Misr (rasmiy nomlanishi: Misr Arab Respublikasi (arabcha: جمهورية مصر العربية‎‎)) Afrikaning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan davlatdir. Maydoni 1 million 14 ming km². Aholisi 102 million kishi. Poytaxti — Qohira shahri. Maʼmuriy jihatdan 27 viloyatgaga boʻlinadi. Isroil, Falastin, Sudan va Liviya davlatlari bilan chegaradosh. Misr shimolda Oʻrta yer dengizi, sharqida Qizil dengiz joylashgan.Misr davlati ham islom davlatlaridan biri va aholisining asosiy qismi musulmon. Misr davlati- pul birligi Misr funti. Davlat tili- arab tili. Prezidenti- Abdulfattoh as-Sisiy. Misrda yetti moʻjizadan biri yaʼni Misr piramidalari joylashgan.

Misr Arab Respublikasi
جمهورية مصر العربية
Jumhoriyyat Misr al-Arabiyya
ShiorYoʻq
Madhiya: بلادي، لك حبي و فؤادي
Bilady, laki hubbi wa fu'adi
Location of Misr
Poytaxt Qohira
Rasmiy til(lar) Arabcha
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Abdulfattoh as-Sisiy
Mostafa Kamol Madbuli
Mustaqillik (Buyuk Britaniyadan)
• Sana
28-fevral 1922
Maydon
• Butun
1 001 450 km2 (29-oʻrin)
• Suv (%)
0.632
Aholi
• 1-yanvar 2021-yil-yilgi roʻyxat
Neutral increase 101 478 581[1][2] (15-oʻrin)
• Zichlik 100/km2
YIM (XQT) 2020-yil roʻyxati
• Butun
$362 milliard[3] (34-oʻrin)
• Jon boshiga
$3 561[3]
Pul birligi Misr funti (Junayh) (EGP)
Vaqt mintaqasi UTC+2
• Yoz (DST)
UTC+2
Qisqartma EG
Telefon prefiksi 20
Internet domeni .eg

Davlat tuzumi tahrir

Misr — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1971-yil 11-sentabrdagi referendumda maʼqullangan, keyinchalik unga oʻzgartirishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2014-yildan Abdulfattoh as-Sisiy). Vakolat muddati — 6 yil. Cheklanmagan marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident amalga oshiradi, u bosh vazir va hukumat aʼzolarini tayinlaydi hamda lavozimlaridan ozod qiladi.

Tabiati tahrir

Misr hududining deyarli xammasi choʻl zonasida joylashgan. Shundan faqat 3,5 % (35 ming km²) Nil daryosi deltasi va vodiysiga toʻgʻri keladi. Relyefi va geologik tuzilishi jihatidan Misr hududi shartli ravishda toʻrt zonaga boʻlinadi: 1) Liviya choʻli; 2) Arabiston choʻli; 3) Sinay yarim orol; 4) Nil daryosi vodiysi va deltasi. Relyefi, asosan, tekislik; Qizil dengizga yaqin yerlar togʻlikdir. Liviya choʻli platosining balandligi shimolda 100 m, janubda 600 m, janubi-gʻarbda 1000 m gacha boʻlib, yer yuzasi qum va toshloq. Arabiston choʻli yassitogʻligi sharqda 700 m gacha koʻtarilgan, bu yerda balandligi 2000 m gacha boʻlgan tizmalar bor. Nil vodiysiga yaqin joylarning bal. esa 100- 200 m. Yassitogʻlik kristalli jinslardan tuzilgan. Nil vodiysining kengligi (Misr chegarasida) janubda 1-3 km, deltaga yaqin joyda 20-25 km. Sinay yarim orolning U, qismini At-Tix qirlari egallagan. Yarim orolning janubda balandligi 2641 m gacha boʻlgan togʻlar bor. Foydali qazilmalardan: temir, marganets, mis, rux, qoʻrgʻoshin, volfram, molibden, uran va oltin, shuningdek, neft, tabiiy gaz, fosforit, osh tuzi, ohaktosh bor. Sinay yarim orolda kumir konlari mavjud.

Mamlakatning katta qismida havo quruq va kam bulutli, tropik kontinental choʻl iqlimi, yogʻin ahyon-ahyondagina yogʻadi. Haroratning sutkalik farqi katta. Masalan, choʻlda kunduzi temperatura 50° boʻlsa, kechasi 0°. Oʻrta dengiz boʻyida subtropik, yozi issiq va quruq, qishi yumshoq va seryogʻin. Eng issiq oylari (iyul—avgust)ning oʻrtacha harorati Iskandariyada 25°, Qohirada 27°, Asvonda 33°. Eng salqin oylari (yanvar— fevral)ning temperaturasi Iskandariyada 14°, Qohirada 12°, Asvonda 16°. Aprel va may oylarida 50 kungacha choʻl shamoli (xasmin) esib turadi. Oʻrtacha yillik yogʻin Iskandariyada 180 mm, Qohirada 34 mm, Asyutda 7 mm, Asvonda 3 mm. Yogʻin aksari qisqa muddatli jala boʻlib yogʻadi.

Mamlakatdan birgina Nil daryosi oʻtadi. Uning suvi toʻgʻonlar bilan tartibga solingan. Baland Asvon toʻgʻoni qurilgach, mamlakat janubda Nosir nomidagi katta suv ombori vujudga keldi. Vohalarda sizot suvlardan keng foydalaniladi. Mayda koʻl koʻp. Nil deltasida kanallardan sugʻorishda foydalaniladi. Ayrim kanallarda kema qatnaydi.

Janubdan shimolga tomon dastlab sariqqoʻngʻir choʻl tuprogʻi, soʻngra boʻz tuproq (arablar bodiya — „choʻl“ tuprogʻi deyishadi), taqir boʻz tuproq, shoʻrxoklar, Nilning delta qismi — botqoq tuproq. Mamlakatning gʻarbiy qismida koʻchma qumlar bor. Nil vodiysi va deltasining tuprogʻi juda unumdor.

Misr hududining katta qismi suvsiz va oʻsimliksiz choʻllardir. Kserofit va lishayniklar, qisman daraxtsimon usimliklar, Liviya choʻlining shimolda qishda efemerlar oʻsadi. Koʻproq butasimon va oʻt oʻsimliklar tarqalgan. Nil vodiysida, asosan, madaniy oʻsimliklar ekiladi. Oʻrta dengiz sohillarida chalov, choʻl piyozi, naʼmatak, yantoq va boshqa bor.

Hayvonlardan sudraluvchilar, jumladan, kaltakesak koʻp. Choʻllarda chiya-boʻri, tulki, sirtlon va boshqa hayvonlar uchraydi. Nil boʻyida gʻoz, oqqur, oʻrdak, shuningdek, yirtqich qushlar bor.

Aholisining 98 % misrlik arablar. Nubiylar, barbarlar, kopt (qibt)lar (mahalliy xristianlar) Misrning tub aholisi boʻlib, mamlakatga kelgan arablar bilan aralashib ketgan qadimgi misrliklarning avlodlaridir. Greklar, armanlar, italyanlar, inglizlar, fransuzlar ham yashaydi. Rasmiy til — arab tili, deyarli butun aholi shu tilda gaplashadi. Aholi, asosan, islom dinining sunniylik yoʻnalishida; xristianlar 10 % ni tashkil etadi. Aholining 43,9 % shaharlarda istiqomat qiladi. Eng yirik shaharlari: Qohira, Iskandariya, Port-Said, Ismoiliya, Tanta, Suvaysh, Al-Mansura, Damanxur, Al-Mahallat-ul-Kubro.

Tarixi tahrir

Misr — insoniyat tamadduni (sivilizatsiyasi)ning ilk makonlaridan biri (qarang Misr, Qadimgi Misr). 3—4-asrlarda Misr Rim imperiyasi tarkibiga kirgan. Rim imperiyasi yemirilgach (395), Vizantiyaning bir viloyati boʻlib qoldi. VII-asr boshlarida butun Misr aholisi Vizantiyaning rasmiy pravoslav cherkoviga qarshi boʻlgan xristianlarning monofisit mazhabini qabul qildi. Aholi kopt (qibt) tilida soʻzlashar edi. Shu davrda Misrni sosoniylar, 639—642 yillarda esa arablar bosib oldi va mamlakatda islom dini tarqala boshladi. Keyinchalik tuluniylar (868—905), abbosiylar (905—935), ixshidiylar (935—969) sulolalari hukmronlik qildi. Fotimiylar davri (969—1171)da Falastin, Shom (Suriya) va Gʻarbiy Arabiston Misrga qaram boʻlgan. 1113-yil salib yurishi qatnashchilari Misrga bostirib kirdi. Shimoliy Suriya va Iroqdagi saljuqiylar noibi Nuriddin Mahmud ibn Zangi (1146—74) salibchilarga qarshi kurashda Fotimiy xalifa Adid (1160—71) ga katta yordam berdi. Buning evaziga xalifa uni vazir qilib tayinladi (1169). 1171-yil ayyubiylar sulolasi (1171—1250)ning asoschisi Salohiddin taxtga chiqdi. 1174-yil esa u sulton nomini oldi. 1187-yilda Suriya va Misr harbiy kuchlari birlashib, salibchilarga qaqshatqich zarba berdi va Falastin bilan Suriyani ulardan ozod qildi. Misrda XIII-asr yarmigacha Ayyubiylar, XIV—XV-asrlarda mamluklar hukmronlik qildi.

1517-yilda turk sultoni Salim I Misrni egallab, uni Usmonli turk davlati tarkibiga qoʻshib oldi. XVIII-asr 2-yarmidan Usmonli turk saltanati tanazzulga uchray boshladi. Bundan foydalangan mamluk beklaridan Alibey mustaqil davlat tuzishga erishdi (1769), Alibeyning vafotidan soʻng taxt uchun kurash kuchaydi. XVIII-asr oxiri — XIX-asr boshlarida Fransiya va Angliya Misrni bosib olishga harakat qildilar. 1798-yilda Misrni Napoleon armiyasi egalladi. 1801-yilda ingliz floti fransuz floti ustidan gʻalabaga erishdi. 1805-yilda hokimnyat Muhammad Ali posho qoʻliga oʻtdi. Muhammad Ali Misrni kuchli, mustaqil davlatga aylantirish maqsadida mamluk beylariga qarshi kurash olib bordi. Mamlakat iqtisodiyotining asosi boʻlgan qishloq xoʻjaligini rivojlantirdi. Bu davrda birinchi movut, toʻqimachilik fabikalari, metallurgiya, qand, oyna zavodlari qurildi. Yevropa usulidagi maktablar ochildi, yoshlar gʻarb davlatlariga oʻqishga yuborildi. Fransuz harbiy maslahatchilari yordamida armiya qayta tuzildi. Mahalliy aholi armiyaga olina boshladi (ilgari faqat yollanma askarlar boʻlar edi). Muhammad Ali Suriya, Falastin va Arabiston yarim orolning bir kismini bosib oldi (1831—33). Turkiyaga qaramlikdan qutulish uchun 1831-yilda unga qarshi urush ochib, turk armiyasini magʻlubiyatga uchratdi. Lekin Angliyaning ikkinchi Turkiya-Misr urushi (1839—40)ga aralashuvi natijasida Misr armiyasi yengildi. Bundan tashqari, Angliya 1838-yilgi ingliz-turk savdo bitimidagi shartlarni Misrga maj-buran qabul qildirdi. Bu esa mamlakatga ingliz mollari koʻplab kirib kelishiga yoʻl ochib berdi. Suvaysh kanali ishga tushirilishi (1869) bilan Angliya va Fransiya Misrda zoʻr berib oʻz hukmronligini oʻrnatishga urindi. 1882-yil inglizlar armiyasi Misrni egallab oldi va xalq qoʻzgʻolonini sha-fqatsiz bostirdi. Mamlakatda mustamlaka tartibi oʻrnatildi. Inglizlar bank va moliya ishlarini, irrigatsiya qurilishlari, aloqa yoʻllarini oʻz qoʻllariga oldi. Misr faqat paxta yetishtiradigan davlatga aylanib qoldi. 20-asr boshlarida Mustafo Komil (1874— 1908) rahbarligida milliy ozodlik harakati avj oldi. Ammo mustamlakachilar xalq harakatini bostirdilar. 1914-yilda Misrda Britaniya protektorati oʻrnatildi.

1918-yilda Zagʻlul Saʼd boshchiligida „Misr delegatsiyasi“ (keyinchalik „Vafd“) partiyasi tuzildi. Bu partiya 1919—1924-yillarda inglizlarga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonga boshchilik qildi. Xalqning kurashi natijasida ingliz protektorati bekor qilinib, Misr mustaqil podshoxlik deb eʼlon qilindi (1922). 1923-yil Misr konstitutsiyasi kabul etildi. Bu konstitutsiya parlament tuzishni nazarda tutdi. U ayrim erkinliklar — siyosiy tashkilotlar tuzish va matbuot erkinligini berdi, shu bilan birga, podshohga deputatlar palatasini tarqatish, parlament chaqiriklari muddatini surish, vazirlarni tayinlash va boʻshatish huquqini ham berdi. Shunday boʻlsada, Angliya Misrda oʻz mavqeini, yaʼni davlat idoralari hamda harbiy kuchlar ustidan nazoratini, mamlakatda ingliz armiyasini saqlab qoldi. Parlament saylovida „Vafd“ partiyasi gʻalabaga erishdi va Zagʻlul Saʼd boshchiligida yangi xukumat tuzildi. Biroq mamlakatda milliy ozodlik kurashi toʻxtamadi.

1936-yil Angliya bilan Misr oʻrtasida shartnoma tuzildi. Shartnomaga muvofiq, inglizlar Misrni bosib olishni toʻxtatdilar, lekin mamlakatda harbiy bazalar va armiya sakdash huquqini oldilar. Ikkinchi jahon urushi davrida Misr Italiya-Germaniya va Angliya armiyalari oʻrtasidagi jang maydoniga aylandi. Urushdan keyin Misrda milliy ozodlik harakati yanada kuchaydi. Arab-Isroil urushi davri (1948—49)da mamlakatda reaksiya avj oldi, soʻl vafdchilarni, talabalar harakati rahbarlarini qamash boshlandi. Bunga qarshi xalq harakati yanada avj oldi. Parlament 1936-yil gi Angliya-Misr shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Shundan keyin Angliya Misrga qarshi agressiya uyushtirdi. Misr xalqi mustamlakachilarga qarshi partizan urushini boshladi. 1952-yil 23-iyulda Jamol Abdul Nosir boshchiligidagi „Zubbot alahror“ („Ozod zobitlar“) uyushmasi armiyaga tayanib, davlat toʻntarishi oʻtkazdi. Davlat hokimiyati Inqilobga rahbarlik kengashi ixtiyoriga oʻtdi. General Misr Najib kengash raisi va hukumat rahbari etib tay-inlandi; amalda kengashga Nosir rahbarlik qildi. Yangi hukumat agrar islohot oʻtkazib, fallohlarni yer bilan taʼminladi, mamlakatni industrlashtirish, iqtisodiy mustaqillikka erishish siyosatini olib bordi. 1953-yil 23-iyunda Misr respublika deb eʼlon qilindi. 1953-yil oʻrtalarida yangi tuzum rahbarlari orasida ikki oqim — Najib boshchiligidagi eski demokratiya va J. A. Nosir rahbarligidagi inqilobiy demokratiya tarafdorlari paydo boʻldi. Zidsiyat keskinlashib, natijada Najib hukumatdan chetlatildi, Jamol Abdul Nosir bosh vazir boʻlib qoldi (1954). Angliya — Misr shartnomasi (1954)gamuvofiq, 1956-yil 18-iyunda oxirgi ingliz askari Misrdan chiqib ketdi. Misrning siyosiy suvereniteti tiklandi.

1956-yil 23-iyunda Misr Respublikasining konstitutsiyasi qabul qilindi va Jamol Abdul Nosir prezident etib saylandi. Prezident Suvaysh kanali kompaniyasi davlat ixtiyoriga olinganligini eʼlon qildi. Shunday qilib, iqtisodiy taraqqiyot dasturini mablagʻ bilan taʼminlashning muxim manbai qoʻlga kiritildi. Shundan keyin Misrga qarshi Angliya—Fransiya —Isroil tajovuzi boshlandi. Xalq bosqinchilarga qarshi qoʻzgʻaldi. Tinchliksevar xalqlarning talabi bilan ingliz, fransuz (1956-yil dekabr) hamda Isroil (1957-yil mart) armiyasi Misrdan chiqib ketishga majbur boʻldi.

1958-yil 1-fevralda Misr va Suriya hukumatlarining oʻzaro kelishuvi natijasida yangi unitar (birlashgan) davlat — Birlashgan Arab Respublikasi (BAR) tuzildi. Suriyada 1961-yil 28-sentabrda davlat toʻntarishi oʻtkazilib, Suriya BAR tarkibidan chikdi. Misr BAR nomini saqlab qoldi. 1971-yil sentabrdan BAR Misr Arab Respublikasi deb nomlandi.

1963-yilda J.A.Nosir rahbarligida Arab Sotsialistik Ittifoqi (ASI) tuzildi. ASI 1952-yil iyul inqilobining maqsad va tamoyillarini ximoya qilish, qolokdikni tugatishni oʻzining asosiy burchi deb bildi. 1964-yil 23-martda yangi muvaqqat konstitutsiya qabul qilindi. Konstitutsiyaga muvofiq, hamma korxonalar xalqniki deb hisoblandi. Shu bilan birga, xususiy va kooperativ mulk xdm saqlanib qoldi. J. A. Nosir prezidentligi davrida muhim ijtimoiyiqtisodiy islohotlar oʻtkazildi. Banklar, koʻpgina yirik va oʻrta savdo hamda sanoat kompaniyalari davlat ixtiyoriga olinishi, keng miqyosda yangi korxonalar qurilishi tufayli iqtisodiyotda qudratli davlat sektori barpo etildi.

1967-yil bahoridaYaqin Sharqdagi mojaro keskinlashdi. 5—10-iyun kunlari Isroil qoʻshinlari Sinay yarim orolni bosib olib, Suvaysh kanalining sharqiy sohiliga yetib keldi. Xalqaro jamoatchilik va avvalo BMT Xavfsizlik Kengashining talabi bilan urush harakatlari toʻxtatildi. Ammo urush natijasida Misrning iqtisodiyotiga katta talafot yetdi. Urush tufayli Suvaysh kanali zonasidagi iqtisodiy hayot izdan chiqdi. Kanaldagi kema qatnovi 1975-yilgacha toʻxtab qoldi.

1968-yil 30-martda J.A.Nosir Isroil tajovuzi oqibatlarini tugatish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etish dasturini bayon qildi. 2-may umumxalq referendumi bu dasturni maʼqulladi.

1970-yil 28-sentabrda J.A.Nosir vafot etdi. Oʻsha yil 15-oktabrda A. Sadat prezident etib saylandi. Uning davrida bozor munosabatlarini rivojlantirish, iqtisodiyotning xususiy sektorini kuchaytirish va faollashtirish, mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotlar va avvalo isteʼmol mollari hamda xizmatlar hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish yoʻlini amalga oshirishga kirishildi. Biroq 1967-yil „olti kunlik“ urushda Isroil tomonidan bosib olingan Misr yerlarini (Sinay yarim orolni) qaytarib olish muammosi hal boʻlmay qolayotgan edi. 1973-yil oktabrda Misr armiyasi Suvaysh kanalidan oʻtib, uning sharqiy sohiliga tushdi. Urush natijasida muammoni hal etishning iloji boʻlmagach, oʻt ochish toʻxtatildi va 1974-yilda qoʻshinlarni bir-biridan yiroklashtirish haqida bitim imzolandi. 1979-yilda Kemp-Devid (AQSH)da tuzilgan sulx. shartnomasi asosida Isroil uzi bosib olgan yerlarni Misrga qaytarib berdi. Bu sulhga boshqa arab davlatlari qarshi chikdi va Misrni Arab davlatlari uyushmasidan chiqardi. 1981-yil 6-oktabrda A. Sadat diniy tashkilot aʼzolari tomonidan oʻldirildi va oʻsha yil 13-oktabrda Husniy Muborak prezident etib saylandi. Yangi rahbariyat ichki siyosiy vaziyatni, xalq noroziligini yumshatish tadbirlarini koʻrdi, ijtimoiy turmushni birmuncha erkinlashtirdi, iqtisodiyotni sogʻlomlashtirish yoʻlida katta qadamlar qoʻydi. Misr tarmoqlarini jadal rivojlantirish orq-ali iqtisodiyotdagi nomutanosiblikni bartaraf etish yoʻli tutiddi. Mamlakatni zamonaviy bozor munosabatlarini shakllantirish yoʻlidan rivojlantirishni jadallashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Xalqaro maydonda ogʻir-vazmin va epchil siyosat oʻtkazila boshladi. Jumladan, Qoʻshilmaslik harakati, Arab davlatlari uyushmasi, Islom konferen-siyasi tashkiloti bilan hamkorlik faollashtirildi. Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonini davom ettirish, arab-isroil mojarosini bartaraf qilish Misr tashqi siyosatining asosiy masalasi qilib qoʻyildi. 1989-yilda Misrning Arab davlatlari uyushmasiga aʼzoligi tiklandi. Misr — 1945-yildan BMTaʼzosi. OʻzRsuverenitetini 1991-yil 26-dekabrda tan olgan va 1992-yil 23-yanvarda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 23-iyul — Inqilob kuni (1952).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari tahrir

Milliy demokratik partiya, 1978-yilda tashkil etilgan; Milliy taraqqiyparvar (soʻl) partiya, 1976—77 yillarda tuzilgan; Mehnat partiyasi, 1978-yilda asos solingan; Liberallar partiyasi, 1976—77 yillarda tashkil etilgan, 1990-yil yanvargacha Liberalso-sialistik partiya deb atalgan; „Al-Vafd“ partiyasi, 1978-yilda tuzilgan; „Al-Umma“ („Millat“) partiyasi, 1983-yildan oshkora faoliyat yurita boshlagan. Misr mexnat federatsiyasi kasaba uyushmasi, 1957-yilda asos solingan, Afrika kasaba uyushmalari birligi tashkilotiga kiradi.

Iqtisodiyoti tahrir

Misr — agrar-industrial mamlakat. Jahon bozoriga yuqori sifatli uzun tolali paxta va undan toʻqilgan gazlamalarni koʻp miqdorda yetkazib beradi. XIX asr 70-yillar oxiri 80-yillar boshlarida neft qazib olish va eksport qilish kupaya boshladi. Iqtisodiy taraqqiyotga, ayniqsa, sanoat va unga koʻmaklashuvchi tarmoqlarni rivojlantirishga eʼtibor kuchaydi. 90-yillarning oʻrtalarida yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 28,5 %, qishloq xoʻjaligi ulushi 20 % ga yetdi.

Sanoati mustaqillikka erishgunga qadar, asosan, mayda hunarmandchilik korxonalaridan iborat edi. Iskandariyada neftni qayta ishlovchi, avtomobil shinalari ishlab chiqaruvchi zavodlar, Suvaysh-Qohira neft quvuri mavjud. 1952-yildan beri 1000 dan ortiq yangi sanoat obʼyektlari ishga tushirildi. Sanoat korxonalari, asosan, Qohira, Iskandariya va Nil deltasidagi boshqa yirik shaharlarda joylashgan. 1958-yilda Qohira yaqinida qurilgan Hulvon metallurgiya zavodi mamlakatning dastlabki yirik metallurgiya korxonalaridandir. Bu zavod Asvon yaqinidan qazib olingan sifatli temir (40—60 %) rudasi asosida ishlaydi. Asvon shahrida yiliga 300 ming t poʻlat ishlab chiqaradigan metallurgiya markazi bor. Mashinasozlik sanoati ham qayta qurilgan. Mostorodda elektr kabellari zavodi va metall buyumlar ishlab chiqarish fabikasi, Hulvonda va-gonsozlik, avtomobil, poʻlat quvurlar zavodlari, Iskandariyada toʻqimachilik sanoati uskunalari zavodi, Qohirada velosiped va televizor zavodlari, Port-Fuod, Iskandariyada kemasozlik korxonalari, keyingi yillarda ishga tushirilgan avtomobil, traktor, sovitkich, metall qirqish stanoklari ishlab chiqaruvchi korxonalar ham bor. Suvaysh, Qohira, Iskandariya, Tanta shaharlari neftni qayta ishlash markazlaridir. Kime sanoati faqat mineral oʻgʻit ishlab chiqarishdan iborat. Kafr-uzzayyat va Abuzaʼbaldagi zavodlar yiliga 200 ming t superfosfat ishlab chiqarish quvvatiga ega. Asyutda yiliga 200 ming t superfosfat chiqaradigan zavod mavjud. Abuzaʼbalda qurilgan antibiotiklar zavodi farmatsevtika sanoatiga asos soldi. Yana 5 farmatsevtika korxonasi qurildi. Bulardan tashqari, Asvonda kalsiy, Su-vayshda ammoniy sulfat, Iskandariya yonida soda zavodlari, Xulvonda kokskimyo zavodi bor. Qurilish ashyolari sanoati korxonalari Hulvon, Al-Maʼsara, Al-Tur va Iskandariya atroflarida boʻlib, asosan, sement ishlab chiqaradi. Yirik toʻqimachilik korxonalari AlMahallat-ul-Kubro, Kafr-ud-Davvar va Kafr-uzzayyat shaharlaridadir. Oziq-ovqat sanoati qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlaydi. Armant, Koʻm-Umboʻ, Adfu shaharlarida yirik qand zavodlari bor. Asvon gidroenergetika majmuiga kiruvchi elektr styalar va yoqilgʻi bilan ishlaydigan elektr styalar yiliga oʻrtacha 525 mlrd. kVtsoatdan ortiq elektr energiya ishlab chiqaradi.

Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — dehqonchilik. Qishloq xoʻjaligi, asosan, Nil deltasi va vodiysida rivojlangan, bu yerda 3 mln. gektarga yaqin (mamlakat hududining 3 %) maydonda yiliga 2-marta, Asvon toʻgʻoni qurilgandan beri 3-marta (qishda ham) ekin ekib, hosil olinadi. Birinchi navbatda koʻproq daromad keltiradigan sholikorlik va paxtachilik (ingichka tolali paxta tayyorlash boʻyicha dunyoda 1-oʻrin) rivojlangan. Bundan tashqari, bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, dukkaklilar va sabzavot, shakarqamish, xashaki ekinlar ekiladi. Sitrus mevalar (apelsin, mandarin, limon), xurmo, banan, anjir, uzum, asosan, mamlakat shimolda yetishtiriladi.

Tabiiy yaylov va yem-xashak kamligi sababli chorvachilik yaxshi rivojlanmagan. Oʻtroq aholi (dehqonchilik vohalarida) qoramol (sut uchun), qoʻy, echki va xonaki parranda, koʻchmanchilar esa tuya, qoʻy va echki boqadi. Asal-arichilik rivojlangan. Nil daryosi va ichki koʻllarda, shuningdek, Oʻrta dengizda baliq ovlanadi.

Transporti tahrir

Mamlakat ichida yuklar, asosan, avtomobil transportida (85 %) tashiladi. Yuk tashishning salkam 10 % temir yoʻllarga, 5 % chasi suv transportiga toʻgʻri keladi. Avtomobil yoʻllari uzunligi 48,8 ming km. Eng muhim avtomagistrallari: Qohira — Iskandariya, Iskandariya — Marso Matruh, Qohira — Suvaysh, Suvaysh — Port-Said, Qoqira — al-Gʻardaqa, Qohira — Asyut. Transport yoʻli uzunligi — 8,8 ming km. Asosiy temir yoʻl magistrallari: Qohira — Asvon, Qohira — Iskandariya, Qohira — Suvaysh, Port-Said — Ismoiliya. Nil va magistral kanallardagi kema qatnovi yoʻllari uzunligi — 3 ming km dan ortiq. Dengiz savdo flotining tonnaji — 1,68 mln. tonna dedveyt.

Tashqi savdo yuklari, asosan, xorijiy dengiz kemalari va samolyotlarda tashiladi. Asosiy dengiz porti — Iskandariya (Oʻrta dengizda), boshqa yirik portlari — Port-Said va Suvaysh (Suvaysh kanalida), Ras-Shukeyr va Safaga (Qizil dengizda), Qohirada yirik xalqaro aeroport bor.

Misr chetga neft va neft mahsulotlari, paxta, ip gazlama va kalava ip, alyuminiy va boshqa chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, sement, metall, yogʻoch va boshqa oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Italiya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, AQSH. Chet el say-yohligi anchagina daromad keltiradi. Pul birligi — Misr funti.

Tibbiy xizmat aralash tarzda tashkil etilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi, muhofazalarda sogʻliqni saqlash departamentlari bor. Mamlakatda bepul tibbiy xizmat yoʻlga qoʻyilgan. Xususiy shifoxonalar ham bor. Vrachlar universitetlarning 9 ta tibbiyot, 4 ta stomatologiya, 6 ta farmatsevtika fakultetida, shuningdek, chet ellarda tayyorlanadi. Oʻrta malakali tibbiy xodimlar tayyorlaydigan 276 ta maktab bor. Universitetlarning tibbiyot fakultetlarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladi.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari tahrir

Misrni 7-asrda arablar istilo qilganidan keyin islom diniy maktablari koʻplab ochila boshladi. 10-asrda al-Azhar musulmon universitetga asos solindi. Dastlabki dunyoviy oʻquv yurtlari 19-asr 2-yarmida paydo boʻldi. Xorijiy va mahalliy xususiy maktablar barpo etildi. 4 yillik boshlangʻich maktab eng koʻp tarqalgan oʻquv yurti edi.

1952-yildan keyin boshlangʻich va oʻrta maktab isloh qilindi. 1956-yilda barcha bolalarga 6 yoshdan majburiy bepul boshlangʻich taʼlim berish haqida qonun qabul qilindi. 1962-yilgi dekret maktabgacha tarbiyadan to oliy oʻquv yurtigacha boʻlgan barcha davlat oʻquv yurtlarida bepul taʼlimni joriy etdi. Endilikda bolalar uchun 6 yoshdan boshlab 6 yillik boshlangʻich taʼlim, soʻngra 3 yillik toʻliqsiz tayyorlov maktabi, 3 yillik toʻliq oʻrta maktab mavjud. Barcha bosqichlarga ega boʻlgan xususiy maktablar bor. Hunartexnika tayyorgarligi hunar bilim yurtlari, hunar markazlari, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, shuningdek, 5 yillik texnika maktablarida olib boriladi.

Oliy taʼlim tizimiga universitet, institut va 4 yillik kollejlar kiradi. Toʻliqsiz oliy maʼlumot beradigan 2 yillik texnika institutlari ham bor. Mamlakatdagi 14 ta untning eng yiriklari: K,ohira, Ayn ushShams, Iskandariya universitetlari, Qohiradagi Amerika universitet, Al-Azhar universitet. Eng yirik institutlari: Al-Mansura va Qohiradagi politexnika institutlari, Asvondagi industrial institut va boshqa

Yirik kutubxonalari: Qohiradagi Milliy kutubxona (1870), Misr institutining kutubxonasi (1859), Qoqiradagi Milliy majlis kutubxonasi (1924), Qohira universitet kutubxonasi (1908), Iskandariya universitet kutubxonasi (1942), Qohiradagi Hulvon universitet kutubxonasi, Iskandariyadagi Munitsipal kutubxona (1892).

Yirik muzeylari: Islom sanʼati muzeyi (1882), Geol. muzeyi (1899), Misr muzeyi, Zamonaviy sanʼat muzeyi (1920), Paxta muzeyi (1923), Transport yoʻli muzeyi (1933), Harbiy muzey — hammasi Qoxirada, Iskandariyadagi Yunonrim osori atiqalari muzeyi (1892).

Ilmiy muassasalari: Qohiradagi Misr instituti (1798), Misr va texnologiya akademiyasi (1971, tarkibida ilmiy tadqiqot markazi, Atom energiyasi markazi, metallurgiya markaziy tadqiqot instituti, Okeanografiya va baliq ilmiy tadqiqot instituti, Astronomiya instituti, Neft tadqiqot instituti, Axborot va hujjatlashtirish milliy markazi mavjud). Qohirada Ped. tadqiqotlari milliy markazi, al-Jizada Arab tili akademiyasi, qishloq xoʻjaligi tadqiqot markazi va boshqa bor.

Matbuoti, telekoʻrsatuvi va radioeshittirishi tahrir

Misrda vaqtli nashrlar soni 300 dan oshadi. Eng yiriklari: „Alaqrom“ („Ehrom“, kundalik gazeta, 1875-yildan), „Al-axbor“ („Xabarlar“, kundalik gazeta, 1944-yildan), „Al-jumhuriya“ („Respublika“, kundalik gazeta, 1953-yildan), „Al-aholi“ (kundalik gazeta, 1978-yildan), „Axbor al-Yaum“ („Kun yangiliklari“, kundalik gazeta, 1944-yildan). „Alahror“ („Liberallar“, haftalik gazeta, 1977-yildan), „Al-Vafd“ („Delegatsiya“, haftalik gazeta, 1984-yildan), „Axer saa“ („Soʻnggi soatda“, haftalik jurnal, 1934-yildan), „Alka-vakib“ („Yulduzlar“, haftalik jurnal, 1952-yildan), „Oktobr“ („Oktabr“, oylik jurnal, 1976-yildan) — hammasi arab tilida; „Jurnal d’Ejipt“ („Misr gazetasi“, fransuz tilida chikadigan kundalik xususiy gazeta, 1936-yildan), „Ijipshn gazett“ („Misr gazetasi“, ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1880-yildan), „Ijipshn meyl“ („Misr pochtasi“, ingliz tilida chikadigan gazeta, 1910-yildan) va boshqa Yaqin Sharq axborot agentligi (MENA), Misrning rasmiy axborot agentligi, 1955-yildatuzilgan. Misr radioeshittirish va telekoʻrsatuv uyushmasi 1928-yilda tashkil etilgan.

Adabiyoti eng qadimgi adabiyotlardan boʻlib, miloddan avvalgi 3ming yillikda paydo boʻlgan. Qadimgi Misr va qibt adabiyoti rivojlangan. Rasmiy va tarixiy voqealar bayoni, mehnat jarayonini kuylovchi qoʻshiklar kabi adabiy yodgorliklarning koʻpgina namunasi shoxlar sagʻanalari devorlariga yozib qoldirilgan. Oʻrta va Yangi shoxlik (miloddan avvalgi 16—11-asrlar) papiruslarida yozilgan koʻpgina rivoyatlar saqlangan. Ularning mu-alliflari maʼlum emas. Asosiy janrlari: ertak, rivoyat, madhiya, marsiya, duo, nasihat, masal, epos, ishqiy lirika kabilar. Milodiy 7—15-asrlarda arab adabiyoti shakllanib, ravnaq topdi. Adabiy janr va mavzular kengaydi. Yangi Misr adabiyoti turklar hukmronligi (16—18-asrlar) tufayli rivojlanmay qolgan edi. 19-asr boshlaridan Misr adabiyoti Yevropa mustamlakachilariga qarshi kurash taʼsirida arab tilida rivojlandi. 19-asrning 1-yarmida Muhammad Alining islohoti munosabati bilan Misrda dunyoviy maktablar ochildi, kitoblar nashr etila boshladi, birinchi arab gaz. chop etildi. Ana shu davrda Muqammad Abdo, Abdulloh Nodim, Adib Ishoq kabi maʼrifatparvar adiblar xorijiy kelgindilar zulmiga qarshi chiqib, ijtimoiy islohotlarning zarurligi haqida yozdilar, Mahmud Sami al-Barudiy (1837—1904) oʻz sheʼrlarida ingliz mustabidlariga qarshi kurashishga chaqirdi. Hofiz Ibrohim (1871 — 1932) va „shoirlar amiri“ Ahmad Shavqiy (1869—1932) ham oʻz asarlarida inglizlar hukmronligiga qarshi kurashni tasvirladi. Yangi Misr adabiyoti va publitsistikasining asoschisi Mustafo Komil (1874— 1908) ham oʻsha davrning yirik maʼrifatparvaridir. 1919—24 yillarda Misr xalqining inglizlarga qarshi qoʻzgʻolonlaridan keyin Toho Husayn, Tavfiq alhakim kabi adiblar samarali ijod qildilar. 20-yillar Misr adabiyotida maishiy mavzudagi novellalar asosiy oʻrinni egalladi. Uning asoschisi „Shayx Juma va boshqa hikoyalar“ nomli ilk novellalar toʻplami muallifi Mahmud Taymurdir. Salom Muso va Ibrohim Amin kabi keksa taraqqiypar-var adiblar ham mehnatkashlarning inglizlar hukmronligiga qarshi kurashini aks ettiruvchi asarlar yaratib, milliy ozodlik gʻoyalariga sodiq qoldilar. 20-yillarda Misr adabiyotida maishiy mavzudagi dramalar ham paydo boʻddi. Misr Tay-murning „Halokat“, Farax Antuanning „Yangi va koʻhna Misr“, Antuan Yazbekning „Uyda boʻron“ va „Qurbon“ pyesalarida zamonaviy mavzular oʻz ifodasini topgan. 20—30-yillarda atoqli dramaturg Ahmad Shavqiy qadimgi Misr adabiyoti tarixiga oid „Kleopatraning oʻlimi“, „Antara“ kabi sheʼriy temperaturagediyalar yaratdi. 30-yillarda sheʼriyat taraqqiyotida „Apolo“ („Apollon“) toʻgaragi muhim roloʻynadi. Misr adabiyoti Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda, ayniqsa, gurkirab rivojlandi. Bu davr adabiyotida demokratik gʻoyalarni kuylagan bir qancha isteʼdodli yoshlar paydo boʻldi. Tinchlik va kelajak uchun kurash adiblarning asosiy mavzui boʻldi. 40— 50-yillar hikoyanavisligida Abdurahmon alhamisiy va Abdurahmon ashSharkaviy ijodi asosiy oʻrinni egallaydi. Hamisiyning „Qonli koʻylak“, „Qotmagan qon“, „Biz oʻlmaymiz“ va Sharkaviyning „Bayroq“, „Markaziy koʻcha ortidan“ kabi toʻplamlarida milliy mustaqillik uchun kurash aks etgan. Xuddi shu mavzu romantik ruxda Yusuf asSiboyining „Yuragimni qaytarib ber“ va Ishoq Abdul Quddusning „Oʻyimizda erkak bor“ asarlarida oʻz ifodasini topgan. Bu davrdagi ijtimoiymaishiy mavzuni aks ettirgan romanlar diqqatga sazovor. Nagib Mahfuz inqilobgacha va undan soʻnggi davr haqida yirik asarlar yaratdi. „Ovloqkoʻchalar“, „Ibtido va institutiho“ nomli romanlari va „Bayn al-Qasrayn“, „As-Sukkariya“ trilogiyasi adibga shuhrat keltirdi. U 50-yillarda tanqidiy realizm anʼanalarini davom ettirib, zamonaviy mavzudagi „Kuzgi bedanalar“, „Yoʻl“, „Gado“ kabi romanlar yozdi. Misr jamiyati hayotida yuz berayotgan ijtimoiy hodisalarni aks ettirishga urinish adabiyotdagi asosiy yoʻnalishdir. 60—90-yillar adabiyotning dolzarb mavzudagi asarlari orasida al-Hitaniyning „Zaʼfaron“ koʻchasidagi hangomalar", al-Kuayidning „Misr diyoridagi jang“, „Qishki tush“, S Ibrohimning „Avgust yulduzi“ romanlari bor.

Meʼmorligi tahrir

Misr qadimgi meʼmoriy yodgorliklarga boy mamlakat. 4 ming yillik rivojlanish davrini oʻz ichiga oluvchi Qadimgi Misr meʼmorligida ehrom, maqbaralarning nodir shakl va turlari yaratildi. Bular jahon sanʼatining noyob namunalaridir. Yunon- Rim davri (milodiy 300 yil)da qadimgi meʼmoriy anʼanalar bilan yonma-yon yangi meʼmoriy obidalar yuzaga keldi. Xristianlik esa Bavit, Vodiy Na-trun, Soʻhoj sahrolaridagi monastirlarda aks ettirildi. Misrga arablar kelishi natijasida musulmon meʼmorligining rivojlanishiga asos solindi. Masjid, shoh saroyi, hammomlar va harbiy qalʼalar shahar meʼmorligining asosiy unsurlari boʻlib qoldi. Nilning sharqiy qirgʻogʻida qurilgan Fustat qalʼasi (640—41) arablarning Misrda qurgan dastlabki meʼmoriy inshootidir. 8—9-yillardayoq toʻgʻri burchakli, hovlili, atrofi ustunli ayvonlar bilan oʻralgan oʻziga xos masjid binolari paydo boʻldi (Amir masjidi, 641 — 827; Ibn Tulun masjidi, 876—79 va boshqalar). Fotimiylar Fustatni bosib olib, uning shimolda Misrning hozirgi poytaxti — Al Qohira (gʻolib)ni qurdilar (969). Fotimiylar (10—12-asrlar) va ayyubiylar (12—13-asrlar) davridan Qohirada koʻp masjidlar, inshootlar, shu jumladan, Qohiraning uch shahar darvozasi, Qohira qalʼasi qolgan. Mamluklar davri (13—16-asr boshlari)da katta masjidlar, madrasalar qurilishi mu-him oʻrin egalladi. Bu binolar bezagida koshinkorlik, tosh va oyna katta oʻrin oldi. 16-asrdan imoratlar, asosan, turk anʼanalari asosida qurildi. Masalan, Muhammad Ali masjidi (qalʼada, 1630—48). 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Misr meʼmorligida qadimgi milliy anʼanalarni tiklashga intilish kuchaydi. Biroq, ayni vaqtda Yevropa klassitsizmining ham taʼsiri zoʻraydi. Suvaysh kanalining qazilishi (1835—69) bilan yangi shaharlar: Port-Said, Suvaysh, Ismoiliya qurildi. Misrning oʻziga xos sharoitida Yevropa meʼmorligini tatbiq etish tajribasi faqat tashqi sifatlarni yuzaki ravishda qabul qilish yoʻli bilangina bordi. 20-asr boshlarida Qohira Gezir va Rod o.larida qurilgan yangi binolar hisobiga ancha kengaydi. 20-asrning 30—50-yillarida Misrning ijtimoiy va madaniy hayotida oldinga siljish yuz berishi natijasida Misr meʼmorligida zamonaviylik asosiy oʻrin egalladi. Iskandariya qayta qurilib, sharqda al-Muntaz, gʻarbda Ras at-Din qalʼalari bilan tutashdi. Oralikda istirohat bogʻlari, sport klublari qurildi. Misr xalqining mustaqillik uchun kurashi utmishdagi milliy merosni ijodiy tiklash bayrogʻi ostida oʻtdi. An-Naxda „Uygʻonish“ nomini olgan bu harakat, ayniqsa, adabiyot va sanʼatga kuchli taʼsir etdi, meʼmorlik ham bundan chetda qolmadi. Shu davrdagi Misr meʼmorlari oʻzining yangi yoʻnalishida jahrn zamonaviy meʼmorligining nazariya va amaliyotini inobatga olib bordi. Krxira (1955) va Iskandariya (1958) shaharlarini qayta qurish rejasi tuzildi. 60-yillarda yangi meʼmorlik uchun olib borilgan kurash, asosan, gʻalaba qozondi. Zamonaviy uslubda koʻpgina jamoat binolari (Qo-hira aeroporti, Iskandariyada „Falastin“ mehmonxonasi, Qohiraning yangi Madinat-an-Nosir tumani, 1959—62, bosh meʼmor Sayd Karim), Hukumat uyi, universitet shaharchasi, kasalxonalar, 100 ming oʻrinli stadion, sayyohlar markazi qurildi. Ularda oʻrta asr arab meʼmorligi anʼanalaridan ham foydalanilgan.

Tasviriy sanʼati tahrir

Misrda qadimgi sanʼat obidalari koʻp saqlangan (qarang Misr, Qadimgi Misr). Musulmon tasviriy sanʼ-atining bizgacha yetib kelgan ilk na-munalari fotimiylar davriga mansubdir. Fustatdagi hammom devoriga chizilgan rasmlar, tosh, yogʻoch, fil su-yagiga oʻymakorlik usulida ishlangan sozandalar, raqqosalar, chavandozlar qiyofalari, ov va ziyofat manzaralari, miniatyuralar, „Maqomot“ kitobiga ishlangan suratlar shu jumlaga kiradi. Ularning tasviriy uslubida yunon va qibt sanʼati anʼanalari taʼsiri seziladi. Oʻrta asr manzarali-amaliy sanʼatida kashta, toʻqima yoki bosma gulli matolar, rangbarang gulli so-pol buyumlar, togʻ billuridan tarashlab va oʻyib naqshlangan idishlar, sirkorlik bilan ishlangan shisha buyumlar, nafis oʻyma va qadama anjomlar, jimjimador yogʻoch mehroblar, minbarlar yasash keng urf boʻldi. Misrdagi arab sanʼatining barcha turlarida naqsh va husnixat alohida oʻrin oladi. 10— 12-asrlar sanʼat asarlarining bezaklarida odam va jonivorlar tasviri koʻp uchraydi, keyingi davrlarda esa tabiat va oʻsimliklar tasviri, turli chiziqdar ustunlik qildi.

19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Misrda yangi tasviriy sanʼat vujudga keldi. Bu voqea, bir tomondan, yangi davrdagi yevropalik ustalar tajribasi va sanʼatini oʻzlashtirish, ikkinchi tomondan, milliy ozodlik harakati taʼsirida qadimgi va oʻrta asr milliy badiiy anʼanalarini qayta tiklash muddaosi bilan izoxlanadi. Zamonaviy Misr sanʼati nisbatan yosh. Ilk davrda u gʻarb modern oqimlari taʼsirida boʻlsada, tezlikda milliy anʼanalar va qadimgi merosni oʻrganishga kirishdi. Yangi sanʼ-atning asoschilari Mahmud Muxtor va Mahmud Saidning ijodi 20-asrning 20—30-yillarida gullash davrini boshdan kechirdi. Bularga 40-yillarda yangi davr sanʼatining yirik vakili Muhammad Nagʻi qoʻshildi. Ularning ijodi oʻz xalqining qadimgi badiiy madaniyatiga intilishi, insonparvarligi va xalqparvarligi bilan ajralib turadi. Muxtorning yirik asarlaridan „Uygʻonayotgan Misr“ monumenti keng shuhrat qozongan. Nagʻining „Efiopiya hayotidan parcha“, „Pardoz“, „Qohiradagi koʻprik“ va boshqa asarlari mashhur. 1952-yilgi inqilob yosh realist rassomlar: manzarachi Georg Sabax, Labib Tadros, Said as-Sadr, portretchi Husan Bakar, Latif Nasim, Muhammad Uvays va boshqalarning ijodiga keng yoʻl ochdi. 50-asrlar rassomligida bezak kartinalar ham keng tarqaldi. Mashhur Jamol as-Sagʻinning „Ozodlik“, „Tinchlik gʻalabasi“, „Afrikaning uygʻonishi“ kabi ramziy haykallari muallifning insonparvarlik, xalq gʻalabasiga ishonchidan dalolat beradi. Haykaltaroshlardan Misr Muso, A. Usmoniy, haykaltarosh va rassom Dia Sakkoflar milliy mavzuni ifodalashning realistik usullariga murojaat etadilar. Baʼzi yosh rassomlar Gʻarbdagi eng yangi modernistik oqimlar yoʻlidan borishga intiladi. Anʼanaviy manzarali-amaliy sanʼat turlari, suyak, yogʻoch, metall oʻymakorligi, zargarlik, toʻquvchilik, kulollik taraqqiy etgan. Suratkashlik ham rivojlandi: Abdul Vofiy, Fuod, Izzat, al-Buxgoʻri, Zuxdiy Roha va boshqa xalq amaliy sanʼatida chinni, oyna, tosh va zamonaviy sintetik materiallardan foydalanila boshladi. Qohiradagi nafis sanʼat maktabi badiiy institutga aylantirildi.

Musiqa — Misr madaniy qayotining ajralmas qismi. Qadimgi dramatik diniy janrlardan tortib maqamlargacha mashxur. Arab maqamlari Sharkdagi boshqa xalqlar orasiga ham yoyilgan. Cholgʻu as-boblari benihrya xilma-xil. Mustamlakachilik asorati Misr madaniyati taraqqiyotiga gʻov boʻldi. Said Darvish (1892—1923) yangi Misr musiqasining qaldirgʻochidir. Uning yorqin vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlari koʻpgina arab mamlakatlariga yoyilgan. „Al-Barux“, „Shahrizoda“, „Oʻnlik gʻishtin“ kabi musiqali sahna asarlari Misr zamonaviy musiqasiga asos boʻldi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Misr musiqasida konsertlar katta oʻrin oldi. Yangi konsert janrlari vujudga keldi. 1910—20 yillarda arab operettasi degan janr yuzaga keldi. Kompozitor S. Darvish bu janrning eng atoqli ar-bobi edi. 1914-yilda Koxirada asos solingan musiqa klubi keyinchalik Sharq musiqasi maktabiga (1929-yildan Arab musiqasi institutiga) aylantirildi. 1927-yilda Misr musiqa jamiyati tashki l etildi.

1952-yil inqilobidan soʻng Misr musiqiy hayoti jonlandi. Bir qator oʻrta va oliy oʻquv yurtlarida musiqachilar tayyorlana boshladi. 60—80-yillarda, ayniqsa, shaharlarda ommaviy musiqa keng yoyildi. Qohira konservatoriyasi poytaxt opera teatrining milliy kad-rlar oʻchogʻidir. 1962-yilda Kohirada Operetta teatri ochilgan. Misr musiqasida yangi gʻoyaviybadiiy zamin kuchaydi, mahalliy mavzularga eʼtibor koʻpaydi. Misr sanʼatkorlari orasida Um Kulsum, Shams, Sagʻira, Shodiya, Fayz, Ahdam, Saboh singari yakkaxonlar mashhur.

Teatri tahrir

Misrda teatr sanʼati unsurlari eng qadimgi diniy marosim va bayram tomoshalariga borib taqaladi. Oʻrta asrlarda soya teatri boʻlgan. Mamluklar hukmronligi urf-odatlarini mazah qiluvchi komediyalar muallifi Ibn Daniala bu teatrning taniqli arbobi edi. Bu davrda qoʻgʻirchoq teatrlari ham keng yoyildi. „Araguz“ qoʻgʻirchoq teatri, ayniqsa, mashhur boʻldi. 1869-yilda Suvaysh kanali tantanali ochilishi munosabati bilan Opera teatri qurildi va J. Verdining „Rigoletto“, 1871-yilda „Aida“ operalari koʻrsatildi. 1869-yilda Yo. Sannua rahbarligida birinchi milliy professional teatr truppasi tashkil etildi va oʻzining arab tilidagi operettasini koʻrsatdi. Keyinchalik Qohira va Iskandariyada ham professional drama teatrlari ochildi. Bular orasida I. Farrah tomonidan tuzilgan (1891) teatr truppasi ijodi milliy musiqali dramaga asos boʻldi. Koʻpgina havaskorlik jamoalari ham ishladi. Misr teatri taraqqiyotining keyingi davri J. Abyod, Misr Taymur, Yu. Vahbiy, T. Alxakim kabi isteʼdodli teatr arboblari nomi bilan bogʻliq. 1920-yilda „Al-Ezbakiya“ teatri, 1923-yilda Y. Vahbiy boshchiligida „Ramzes“ teatri, 1933-yilda „Milliy truppa“, 1935-yilda Alxakim boshchiligida „Milliy teatr“ tashkil etildi. Misr sekin-asta arab teatr madaniyatining markaziga aylandi. 1952-yilgi inqilobdan keyin arab xalqlari hayotidagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarish milliy sanʼat, jumladan, teatr sanʼati taraqqiyotida muhim rol oʻynadi. Qohiradagi Milliy teatr, Xalq teatri, „Arab teatri“ kabi davlat teatrlarining faoliyati yangi bosqichga koʻtarildi. Teatr sanʼati instituti (1952), „26-iyul teatri“ (1959), „Al-Jumhuriya“ (1961) teatri ochildi. Qohirada xususiy teatrlar ham bor. Iskandariyadagi Muhammad Ali teatr truppasi, „Kleopatra“ teatri, Milliy teatr, shuningdek, Qohira, Port-Said, Damanhur, Tanta kabi shaharlardagi havaskorlik truppalari ham mashhur. Teatrlar repertuarlaridan Yo. Sannua, Yu. Vahbiy, A. Ezbak, T. Alxakim, Misr Taymur, A. Farrah, Yu. Idris kabi milliy hamda jahon klassiklarining asarlari oʻrin olgan. Ularda Misr koʻcha xalq teatri usullaridan ham foydalaniladi. Sahna sanʼatining boshqa turlari kabi xalq raqs sanʼati ham qadimiydir. Har bir teatr truppasi raqsga katta oʻrin beradi. Mumtoz baletga qiziqish Misr sahnasiga Gʻarb mumtoz baletining kirib kelishi bilan boshlandi. Mamlakatda xususiy balet maktablari tashkil etildi, qobiliyatli yoshlar balet sanʼatini oʻrganish uchun Yevropa shaharlariga yuborildi. 1959-yilda milliy xoreografiya maktabi ochildi.

Kinosi tahrir

1896-yilda Iskandariyada birinchi kinoteatr ochilgan, unda xorijiy filmlar koʻrsatilgan. 1912-yilda hujjatli lentalar ishlab chiqarila boshlagan. Dastlabki arab badiiy filmlari — „Jar yoqasida“ va „Uzilgan gul“ 1917 va 1918-yillarda ekranga chiqarilgan boʻlsada, ularni muttasil ishlab chiqarish 1927-yildan boshlangan. Ilk arab ovozli filmlari („Laylo“, rejissor A. Jalol; „Qalb qoʻshigʻi“, rejissor J. Abyod va Nadra; „Boylarning bolalari“, rejissor Misr Karim) 1931-yilda Parijda suratga olingan. 30-yillar oxiri — 40-yillar boshida milliy kinoni rivojlantirish harakati boshlandi. 1935-yilda Qohirada „Misr“ milliy kinostudiyasining ochilishi bilan arab kinematografiyasi tez rivojlana boshladi. 1927—38 yillar mobaynida 70 ta kinofilm, 1952-yildan esa har yili 60—70 tadan kinofilm ishlab chiqarildi va Misr kinematografiyasi xalqaro miqyosda tanila boshladi. „Yurakdagi oʻq“, „Oq gul“ (rejissor Misr Karim), „Doʻzax osmoni“, „Jamila“ (rejissor Yu. Shaxin), „Iroda“ (rejissor K. Salim), „Sevgi va koʻz yoshlari“ (rejissor K. ash-Shayx), „Qora koʻzoynak“ (rejissor X. Mustafo) kabi arab filmlari mamlakat va chet el kinoekranlarida shuhrat qozongan. 1963-yilda Kino, radio va telekoʻrsatuv bosh boshqarmasi tuzildi. 60-yillarda G. Barakatning „Gunoh“, T. Salohning „Qahramonlar kurashi“, S. Sayfining „Sevish mavridi emas“ filmlarida xotin-qizlar ozodligi masalasi, Yu. Shaxin, K. ash-Shayxning filmlarida dehqonlar va ziyolilarning ongi uygonishi muammolari koʻtarildi. 70—80-yillarda ekranga chiqarilgan badiiy tasmalar xalq hayoti, turmush jumboqlari, maorif islohoti va boshqa mavzularga bagʻishlangan. 1975-yildan milliy kino festivallari, 1976-yildan Qohira xalqaro kinofestivallari muntazam oʻtkazila boshladi. Misrning koʻplab filmlari Jeneva, Bayrut, Toshkent kinofestivallarida oltin sovrin va faxriy yorliqdar bilan taqdirlangan. Mamlakatda 8 ta kinostudiya, 350 ta kinoteatr bor.


Manbalar tahrir

  1. „Population Estimates By Sex & Governorate 1/1/2021 (Theme: Population - pg.4)“. Capmas.gov.eg. Qaraldi: 8-iyul 2021-yil.
  2. „Population of Egypt Now (PopulationClock)“. www.capmas.gov.eg. Qaraldi: 8-iyul 2021-yil.
  3. 3,0 3,1 „World Economic Outlook Database, Oktabr 2019“ (en). IMF.org. Xalqaro valyuta fondi. Qaraldi: 14-dekabr 2019-yil.