Toʻychi hofiz
Toʻychi hofiz, Toshmuhamedov Mulla Toʻychi (1868 — Toshkent— 1-iyun 1943-yil) — xonanda, oʻzbek ashulachilik sanʼatining yirik namoyandasi, Oʻzbekiston xalq hofizi (1927).
Toʻychi hofiz | |
---|---|
Tavalludi |
15-noyabr 1868-yil |
Vafoti |
1-iyun 1943-yil (74 yoshda) Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR |
Unvoni | Oʻzbekiston xalq hofizi |
Mukofotlari |
Taʼlimi
tahrirEski maktabda oʻqigan (1878—1884). Hofiz Navoiy, Mashrab, Bedil, Fuzuliy kabi mumtoz shoirlarning ijodi bilan yaqindan tanishib, ularning gʻazallari bilan ashulalar ijro etgan. Toʻychi hofiz yoshligidan amakisi Qoʻchqor otadan ashula aytish sirlarini oʻrgangan. Taniqli hofizlardan Abduqahhor, Saidahmad, Nazirxonlar bilan hamnafaslikda „Qoʻshiq bazmi“ kechalarini tashkil etgan. Dastlabki repertuaridan „Ey dastai gul, marhabo“, „Figʻon“, „Shitob aylab“ kabi ashulalar oʻrin olgan. Shojalil hofiz, Shobarot tanburchi joʻrligida „ShahnozGulyor“ ashulalar turkumi Toʻychi hofizga shuhrat keltirgan (1890). Keyinchalik uning dovrugʻi Turkiston oʻlkasining hamma shaharlariga taralgan.
Ijodi
tahrirToʻychi hofiz oʻzi ijro etgan ashulalarni birinchilar qatori gramplastinkaga yozdirgan, „Grammofon“ jamiyatining „Pishuhiy Amur“ firmasi (Riga, 1905; Skobelev, 1911) undan 25 ta ashula, jumladan, „Ilgʻor“, „Xisrav“, „Suvora“ (uchalasi ham 2 qismli), „Bobo Ravshan“, „Yangi kurd“, „Avji kurd“ va boshqalarni yozib olgan. Toʻychi hofiz 1908—10 yillarda Fargʻona vodiysidan boʻlgan Adolatxon, Mozidaxon kabi ayol xonandalar ijrosidagi koʻshiqlarni ham birinchi marta gramplastinkaga yozdirgan. Uning tashabbusi bn Andijon, Fargʻona, Xoʻjand va boshqa shaharlarda grammofon va plastinka doʻkonlari tashkil etilib (1906—12), ularda uzbek, rus va boshqa tillarda kuy, qoʻshiq va ashulalari yozilgan plastinkalar sotilgan.
Toʻychi hofiz Eron, Turkiya, Italiya, Misr, Hindiston (1900)da va Sharqiy Turkiston (1913—1914) shaharlarida boʻlib, oʻz ijrochilik mahoratini namoyish qilgan. Oʻzbekistonda mahalliy xalq musiqa ansambllari tashkil etishda, 1920-yillarda sahnalashtirilgan „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“ spektakllariga musiqa tanlashda faol ishtirok etgan. 1927-yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Radio qoʻmitasi oʻzbek xalq cholgʻu ansamblida ustoz xonanda, shuningdek, Oʻzbek davlat filarmoniyasining yetakchi xonandasi boʻlgan. Toʻychi hofiz aytgan oʻzbek mumtoz ashulalari — „Bayot“, „Figʻon“, „Ushshoq“, „Segoh“, „Girya“, „Ilgʻor“, „Suvora“, „Chorgoh“, „Koʻcha bogʻi“, „Taronai Dugoh“ („Dugohi Xusayniy“ turkumining taronasi) va boshqa oʻzbek musiqa madaniyatida muhim oʻrin tutadi. Toʻychi hofiz ashulalari talqin etilishi, jumlalarining maromiga yetkazib aytilishi, qochirimlarga boyligi, oʻzbek musiqa anʼanasidagi mumtoz ijro uslubi, ovozning kuchliligi bilan oʻziga xosdir. Ayniqsa, noyob zebolik bilan Navoiy gʻazali („Qaro koʻzum“) ga ijro etgan „Ushshoq“ hofizlik sanʼati yuksak namunasiga aylangan. Toʻychi hofiz Moskvada oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi (1923) va Oʻzbek sanʼati dekadasi qatnashgan (1937).
Toʻychi hofiz repertuaridagi ashula matnlarining koʻpi shoir Xislatning „Armugʻoni Xislat“ (Toshkent, 1912) bayoziga kiritilgan va bularning qaysi kuyda ijro etilishi ham koʻrsatilgan. Ittifoq radioqoʻmitasi Toʻychi hofizdan „Bayot“ va „Ushshoq“ni (1937), Sanʼatshunoslik instituti (V. A. Uspenskiy) „Chorgoh“, „Bayot“, „Koʻcha bogʻi“, „Suvora“ va boshqalarni yozib olgan.
Xotirasi
tahrirSh. Shoumarov, Yunus va Rixsi Rajabiylar, K. Zokirov, B. Mirzayev va boshkalar Toʻychi hofiz ijrochilik anʼanalarining davomchilaridir. Toshkent gramplastinkalar zali va Qashqadaryo viloyati musiqali drama va komediya teatriga Toʻychi hofiz nomi berilgan. Vafotidan soʻng „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2000)[1][2].
Manbalar
tahrir- ↑ „„Xalq so‘zi" gazetasi 2000-yil 26-avgust soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi "O‘zbek milliy madaniyatini rivojlantirishga buyuk hissa qo‘shgan adabiyot va san’at ustalarini mukofotlash to‘g‘risida" Farmon“ (http://press.natlib.uz/).
- ↑ „Toʻychi hofiz“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |