisher Navoiy ("Majolis un-nafois", "Holoti Pahlavon Muhammad"), Davlatshoh Samarqandiy ("Tazkirat ush-shuaro"), Zayniddin Vosifiy ("Badoyeʼ ul-vaqoyeʼ"), Zahiriddin Bobur ("Boburnoma") va boshqalarning asarlarida oʻnlab B.lar haqida tarixiy taʼrifiy maʼlumotlar mavjud. Ular, garchand B. atamasidan bevosita foydalanishmasada, uning asl maʼnosini ochib berishgan. Ogʻzaki anʼanadagi musiqiy ijod sohiblari turli davr va mamlakatlar musiqa ilmi va amaliyotida turlicha nomlanib kelingan. Oʻzbek va tojiklar B. (shuningdek, ohangdon, navosoz va boshqalar), ozarbayjon, arman va turklar — oshiq, qozoq va qirgʻizlar — oqin, kyuyshi, salsere kabi atamalar ishlatishadi. T. Jalilov, Yu. Rajabiy, F. Sodiqov, N. Hasanov, I. Ikromov, K. Jabborov, S. Kaponov, F. Toshmatov, M. Mirzayev, O. Hotamov, F. Mamadaliyev, A. Ismoilov kabi B.lar tanilgan. Tojikiston, Ozarbayjon va Oʻzbekistonda koʻp ovozli musiqa asarlari muallifi — kompozitor ham baʼzan B. deb yuritiladi. Yana q. Bastakorlik.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil