Ashula

mumtoz oʻzbek musiqada markaziy oʻrin egallagan ashula yoʻli

Ashula – yakka xonanda yoki xonandalar guruhiga moʻljallangan, mumtoz oʻzbek musiqa merosida markaziy oʻrin egallagan ashula yoʻli. Asosan lirik ruhdagi gʻazal va sheʼrlar zaminida yuzaga keladi.

Tarixi

tahrir

Ashula janri tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi: koʻpincha professional musiqachi (bastakor-hofiz)lar ijodiyotining mahsuli boʻlib, bizgacha ogʻzaki ravishda yetib kelganligi tufayli qator ashulalar koʻplab variantlarga ega. Ashulaning eng rivojlangan mukammal koʻrinishlari Buxoro va Xorazm maqomlarining nasr (ashula) yoʻllari, Toshkent va Fargʻona vodiysida keng tarqalgan maqom yoʻllari, katta ashula janrida namoyon boʻlgan. Ashulalarda oʻzbek xalqining ruhi, harakteri, maʼnaviy dunyosi oʻzining badiiy yetuk va toʻlaqonli ifodasini topgan.

Tuzilishi

tahrir

Ashulaning xalq va muallifli (professional) turlari mavjud. Muallifiga ega boʻlgan ashulalar bastakor va kompozitorlar tomonidan, koʻpincha xalq ashulalariga yaqin shaklda yaratiladi. Ashulalar tuzilishi va ijrosi boʻyicha turli janrlarga ajratiladi, masalan, ommaviy, estrada, ansambl, xor va boshqalar. Shuningdek, ularning sheʼriy va musiqiy tuzilishi ham xilma-xildir: alla, yalla, lapar, marsiya. Xalq termalari yoʻnalishida aytiladigan ashulalar esa qoʻshiq deb ataladi. Oʻzbek musiqa merosidagi ashulalarning yana bir oʻziga xos turi katta ashula hisoblanadi[1][2].

Ijro qilinishi

tahrir

Ashulalar soz (doira, dutor, tanbur), ansambl joʻrligida yoki joʻrsiz ijro etiladi. Ashula oʻzbek musiqa folklorida katta oʻrin egallagan qoʻshiq janridan kuy diapazonining kengligi, shaklan rivojlanganligi, mavzu va mazmuni teranligi bilan farqlanadi. Ashulaning badiiy mazmunida barmoq vaznidagi sheʼrlardan foydalanilsada, aruz vaznidagi gʻazal va sheʼriy shakllar asosiy oʻrin tutadi. Binobarin, ashulaning ichki tuzilishi ham turlichadir. Barmoq vazniga asoslangan ashulalar koʻproq „band-naqarot“ shakli koʻrinishida boʻlsa, gʻazallarga bitilgan ashulalar tuzilishi nisbatan murakkab va rivojlangandir. Odatda, bunday ashulalarning kuylari quyi pardalardan boshlanib oʻrta va yuqori pardalarida rivojlanadi, soʻngra dastlabki turgʻun tovushda nihoyasiga yetadi. Aksariyat ashulalar oʻziga xos avjlariga ega[3].

Manbalar

tahrir
  1. I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987. 
  2. I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2. 
  3.   „Ashula“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (A-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.

Adabiyotlar

tahrir

Nota nashrlari:

tahrir
  • A. Navoiy soʻziga muzikalar, T., 1948;
  • Muqimiy va Furqat ashulalari, T., 1958;
  • Oʻzbek xalq muzikasi 834(toʻplovchi va notaga oluvchi Yu. Rajabiy), I–V tomlar, T., 1955-59.

Havolalar

tahrir