Zebunniso begim
Zebunniso begim (1643 Dehli — 1721) — shoira, maʼrifatparvar. Boburiylar sulolasidan Avrangzebning qizi. Onasi Dilrasobonu Gulbadan begimning avlodi. Bareliy ("Tazkirai shoiroti urdu" — "Urdu shoirlarining tazkirasi"), Sherxoni Ludiy ("Mirot ul-xayol" — "Xayol oynasi"), Hakimxon Toʻra ("Muntaxab ut-tavorix" — "Tanlangan tarixlar"), Fazliy ("Majmuai shoiron" — "Shoirlar majmuasi") va b. tarixchi va tazkiranavis olimlar asarlarida Zebunisobegim hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar uchraydi. Otasi Avrangzeb qizida sheʼr va shoirlikka mayl sezgach, oʻsha davrning mashhur olimi Mullo Muhammad Sayd Ashraf Isfaxoniyni unga muallim qilib tayinladi. Zebunisobegim bu olimning tarbiyasida zabardast shoira, olima, sozanda va xattot boʻlib voyaga yetdi. Soʻngra ilohiyotga oid bir asar yozib, uni shu ustoziga bagʻishladi. Zebunisobegim oʻzbek, fors, arab tillarining sarfu nahvi (morfologiya va sintaksis)ni oʻzlashtirgan. Xusrav Dehlaviy, Navoiy, Bobur asarlarini sinchiklab oʻrgangan. Hindiston olimlari, shoirlari va sanʼat ahllariga koʻp gʻamxoʻrliklar qilib, oʻz zamonida ilm va sanʼatning rivojlanishiga zoʻr taʼsir qilgan. Oʻsha zamonning koʻp olimlari shaxsan Zebunisobegimdan maosh olar edilar. Shuning uchun ham tarixchilar unga kjsak baxr berib, Zebunisobegim otasi hukmdorlik bilan qozona olmagan shuhratni ilm va odob bilan qozongan deb taʼkidlaydilar.
Zebunniso begim | |
---|---|
![]() | |
Tavalludi | 1643 |
Vafoti | 1721 |
Ijod qilgan tillari | Fors tili |
Fuqaroligi | Boburiylar davlati |
Yoʻnalish | Nazm |
Janr | Gʻazal |
Ijodi Tahrirlash
Shoira ijodining shakllanishi va kamolga yetishida adabiy muhitning taʼsiri kuchli boʻlgan. Akasi Aʼzamshohning adabiyotga qiziqishi, uyida boʻlib turadigan mushoiralar unda sheʼriyatga havas uygʻotadi. Yetuk shoir va olimlar bilan tanishadi. Ayniqsa, Zebunisobegim ning Bedil bilan mushoiralar qilishi ikki buyuk talant mehnatiga barhayotlik bagʻishladi.
Shoira murakkab, ziddiyatli bir davrda yashab, ijod etdi. 19 yoshidayoq kup ayanchli voqealarning shohidi boʻldi. Avrangzeb saltanat uchun kurashda akasi Doroshukuh, ukalari Murodbaxsh va Shohshujoʼlarni yengib, taxtni egallaydi (1658), kasalmand otasi Shohjahonni 16 yil uy qamogʻida asraydi. Oʻz oʻgʻli Akbarni taxt uchun kurashda ayblaydi. Qizi — Z.b.ni ham bu ishda hamfikr hisoblab, Dehlidagi Salimgarhi qoʻrgʻonidan chiqarmaydi. Mamlakatdagi notinch hayot, saltanat uchun kurashning avj olishi shoira dunyoqarashini tubdan oʻzgartirdi. Zebunisobegim ijodida ijtimoiyfalsafiy fikrlar chuqurroq ildiz ota boshladi. Dastlabki sheʼrlaridayoq tabiat tasviri orqali insonning orzuumidlarini, adolat va haqiqatni kuyladi. Rostlikni, haqqoniylikni targʻib qildi, aldamchi, firibgarlardan nafratlandi ("Agar jannatni vaʼda qilsada, u odam soʻziga aldanma..."). Zebunisobegim ijodining baʼzi tomonlari Bedil falsafasiga hamohang . Shoira insonning goʻzalligi keltirgan foydali ishida, mehnatida, qadrqimmati uning maqsadida deb biladi.
Zebunisobegimning asosiy mashgʻuloti sheʼriyat, musiqa, ilm boʻlgan. U butun huzurhalovatni, takdir va baxtni, kishilar orzu qilgan jannatni ham kitobda — ilmda, deb bilgan. Lirik sheʼrlar bilan birga odob va axloqqa oid "Zeb uttafosir" ("Goʻzal tafsirlar"), "Zeb unnashot" ("Nashʼalar ziynati") va tasavvuf falsafasiga doyr "Munis ularvoh" ("Ruhlarning sodiq doʻsti") kabi risolalar ham yozgan. Sheʼrlari ajdodlarining yurti Markaziy Osiyoda, Hindiston, Afgʻoniston, Eron, Pokiston va boshqalar Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. Gʻazallari oʻzbek xalqining sevimli qoʻshiklariga aylangan. Hoziq, Xiromiy, Nodir, Sobir Abdulla va boshqalar Zebunisobegim gʻazallariga muhammaslar bogʻlaganlar.
Shoiraning sheʼriy merosi bizgacha toʻliq yetib kelmagan. 8000 misrali bir devoni (gʻazallari), 7 qasidasi, 5 tarjeʼband va bir muhammasigina saqlanib qolgan. Baʼzi manbalarda shoiraning "Maxfiy" taxallusi bilan ijod qilgani aytiladi. 19-asr 2-yarmi — 20-asr boshlarida koʻchirilgan "Devoni Maxfiy" Zebunisobegimga nisbat beriladi. Zebunisobegim asarlari qoʻlyozmasi dunyodagi koʻpgina kutubxonalarda, shu jumladan, Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik intida saqlanadi (inv. № 2590, 1269, 1936). Dehlidagi "Zarzari" qabristoniga Nizomiddin Avliyo, Amir Xusrav Dehlaviy yonida dafn etilgan.
Adabiyot Tahrirlash
- Jalolov T., Oʻzbek shoiralari, T., 1980.
Begali Qosimov.[1]
Manbalar Tahrirlash
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |