Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi

Ensiklopediya, lug'atlar, ilmiy ishlar
(OʻzMEdan yoʻnaltirildi)

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi — Oʻzbekiston Respublikasida chiqarilgan 12 jildli universal milliy ensiklopediya. Ensiklopediya kirill yozuvida yozilgan. OʻzME Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr etilgan. OʻzME dagi aksar maqolalar Sovet davrida chop etilgan 14 jildli Oʻzbek sovet ensiklopediyasidan olingan.

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasining logosi
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i ensiklopediya
Nashriyot Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 2000–2005
Sahifalar soni 23469

Ensiklopediyaning barcha 12 jildi 2000–2006-yillarda nashr qilingan. OʻzMEda Oʻzbekiston Respublikasi haqidagi materiallar bilan birgalikda umumbashariy maʼlumotlar ham berilgan. OʻzMEning 1–11-jildlarida umumiy hajmi 1600 nashriyot-hisob tabogʻini tashkil etgan qariyb 50 ming maqola berilgan. OʻzME har bir jildida 800–1200 atrofida rangli va oq-qora suratlar, xaritalar oʻrin olgan. Ensiklopediyani tayyorlashda besh mingga yaqin muallif va taqrizchilar qatnashgan. OʻzMEning 12-jildi maqolalari faqat Oʻzbekistonga tegishlidir.

Tarixi tahrir

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr etilgan. 1996-yil 4-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi „Oʻzbekiston Respublikasi Qomusini nashr etish toʻgʻrisida“ qaror qabul qilgan.[1] Shu qaror asosida universal ensiklopediyaning soha soʻzliklarini tuzishga kirishib, mezonlar ishlab chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martda „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish toʻgʻrisida“ 154-qarori qabul qilingach, bu ishni amalga oshirishga kirishilgan.[1] Qarorda 12 jildli universal OʻzMEning ilmiy-nazariy va gʻoyaviy-siyosiy yoʻnalishi belgilab berilgan. Shu qaror asosida Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tuzilgan.

OʻzMEning mazmun va mundarijasini belgilashda jahon qomuschiligi anʼanalaridan va mamlakatda orttirilgan ijobiy tajribalaridan foydalanilgan. OʻzME maqsadi va vazifalari uning 1-jildi muqaddimasida bayon qilingan.

Qamrovi tahrir

OʻzMEda Oʻzbekiston Respublikasi haqidagi materiallar bilan birgalikda umumbashariy maʼlumotlar ham berilgan. Ensiklopediyadagi maqolalarning 60 foizi ijtimoiy, qolgan 40 foizi esa tabiiy fanlar boʻyichadir.[1] OʻzMEda koʻpgina zamonlar va xalqlarga mansub mashhur shaxslar, kashfiyotchilar, sayyohlar, fan, texnika, adabiyot va sanʼat namoyondalari, taniqli davlat va siyosat arboblari toʻgʻrisida maqolalar kirgan. Bu borada tegishli mezon ishlab chiqilgan.

Bosh tahrir hayʼati tahrir

 
OʻzMEni CC BY 4.0 erkin litzensiyasi bilan tarqatish borasida Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Vikimedia Jamgʻarmasiga yozgan maktub

OʻzMEning asosiy ilmiy tayanchi — Bosh tahrir hay’atidir.[1] Uning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martda „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish toʻgʻrisida“gi 154-qarori bilan tasdiqlangan. Bundan tashqari fan sohalari boʻyicha 160 dan koʻproq kishini birlashtirgan 23 ta ilmiy-maslahat kengashi ham tuzilgan. Ularning roʻyxati har bir jild sarvaragʻi va uning orqasida berib borilgan. OʻzME 12 jildini tayyorlash jarayonida OʻzME Bosh tahrir hay’atining 20 martadan ziyod kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtgan.

Jildlari tahrir

OʻzMEning 1-jildi 2000-yil 30-dekabrda nashrdan chiqdi.[2] OʻzME 1-jildi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi oʻquvchilari“ga yoʻllagan tabrigi bilan boshlangan. Ensiklopediyaning umumalifbo harfidagi soʻnggi 11-jildining nashri 2005-yilda yakunlandi. Ensiklopediya hozirgi „Oʻzbekiston“ nashriyot-matbaa ijodiy uyida bosilgan.

Ensiklopediyani tayyorlashda besh mingga yaqin muallif va taqrizchilar qatnashgan. OʻzMEning 1–11-jildlarida umumiy hajmi 1600 nashriyot-hisob tabogʻini tashkil etgan qariyb 50 ming maqola berilgan.[3] Buning 40 foizdan ziyodi (20 mingdan ortigʻi) Oʻzbekiston mavzusiga bagʻishlangan.[1] Umumbashariy maqolalarning ham anchagina qismi Oʻzbekiston bilan uzviy bogʻliq holda yoritilgan.

OʻzME 1–11-jildlarida faqat adabiyot sohasidan 56,124 muallif tabogʻida 1538 ta maqola (12-jildda bu sohadan 10,3 muallif tabogʻidagi hajmda) maqola oʻrin olgan. Tilshunoslik sohasidan 22,162 muallif tabogʻi hajmida 538 ta maqola, madaniyat va sanʼat sohasidan 94,19 muallif tabogʻida 4000 dan ziyod maqola berilgan.[1]

OʻzME har bir jildida 125-130 nashriyot-hisob tabogʻida material berilgan. Bundan tashqari 800–1200 atrofida bezaklar: rangli va oq-qora suratlar, xaritalar oʻrin olgan.[3] Har bir jildni tayyorlashda 800 dan ziyod mualliflar, taqrizchilar qatnashgan.

OʻzMEning 12-jildi maqolalari faqat Oʻzbekiston haqidadir. 12-jildiga kiritilgan maqolalar, oldingi jildlardagi kabi alifbo tartibida emas, muayyan mavzu boʻyicha joylashtirilgan. Kitob shartli ravishda 17 boʻlimga boʻlingan. Har bir boʻlim oʻzining mohiyatidan kelib chiqib boblarga, ular esa bandlarga ajratilgan. Shu tarzda ensiklopediya boʻlimlaridan muayyan mavzuni ochib beradigan, bir tizimga solingan batafsil axborotlar berilgan. Bu jildda mamlakat tarixi mustaqillik yillarida qabul qilingan davrlashtirish asosida eng qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha xronologik tarzda izchil yoritilgan. Ensiklopediya sahifalaridagi maqolalarda mamlakatning bugungi kundagi hayoti, oʻzbeklarning bunyodkorlik mehnati va yutuqlari haqida maʼlumot berilgan. Ushbu jildda tegishli maqolalarga monand 800 dan ziyod rangli, oq-qora surat, xarita va boshqa bezaklar bor.

Asosiy jildlar chop etib boʻlinganidan keyin 2006-yil ensiklopediyaga kiritilmay qolgan mavzular va nashr davrida roʻy bergan oʻzgarishlarni oʻz ichiga olgan qoʻshimcha jild chjop etildi:

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (OʻzME)ni nashr etish davrida (2000–2005) roʻy bergan ayrim oʻzgarishlar: Oʻzbekiston Qahramonlari, Oʻzbekiston Respublikasi fan arboblari, sanʼat arboblari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq yozuvchilari, xalq shoirlari, xalq rassomlari, xalq ustalari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artistlari, xalq hofizlari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchilari, „Oʻzbekiston iftixori“ unvoniga sazovor boʻlgan mashhur sportchilar va boshqa shaxslar, shuningdek, maʼmuriy-hududiy birliklar, ayrim tushunchalar va shahri k. haqida qoʻshimcha maqolalar berildi. Mezon boʻyicha berilishi kerak boʻlgan, lekin muayyan sabablarga koʻra OʻzME jildlariga kirmay qolgan ayrim shaxslar, turli tushunchalar haqidagi maqolalar ham ushbu qismdan oʻrin oldi.[4]

Qarshi olinishi tahrir

OʻzME nashrdan chiqa boshlaganidan keyin „Xalq soʻzi“, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, „Oʻzbekiston ovozi“, „Hurriyat“, „Toshkent haqiqati“, „Toshkent oqshomi“ va boshqa gazetalarda, „Tafakkur“, „Jahon adabiyoti“, „Saodat“ va boshqa jurnallarda taqrizchilar, axborot-reklama shaklidagi maqolalar, radio va televideniyeda eshittirish va koʻrsatuvlar berildi.[1]

Oʻzbekkino kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar ijodiy studiyasi 2006-yilda OʻzME haqida „Javohirlar xazinasi“ filmini yaratdi. 2006-yil 23-avgustda Alisher Navoiy nomidagi sanʼat saroyida ushbu film taqdimoti boʻlib oʻtdi.[1]

OʻzMEning jildlari 2004- va 2005-yillarda MDH mamlakatlari orasida oʻtkazilgan „Kitob sanʼati“ koʻrgazmalarida namoyish qilingan.[2] Bu koʻrgazmalarda OʻzME ikki marta maxsus diplom bilan taqdirlangan.[5]

Nashriyot tahrir

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasini Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tayyorlagan.[6] Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti soha ensiklopediyalari, izohli va koʻp tilli lugʻatlar, maʼlumotnomalar tayyorlaydi va nashr etadi.[6] Dastlab Oʻzbekiston hukumatining „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasini tashkil etish haqida“gi qarori (1968-yil 18-yanvar) bilan Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tarikibida (Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining 1965-yil tuzilgan ensiklopediya boʻlimi negizida) Oʻzbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasi nomi bilan tashkil etilgan. 1990-yildan 1997-yilga qadar „Qomuslar Bosh tahririyati“ deb yuritilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martdagi 154-sonli qarori bilan „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotiga aylantirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi qarori asosida nashriyotga Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Tibbiyot nashriyoti qoʻshilishi munosabati bilan qayta tashkil etilgan. Nashriyotning asosiy faoliyati jamiyat hayotining barcha sohalari boʻyicha ensiklopedik nashrlar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar, oʻzbeklarning tarixiy, madaniy merosi, qadriyatlari, tibbiyoti, sport va boshqa nashrlarga boʻlgan aholi ehtiyojini qondirishdan iborat.

Nashriyotda 2007-yil 1-yanvarga 6 ta ilmiy tahririyat: Ilmiy uslubiyat va soʻzlik; Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar; Tabiiy fanlar; Tibbiyot; Adabiyot va sanʼat; Tarix va qadriyatlar tahririyatlari hamda Ishlab chiqarish, Buxgalteriya va iqtisodiy tahlil boʻlimlari bor. Nashriyotga ilmiy-metodik rahbarlikni jamoatchilik asosida ishlaydigan Bosh tahrir hay’ati amalga oshiradi. Uning tarkibiga olimlar, jamoat arboblari, nashriyot rahbarlari kirgan. Bosh tahrir hay’ati OʻzMEni mukammallashtirishda qatnashadi, har bir jild materiallarini nashrga tavsiya etadi.

Nashriyot ilmiy tahririyatlari huzurida fan sohalari boʻyicha ilmiy-maslahat kengashlari ham tuzilgan. Ularning aʼzolari Bosh tahrir hay’ati aʼzolari rahbarligida ishlaydi hamda muayyan sohaning soʻzligi va maqolalarini koʻrib chiqib tasdiqlaydi. 1971–1980-yillar mobaynida 14 jildli universal „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ (OʻzSE, Beryniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan, 1981) nashr etildi. Unda 40 mingdan ziyod maqola joylashgan. Mazmun-mundarijasi bilan sovet mafkurasiga xizmat qilgan.

OʻzME va OʻzSE tahrir

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasidagi aksar maqolalar Oʻzbek sovet ensiklopediyasidan olingan. Koʻplab maqolalar OʻzSEdan OʻzMEga hech bir oʻzgartirishsiz olingan. Baʼzi hollarda olingan maqolalarga kichik oʻzgartirishlar kiritilgan. Masalan, qoʻshimchalar, qisqartmalar oʻzgartirilgan, iloji boʻlsa ruscha atamalar oʻzbekchaga oʻgirilgan, baʼzi hollarda OʻzME da OʻzSE dagiga qaraganda yangiroq maʼlumot berilgan. Masalan, Nigeriyadagi Aba shahri haqidagi va diod haqidagi maqolalarda shu kichik farqlarni kuzatish mumkin. Ammo, OʻzME va OʻzSE dagi maqolalar umuman olganda bir-biriga juda oʻxshash:

OʻzSE dan OʻzME dan
ABA — Nigeriyaning janubidagi shahar. Aba daryosi boʻyida, Port-Xarkort — Enugu temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishgan joyda. Aholisi 131 ming (1963). Yogʻli palma mahsulotlari sotiladigan joy. Sovun va pivo zavodlari, yogʻ, trikotaj korxonalari bor.[7] ABA — Nigeriya janubidagi shahar. Aba daryosi boʻyida, Port-Xarkort — Enugu temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishgan joyda. Aholisi 264 ming (1991). Moyli palma mahsulotlari sotiladigan joy. Sovun va pivo zavodlari, yogʻ, toʻqimachilik korxonalari bor.[8]
Diod — [yunon. di — ikki marta va (elektr)od)] — ikki elektrodli elektron lampa. Bir tomonlama oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega. Vakuum va yarimoʻtkazgich D.lar boʻladi. V a k u u m D. anod va katoddan iborat. Tok berib, katod qizdirilsa, elektronlar oqimi anodga qarab yoʻnaladi va anod toki hosil boʻladi. Katod bilan anod orasidagi potensiallar farqi kichik boʻlsa, lampa ichidagi elektronlarning bir qismi katodga aylanadi. Bunday hodisa t oʻ y i n m a g a n r e j i m deb ataladi. Potensiallar farqi katta boʻlganda D. toʻyingan rejimda ishlaydi. Bunda elektronlar harakati deyarli sezilmaydi. Y a r i m oʻ t k a z g i ch D.da ikki xil oʻtkazgich chegarasida hosil boʻlgan potensial toʻsiq tokni faqat bir yoʻnalishda oʻtkazadi. D. tokni toʻgʻrilash, tokni chegaralash va chastotani oʻzgartirish uchun qoʻllaniladi.[9] Diod — [di… va (elektr)od)] — ikki elektrodli elektron lampa. Bir tomonlama oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega. Vakuum va yarimoʻtkazgich D.lar boʻladi. Vakuum D. anod va katoddan iborat. Tok berilib, katod qizdirilsa, elektronlar oqimi anodga qarab yoʻnaladi va anod toki hosil boʻladi. Katod bilan anod orasidagi potensiallar farqi kichik boʻlsa, lampa ichidagi elektronlarning bir qismi katodga aylanadi. Bunday hodisa toʻyinmagan rejim deb ataladi. Potensiallar farqi katta boʻlganda D. toʻyingan rejimda ishlaydi. Bunda elektronlar harakati deyarli sezilmaydi. Yarimoʻtkazgich D.da ikki xil oʻtkazgich chegarasida hosil boʻlgan potensial toʻsiq tokni faqat bir yoʻnalishda oʻtkazadi. D. tokni toʻgʻrilash, tokni chegaralash va chastotani oʻzgartirish uchun elektr apparatlar va radioapparatlarda qoʻllaniladi.[10]

Jildlar tahrir

Jild yil Jilddagi maqolalar qamrovi
1 2000 ABeshbaliq
2 2001 BeshikGidrofizika
3 2002 GidrofiliyaZebralar
4 2002 ZebunnisoKonigil
5 2003 KonimexMirzoqush
6 2003 MiriyParxish
7 2004 ParchinSoliq
8 2004 SolnomaToʻytepa
9 2005 Toʻychi HofizSharshara
10 2005 SharqQizilqum
11 2005 QizilqumitHoʻrmuz
12 2006 Tahrir hayʼati

Yana qarang tahrir

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi haqida“. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. 7-noyabr 2014-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 4-fevral. (Wayback Machine saytida 7-noyabr 2014-yil sanasida arxivlangan)
  2. 2,0 2,1 „Вышел в свет 12 том “Национальной энциклопедии Узбекистана»“. Посольство Республики Узбекистан в Российской Федерации. 22-fevral 2014-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 4-fevral. (Wayback Machine saytida 22-fevral 2014-yil sanasida arxivlangan)
  3. 3,0 3,1 „В 2012 году «Узбекская национальная энциклопедия» выпустила 15 изданий“. Мир энциклопедий (2013-yil 7-yanvar). Qaraldi: 2014-yil 4-fevral.
  4. "Kirish soʻz". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2006. 
  5. „Пополняя энциклопедические знания“. Туркистон-пресс (2013-yil 14-yanvar). 2015-yil 2-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 4-fevral. (Wayback Machine saytida 2-aprel 2015-yil sanasida arxivlangan)
  6. 6,0 6,1 „За 2012 год в издательстве национальной энциклопедии выпущена литература 15 наименований“. 12news.uz (2013-yil 7-yanvar). Qaraldi: 2014-yil 4-fevral.
  7. Moʻminov, Ibrohim, ed (1971). "Aba". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1. Toshkent. 9 b. 
  8. "Aba". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2000–2005. 
  9. Moʻminov, Ibrohim, ed (1973). "Diod". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 4. Toshkent. 51 b. 
  10. "Diod". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2000–2005. 

Havolalar tahrir