Lohur
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Lohur — Pokistonning shimoliy-sharqiy qismidagi shahar. Ravi daryosining chap sohilida. Panjob viloyatining maʼmuriy va iqtisodiy markazi. Kattaligi va iqtisodiy mavqei jihatidan mamlakatda Karochi shahridan keyin 2-oʻrinda. Aholisi 5,1 mln. kishi (1998). Lohur milod boshlarida bunyod etilgan.X asrda hind rojaligining markazi.XI asr boshida Mahmud Gʻaznaviy hukmronligi ostiga oʻtgan. 1099—1114 va 1153—86-yillarda Gʻaznaviylar davlatining poytaxti boʻlgan. 1240-yilda moʻgʻullar, 1342 va 1398-yillarda xoxorlar, 1398-yilda Amir Temur askarlari egallagan. Dehli sultonligi va Boburiylar saltanatida Panjob noibligining markazi.XVI—XVII asrlarda Boburiylarning muvaqqat qarorgohi, XVIII asrda Nodirshoh va Ahmadshoh Durroniy qoʻl ostida boʻlgan. 1799—1849-yillarda sekxlar davlati, 1849—1947-yillarda ingliz mustamlakachilariga tobe boʻlgan. 1947—55-yillarda Panjob provinsiyasining, 1955—70-yillarda Lohur viloyati va Gʻarbiy Pokistonning, 1970-yil iyuldan Panjob viloyatining maʼmuriy markazi.
Lohur — transport yoʻllarining muhim tuguni. Aeroporta xalqaro ahamiyatga ega. Pokistonning savdo-moliya va diniy markazi. Lohur va unga yoʻldosh shaharlarda toʻqimachilik (ip va jun gazlamalar, shoyi), oziq-ovqat, rezina-texnika, koʻnpoyabzal, metallurgiya, metallsozlik va mashinasozlik (qishloq xoʻjaligi mashinalari, transport jihozlari, nasoslar va elektrotexnika buyumlari ishlab chiqarish), oyna-shisha korxonalari, temir yoʻl ustaxonalari, issiklik elektr stansiyasi, gugurt fabrikasi mavjud. Lohur — hunarmandchilik (oltin va kumush buyumlar tayyorlash, gilam toʻqish, kashtachilik va naqqoshlik)ning qad. markazi.
Panjob universiteti (1882-yildan), muhandislik-texnologiya universiteti, Sanʼat milliy kolleji, Markaziy muzey, Sanʼat va savdo muzeyi, Texnologiya muzeyi, Lohur qalʼasi muzeyi (Boburiylar davriga oid) va boshqa muzeylar, shahar chetida Shalimor bogʻi, Jaqongir maqbarasi (1626) bor.
Lohurda meʼmoriy yodgorliklardan qalʼa (1570), Jahongir saroyi (1617), Marvarid masjid (1645), Vazirxon masjidi (1634), Oltin masjid (1753), universitet binosi va boshqa saqlangan.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |