Davlatshoh Samarqandiy
Davlatshoh Samarqandiy (toʻliq ismi Davlatshoh ibn Alouddavla Baxtishoh as-Samarqandiy) (taxminan 1436/37—95) — oʻzbek[1] shoiri, adabiyotshunos va davlat arbobi. Otasi Shohruxning nufuzli amirlaridan boʻlgan. D.S. zamonasining yirik olimi Fazlulloh Samarqandiy qoʻlida tahsil koʻrgan. 1480 y.gacha saroy xizmatida. Umrining oxirlarida saroy va harbiy xizmatlarni tark etib, ijod bilan shugʻullangan. Turkiy va forsiyda yozgan. D.S.ga shuhrat keltirgan yirik asari "Tazkirat ushshuaro"dir ("Shoirlar tazkirasi", 1486 yilda yozib tugʻallangan). Tazkiralar Alisher Navoiyga bagʻishlangan boʻlib, juda kup ilmiytarixiy manbalar asosida yaratilgan. Asar muqaddima, yetti bob (tabaqa) va xotimadan tashkil topgan. Muqaddimada asarning yozilish sabablari hamda Labid (7-asr), Mutanabiy (915—965), Abu Aʼlo al-Maariy (973—1058) kabi 10 nafar mumtoz arab shoiri haqida yozilgan, asosiy boblarda esa 10—15-asrlarda Movarounnahr, Xuroson va qoʻshni mamlakatlarda yashab ijod etgan 150 dan ortiq shoir va olimlar faoliyati tadqiq etilib, ularning tarjimai holi haqida maʼlumot va asarlaridan namunalar keltirilgan. Tazkiraning xotima qismida D. S bilan zamondosh boʻlgan Jomiy, Navoiy, Xoja Afzaliddin Muhammad, Amir Ahmad Suhayliy, Xoja Shahobiddin Abdulla Marvarid hamda Xoja Osafiylar haqida maʼlumot berilgan. Tazkira 10— 15-asrlardagi adabiy jarayon, uning namoyandalari hayoti, ijodini hamda madaniy, ilmiy va tarixiy sharoitni oʻrganishda muhim manba. "Tazkirat ush-shuaro" Hindiston (1887, 1924), Angliya (1901), Tehron (1958, 1960) da toʻliq nashr etilgan. Ayrim qismlari rus, ingliz, fransuz, nemis, turk, oʻzbek tillariga tarjima qilinib, chop etilgan. D. S. ijodini oʻrganish 15-asrda Alisher Navoiy tomonidan boshlangan. Keyinroq ingliz (Braun E.), nemis (Hammer), fors (Muhammad Abbosiy, Muhammad Ramazoniy, Ahmad Gulchin Maoniy), rus (E.Ye. Bertels), oʻzbek (N. Malyaayev, B. Ahmedov) olimlari D. S ijodini oʻrgandilar.
AdabiyotTahrirlash
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Navoiy A., Asarlar [15 jildli], 12-j., T., 1966;
- Ahmedov B., Davlatshoh Samarqandiy, T., 1967.
ManbalarTahrirlash
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |