Yunus Rajabiy (1897-yil 5(17)-yanvar, Toshkent — 1976-yil 23-aprel) — bastakor, xonanda va sozanda (nay, dutor), oʻzbek musiqa merosini toʻplovchisi. Oʻzbekiston xalq artisti (1953), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik (1966). "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi[1].

Yunus Rajabiy
Tavalludi 17-yanvar 1897-yil
Vafoti 23-aprel 1976-yil(1976-04-23)
(79 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi SSSR
Mukofotlari

Madrasada, keyinchalik Turkiston xalq konservatoriyasida (1919–23-yillar), Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kursi (1934-yil) hamda Moskvada tashkil etilgan bastakorlar kursida (1940–41-yillar) taʼlim olgan. Dutor chalishni Mirza Qosimdan, keyinchalik oʻzbek mumtoz musiqa merosini Shorahim Shoumarov, Hoji Abdulaziz, Toʻychi hofiz, Domla Halimlardan oʻrgangan. Samarqand pedagogika bilim yurtida musiqa oʻqituvchisi (1923–25-yillar). Samarqand teatrining musiqa rahbari (1925–27-yillar), Oʻzbekiston radiokomiteti qoshidagi xalq cholgʻu asboblari ansambli (keyinchalik xalq cholgʻulari orkestri) tashkilotchisi va badiiy rahbari (1927–42, 1945–59-yillar), Yangiyoʻl teatri musiqa rahbari (1942–45-yillar), Oʻzbekiston teleradiosining „Maqom“ ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari (1959–76-yillar). Yoshligidanoq shirali va taʼsirchan ovozga ega boʻlgan isteʼdodli xonanda va mohir sozanda sifatida tanilgan. Uning repertuaridan maqom parchalari, „Girya“, „Ushshoq“, „Koʻcha bogi“, „Eshvoy“, „Kurd“, „Qalandariy“, „Gulyor—Shahnoz“, „Bayet“, „Dugohi Husayniy“, „Chorgoh“, „Miskin“, „Nasrulloyi“ kabi ashula va kuy turkumlari oʻrin olgan. U bir qancha qadimiy oʻzbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlab tiklagan: „Subhidam“, „Yolgʻiz“ „Sayqal“, „Figʻon“, „Oraz“, „Begi Sultan“ va boshqa Ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yu. R. oʻzbek musiqali dramasining shakllanishiga muhim hissa qoʻshgan. Dastlab „Farhod va Shirin“ (Xurshid, 1922–25-yillar, Sh. Shoumarov bilan hamkorlikda), „Layli va Majnun“ (Xurshid, 1926), „Rustam“ (U. Ismoilov, 1933), „Avaz“ (A. Hidoyatov, 1935-yil), „Xolisxon“ (Hamza, 1940-yil) kabi spektakllarga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan. Keyinchalik B. Nadejdin bilan hamkorliqsa „Qasos“ (A. Umariy, Uygʻun, 1941-yil), N. Mironov bilan „Qoʻchqor Turdiyev“ (S. Abdulla, Chustiy, 1942-yil), Georgiy Mushel bilan „Muqanna“ (H. Olimjon, 1943-yil), O. Halimov bilan „Nodira“ (S. Kosimov, Ya. Mamatxonov, 1942-43-yillar), B. Zeydman bilan „Oʻgʻil uylantirish“ (H. Fylom, 1964-yil), Sayfi Jalil bilan „Navoiy Astrobodda“ (I. Maxsumov, 1968-yil) singari musiqali dramalarni yaratgan. U „Zaynab va Omon“ operasi (1958-yil; B. Zeydman, D. Zokirov va T. Sodikrvlar bilan) ning yozilishida ishtirok etgan.

Yunus Rajabiy, shuningdek, „Fabrika yallasi“, „Bizning davron“, „Mirzachoʻlda tuy“, „Oʻzbekiston“, „Yangrasin Gulyor“, „Dugonalarga“, „Kadah“, „Koshki“, „Gul sochar“, „Judo“, „Raʼnolanmasun“, „Chapandoz“, „Kuygay“ kabi qoʻshiq va ashulalar, „Oʻyin Bayoti“, „Oʻyin Dugohi“, „Paxta“ singari rake kuylari yaratgan.

Yunus Rajabiyning, ayniqsa, oʻzbek musiqa merosini toʻplashdagi xizmatlari katta. U 1935-yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Natijada Ye. Romanovskaya va Il. Akbarov tuzgan „Oʻzbek xalq qoʻshiqlari“ (1939) toʻplamidan Yunus Rajabiy notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi urin olgan. 1955–59-yillarda Yunus Rajabiy 5 jildli „Oʻzbek xalq musiqasi“ (I. A. Akbarov taxririda) tuplamini nashr ettirdi. Unga mingga yaqin turli janrdagi oʻzbek (bir kancha tojik, uygʻur) kuy va ashulalari, Buxoro Shashmaqomi, Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari, katta ashulalar, 20-asr bastakorlari (Hamza, K. Jabborov, N. Hasanov, S. Kalonov, F. Sodiqov, T. Jalilov, M. Mirzayev va boshqalar)ning asarlari kiritilgan. „Maqom“ ansambli bilan ishlashi jarayonida Yunus Rajabiy Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini (1966–74, F. Karomatov taxririda) hamda grammplastinka yozuvlar mukammal to‘plamini (Toshkent grammyozuvlar studiyasida, 1970-yillar) tayyorladi.

T. Sodikov, D. Zokirov, D. Soatqulov, F. Sodikrv, N. Hasanov, K. Jabborov, S. Kalonov, K. Moʻminov, O. Imomxoʻjayev, B. Dovidova, K. Ismoilova, O. Alimahsumov, T. Alimatov va boshqa sanʼatkorlar Yunus Rajabiyning shogirdlaridir. Yunus Rajabiy Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni (2000) bilan mukofotlangan. Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi „Maqom“ ansambli, Jizzax musiqali drama va komediya teatri, Toshkent musiqa pedagogika bilim yurti, Toshkentdagi koʻchalardan biri, metro bekati Yunus Rajabiy nomi bilan yuritiladi. Uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan „Yunus Rajabiy“ („Oʻzkinoxronika“ studiyasi, 1967; „Oʻzbektelefilm“ studiyasi, 1990), „Umr daftari“ (Oʻzbekiston televideniyesi, 2001) filmlari suratga olingan. Yunus Rajabiy 1957–76 yillar yashab ijod etgan uy (Toshkent, Yunus Rajabiy koʻchasi, 20)da 1997-yilda Rajabiy uymuzeyi ochilgan. 2001-yil Yunus Rajabiy madaniyat markazi tashkil etilgan.[2]

Adabiyot

tahrir
  • Ahmedov M., Yunus Rajabiy, 2nashri, T., 1980
  • Akbarov I. Yunus Rajabiy, M., 1982
  • Rajabiyxonlik, T., 1993
  • Rajabiyxonlik, T., 1994
  • Gʻofurbekov T., XX asr oʻzbek musiqasi va Yunus Rajabiy. Musiqa ijodiyoti masalalari, T., 1997.

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir