Bosh menuni ochish

Saroy — oʻzbeklar tarkibiga kirgan yirik qabilalar uyushmasi. S.lar etnik birlashma sifatida 14—15-asrlar davomida Dashti Qipchokda shakllangan boʻlib, 16-asrda boshqa oʻzbek qabilalari bilan hozirgi Oʻzbekiston xududiga kelib joylashgan. S.larning kichik bir guruhi qozoqlarning argʻin qabilasi tarkibida ham mavjud boʻlgan. 1924—26 yillarda oʻtkazilgan aholi roʻyxatida Oʻzbekiston hududida yashovchi S.larning soni 50 mingdan ortiq boʻlib, ulardan 18 ming kishi Buxoro vohasida (Harqonrud, Vobkentdaryo, Shahrud, Sultonravot, Poykend, Pirmait ariqlari boʻylab), 20 ming kishi Karmana vohasida, Narpay va boshqa ariqlar boʻyida yashaganlar. S.larning katta bir qismi (15,5 ming kishi) Qashqadaryo vodiysida (Shahrisabz va Qarshi vohalarida, Samar togʻining jan. yon bagʻirlarida, Qashqadaryoning yuqori oqimida) yashashgan. S.larning ayrim guruxlari Jom choʻlida (6 ming), Koʻhitang togʻ yon bagʻirlarida (1 ming), Miyonkolda (3 ming), Samarqandning jan.gʻarbida (1,5 ming), Nurota togining jan. yon bagʻirlarida (3 ming) Jizzax atrofida (1,7 ming) yashagan. S.larning kichik guruxlari Fargʻona vodiysida hamda Afgʻonistonda, Mozori Sharif va Balx atrofida istiqomat qilganlar.

S.larning tarkibida bir qancha kichik va katta qabilalar mavjud boʻlgan. Mac, azsaroy, qipchoqsaroy, qirgʻizsaroy, naymansaroy va boshqa Bularning har biri, oʻz navbatida, yana bir qancha urugʻlarga boʻlingan. Yuqorida keltirilgan boʻlim (qabila) nomlaridan maʼlumki, S.lar tarkibiga S. boʻlmagan juda koʻp boshqa etnik guruhlar (az, majar, qipchoq, qirgʻiz, qoʻngʻirot, va boshqalar) kirgan. S.lar 20-asrning boshlarida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy oʻzgarishlar sababli birbiri bilan aralashib oʻzbek xalqi tarkibiga singib ketgan.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil